Breaking News

G'arb ekspertlari, huquq himoyachilari: Toshkent Bobomurod Abdullayevni ozod etishi kerak


Bobomurod Abdullayev Toshkentda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, dekabr, 2018

Yevropa va AQShdagi huquq himoyachilari Qirg'iziston jurnalist Bobomurod Abdullayevni hibsga olib, uni O'zbekiston hukumatiga topshirganini qoralab, Toshkentni mahbusni qo'yib yuborishga chaqirmoqda. Aks holda, deya eslatmoqda ular, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar va o'zgarishlar haqidagi va'da va bayonotlariga ishonch va umid keskin pasayadi. O'zbekiston Bosh prokuraturasi Abdullayev Toshkent so'rovi bilan qamoqqa olinganini tasdiqlagan xolos. U nimada gumon qilinayotgani, qanday ayblov bilan yuzlashishi mumkinligi va umuman, mazkur masala yuzasidan hukumat hozircha biror ma'lumot bermagan.

Germaniyada asoslangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbek forumi, Toshkentni Bobomurod Abdullayevni darhol ozod etishga undamoqda. O'zbekiston hukumati Abdullayevni nima uchun hibsga olgani, Qirg'izistondan olib kelgani va unga qanday ayblar qo'yilayotgani haqida zudlik bilan axborot berishi kerak, deyiladi forum tvitida.

"Bu holat "o'zgarayotgan O'zbekiston" degan reputatsiyaga jiddiy ta'sir ko'rsatadi".

Shvetsiyadagi Fuqaro huquqlari himoyachilari tashkiloti ham O'zbekistonda so'z va matbuot erkinligi bilan bog'liq vaziyatni kuzatadi. Markaziy Osiyo bo'yicha yetakchi xodimi Muzaffar Suleymanovning qayd etishicha, tanqidiy material yozish va uni tarqatish jinoyat emas.

Shunday ekan, deydi Suleymanov, agar Abdullayev shunday maqolalar yozganida ham uni qamoqqa olish va sudlash huquqqa ziddir.

"Prezident Mirziyoyev tanqidiy jurnalistikani quvvatlab chiqqan va davlatining xalqaro indekslardagi o'rni yaxshilanishini istaydi. Toshkent Abdullayevni darhol qo'yib yubormasa, O'zbekistonning nufuzi jiddiy darajada pasayadi", - deydi Suleymanov.

Uzoq yillar "Human Rights Watch" xalqaro inson huquqlari tashkilotida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh eskpert, jumladan, O'zbekiston uchun mas'ul bo'lgan Stiv Sverdlov deydiki, Bobomurod Abdullayevning Bishkekda ushlanishi, Toshkentga topshirilishi va butun jarayon xalqaro me'yorlarga ko'ra, tahlikali qadamlardir.

"Bu ekstraditsiya qonunga ziddir", - deydi Sverdlov. "O'zbekiston Abdullayevni zudlik bilan qo'yib yuborishi kerak".

Hozirda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarga maslahatchi hamda Los-Anjelesdagi Janubiy Kaliforniya universitetida inson huquqlaridan dars berayotgan Sverdlov yana bir ma'lumotni xavotir bilan urg'ulaydi.

Unga ko'ra, mahbus ishi bilan shug'ullanayotgan DXX zobitlaridan biri Timur Yakubov Abdullayev 2017-2018-yilda hibsda qiynoqqa solinishida muhim rol o'ynagan odamlardan biri. Bu qo'rqinchli, vaziyat naqadar murakkab ekanidan darak va ko'plab savollar uyg'otadi, deydi Sverdlov.

AQShning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum Bobomurod Abdullayev 9-avgust kuni Bishkekda hibsga olingani yuzasidan chuqur xavotir bildirib, har ikki davlatni inson huquqlari va matbuot erkinligini hurmat qilishga chaqirgan edi.

Vashingtondan Davlat departamenti ham tvit orqali Toshkentdagi elchining chaqirig'iga qo'shilib, O'zbekiston va Qirg'izistonni Abdullayevning fundamental huquqlarini e'zozlashga undagan. Har ikki respublika erkinlik borasida xalqaro majburiyatlarini unutmasligi lozim, deya eslatgan departament.

Elchi Rozenblum AQSh vaziyatni yaqindan kuzatayotganini aytib, Prezident Mirziyoyevning erkinlik haqidagi nutqlariga ishora qilgan.

"Prezident Mirziyoyev o'tgan dekabrda Konstitutsiya kuni munosabati bilan so'zlaganida va boshqa paytlarda ham matbuot erkinligi va jurnalistlarning huquqlari haqida chuqur mohiyatli so'zlar aytgan. AQSh bu bayonotlarni olqishlagan, chunki demokratik tuzum erkin va mustaqil matbuotsiz faoliyat yurita olmaydi".

Bobomurod Abdullayevning onasi Gavharjon Madaminova Prezident Mirziyoyevga murojaat qilib, o'g'lini qo'yib yuborishni so'ragan. Ona deydiki, farzandi begunoh va Qora Mergan taxallusiga umuman aloqasi yo'q. O'tgan kunlar ichida hukumat ona bilan bog'langani aytiladi.

Bobomurod Abdullayev Bishkekda sudga olib ketilayotganida jurnalistlar bilan so'zlashganida hibs ortidagi sababni tushuntirgan edi. Uningcha, O'zbekiston uni Qora Mergan taxallusi bilan tuzumga qarshi ig'vo qilayotganlikda ayblamoqda.

"Men Qora Mergan emasman", deya Abdullayev iyul oyida ham "Facebook"da video post qilgan edi. Hozir ham shunday deyapti.

Qora Merganning Telegram kanalida yangi postlar chiqib turibdi. Muallifning yozishicha, u Bobomurod Abdullayev emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG