Breaking News

AQShda vitse-prezident ilk bor ayol kishi bo'ladi


55 yoshli Kamala Harris muhojirlar farzandi
55 yoshli Kamala Harris muhojirlar farzandi

Kaliforniya senatori Kamala Harris prezidentlikka saylangan Jo Baydenning muovini bo'ladi. Boshida o'zi ham prezidentlikka da'vogarlik qilgan Harris partiyaviy saralash bosqichida imkoniyatni boy berib, bellashuvdan chiqqan edi. Bayden uni vitse-prezidentlik uchun munosib ko'rdi.

Qora tanli ayolning vitse-prezidentlikka tanlanishi - siyosiy jihatdan muhim qaror. Bu bilan Bayden xotin-qizlar, qora tanlilar va muhojirlarning Amerikada voyaga yetgan avlodlari ko'ngliga yo'l izladi.

Barak Obama AQShning ilk qora tanli prezident bo'lgan, lekin shu paytgacha bu mamlakat ayol vitse-prezident yoki qora tanli vitse-prezident ko'rmagan. Nomzodlikning o'zi bilan Kamala Harris tarix sahifalaridan joy oldi.

2021-yilning yanvaridan esa vitse-prezidentlik lavozimiga kirishadi.

55 yoshli Harris Senatga 2016-yilda saylangan. Senatorlar olti yillik muddatga egaligini hisobga olsak, Vashington uchun u nisbatan yangi siyosatchi.

Harris ham Bayden singari Amerika ayni damda chuqur inqirozda deb hisoblaydi - iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy jihatdan. To'qqiz milliondan oshiq amerikalik koronavirus yuqtirdi. Millionlab fuqarolar ishsiz.

AQSh hamon pandemiya changalida ekan, ochilish uchun hali ko'p dovonlarni bosib o'tishi kerak. Bu borada adolatsizlikdan noligan omma namoyishlarga chiqib turibdi.

Prezident vazifasini bajara olmay qolsa, vitse-prezident davlatni boshqaradi
Prezident vazifasini bajara olmay qolsa, vitse-prezident davlatni boshqaradi

Bayden deydiki, Tramp davlatni boshqara olmadi va prezidentlikdan ketishi shart edi. Aksariyat saylovchilar buni tushundi va demokratlarga imkon berdi, deydi u.

Harris vitse-prezidentlikka tanlanganidan boshi osmonda ekanini qayd etib, Amerika xalqidan unga ishonishni so'ragan.

"Biz davlatimizni to'g'ri yo'lga yetaklaymiz va pandemiyadan tezroq va samarali chiqishni ta'minlaymiz", - deydi u.

Biroq Kamala Harris Kaliforniya shtati prokurori bo'lgan paytida irqchilik va politsiya zulmiga ko'z yumgan, deya tanqid qiluvchilar talay. Harris bu tanqidlarga muvozanat zarurati haqida gapirib, javob berishga urinadi. Huquq va tartib, erkinlik va tenglik eng muhim talablar va ularni ta'minlash mumkin, deydi Harris, lekin oltin oraliqni topish kerak.

Bayden sakkiz yil davomida vitse-prezidentlik qilgan. Undan oldin esa uzoq yillar senator bo'lgan. Hayotini katta siyosatda o'tkazib kelayotgan shaxs.

Amerikada prezidentlikka hozirgacha eng yaqin kelgan ayol: Hillari Klinton. 2016-yilda u Trampga yutqazgan.

55 yoshli Kamala Harris Kaliforniya shtati farzandi. Otasi Yamaykadan, onasi esa Hindistondan.
55 yoshli Kamala Harris Kaliforniya shtati farzandi. Otasi Yamaykadan, onasi esa Hindistondan.

1984-yilda demokrat Jeraldin Ferraro, 2008-ylda esa respublikachi Sara Peylin vitse-prezidentlik uchun tanlangan. Har ikki hol mag'lubiyat bilan tugagan.

Bayden inauguratsiya paytida 78 yoshga kirgan bo'ladi. Vazifasini bajara olmay qolsa, o'rniga vitse-prezident o'tiradi. U holda, 2024-yildagi saylovgacha Harris davlat rahbari bo'ladi.

Harris - muhojirlar farzandi. Kaliforniya shtatida tug'ilib o'sgan. Otasi Yamaykadan kelgan, onasi esa Hindistondan. Harrisning umr yo'ldoshi Duglas Imoff advokat. Ularing birga farzandlari yo'q, lekin Imoffning oldingi oilasidan ikki bolasi bor.

Harris Vashingtondagi Jon Xovard (John Howard) universitetini, shuningdek, Kaliforniya universitetini bitirgan.

U 2003-yilda San-Fransisko prokurori lavozimiga saylangan. Qoradori iste'moliga qarshi kurashib tanilgan, shuningdek, ta'lim sohasidagi jinoyatlarni fosh etib shuhrat qozongan.

Liberal arbob 2010-yilda Kaliforniya prokurori etib saylanganida, shtat uchun bu lavozimdagi birinchi ayol va birinchi qora tanli bo'lgan.

Senator Harris Prezident Tramp va uning ma'muriyatining eng ashaddiy tanqidchilaridan biri. Uning fikricha, hozirgi prezident xalq uchun xizmat qilmadi.

Prezidentlik uchun kampaniya boshlaganida Harris tezlikda oldinga chiqadi deb kutilgan edi, ammo da'vogar o'z partiyasi a'zolari orasida na yetarlicha ovoz oldi, na mablag' to'play bildi.

Bellashuvda Harris Baydenning siyosiy faoliyatini qoralagan paytlar bo'lgan, xususan, sobiq senator va sobiq vitse-prezidentni irqchilik nimaligini tushunmaslikda ayblagan.

Biroq Bayden komandasiga ko'ra, arboblar bir-birini hurmat qiladi va o'zaro ishonch bor.

"Jo xalqni tushunadi va uning istaklarini ro'yobga chiqara oladigan lider. Bizga bunday rahbar, ayniqsa, hozir kerak", - deydi Harris.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG