Breaking News

Antifa a'zosi Tramp tarafdorini o'ldirganlikda gumonlanmoqda


Oregon shtatining Portland shahridagi namoyish, 2020-yil, 8-avgust
Oregon shtatining Portland shahridagi namoyish, 2020-yil, 8-avgust

Antifa norasmiy siyosiy harakatiga mansub shaxs ilk bor otishmada odam o’ldirgani aytilyapti. U Oregon shtatining Portlend shahrida Prezident Donald Tramp tarafdorini o'ldirganlikda gumonlanmoqda.

So’l qanot norozilik harakati ilgari o'ng qanot ekstremistik guruhlarga qarshi zo'ravonlik choralariga qo’l urgan, ammo o'ldirish taktikasini qo’llamagan edi.

Jabrlanuvchi Aaron Danielson "Patriot Prayer" deb nomlangan o'ng qanot guruhi a'zolari hamda ularga qarshi antifa va boshqa guruhlar ishtirok etgan namoyishda ko’kragidan otib o’ldirilgan.

Aaron Danielson otib o'ldirilgan joy, Portlend, Oregon, 2020-yil, 29-avgust
Aaron Danielson otib o'ldirilgan joy, Portlend, Oregon, 2020-yil, 29-avgust

Politsiya tergov olib borilayotganini tasdiqladi, ammo gumondorning ismini oshkor qilmadi. Portlenddagi “Oregonian” gazetasining yozishicha, qotillikda ayblanib hisbga olingan shaxs 48 yoshli Maykl Forest Reynoel.

Federal qidiruv byurosi ham tergovga yordam berishini bildirdi.

Kutilmagan qotillik

Agar bu jinoyatda Reynoelning qo’Ii borligi tasdiqlansa, bu so'nggi yillarda antifa tarafdoriga nisbatan qotillik bo’yicha qo’yilgan ilk ayblov bo’ladi, deydi Kaliforniya shtati universitetining Nafrat va ekstremizmni o'rganish markazi direktori Brayn Levin.

"Ozchilik guruhlarga qarshi zo’ravonlikni ulug’lovchi oq irqchilar va ultra o’ng qanot vakillaridan farqli o’laroq, antifa harakati, odatda, zo’ravonlikka u qadar urg’u bermasdan, e’tiborini asosan mol-mulkka, irqchilarga qaratar edi. Jurnalistlar va politsiyani kamroq nishonga olishgan”, - deydi Levin.

Merilend universitetining Kriminologiya kafedrasi mudiri Gari Lafri ushbu ish antifa bilan bog'liq birinchi terrorchilik harakati sifatida universitetning Global Terrorizm ma'lumotlar bazasiga kiritilishi mumkinligini aytdi.

Bu qotillik ishi Prezident Donald Tramp antifa va boshqa radikal so’l guruhlarni Portlenddagi hamda boshqa joylardagi zo'ravonliklarda ayblab kelayotgan bir paytga to’g’ri keldi. Trampga ko’ra, agar demokrat Jo Bayden hokimiyatga kelsa, mamlakat xavfsizligi tahdid ostida qoladi.

Prezident Donald Tramp tarafdorlari, Portlend, Oregon, 2020-yil, 29-avgust
Prezident Donald Tramp tarafdorlari, Portlend, Oregon, 2020-yil, 29-avgust

Dushanba kuni bergan bayonotida Bayden Portlenddagi zo'ravonliklarni qoraladi.

"Biz bu kecha Portlendda ko'rgan halokatli zo'ravonlik qabul qilib bo’lmas holat, - dedi Bayden. - Amerikaning buyuk shahri ko'chalarida otishma bo’lishini qabul qila olmaymiz. Men bu zo'ravonlikni keskin qoralayman".

Ammo Tramp Baydenni antifa nomini tilga olmagani uchun qoraladi.

"U antifa so'zini eslatmadi. Antifa - jinoiy tashkilot", - dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga.

Oq irqchilikka qarshi harakat

Kelib chiqishi Yevropada fashizmning kuchayishiga borib taqaladigan antifa harakati nomi antifashistlar so’zining qisqartmasidan olingan. Guruh oq irqchilar va o’ng qanot ekstremistlarga qarshi kurash olib borishini aytadi. Ularning taktikasi neo-natsistlarning onlayn platformalarini qidirib topishdan tortib, irqchilar tarafdorlarini fosh etish va o'ng qanot harakat mitinglarini buzish uchun ko'chalarga chiqishgacha bo’lgan turli choralarni o’z ichiga oladi.

Harakat 2017-yil Virjiniya shtatining Sharlotsvil shahrida Konfederatsiya haykallarining olib tashlanishiga qarshi namoyish o’tkazgan o’ng qanot guruhlar bilan to’qnashishi ortidan ancha ovoza bo’ldi.

Shu paytgacha antifaga mansub biror shaxs harakat nomi bilan qotillik sodir etgani ma'lum emas edi.

Norozilik namoyishlari

25-may kuni qora tanli Jorj Floyd politsiya qo’lida halok bo’lishi ortidan Portland shahri norozilik namoyishlari markaziga aylandi.

Shaharda shanba kuni o’ng qanot "Patriot Prayer" harakati a'zolari va Tramp tarafdorlari marsh o’tkazdi. Yurish davomida ular “Black Lives Matter” (Qoralar ham odam) namoyishchilari bilan to’qnashgan.

Janubiy qashshoqlik huquq markazi "Patriot Prayer"ni ultra o'ng qanot guruh deb ta'riflaydi. Markazga ko’ra, guruh ko'p yillardan beri Portlend kabi progressiv shaharlarda mitinglar o’tkazib, siyosiy raqiblariga qarshi zo'ravonlik usullarini qo’llab kelgan.

Oq irqchilar namoyishi, Sharlotsvil, Virjiniya, 2017-yil, 17-avgust
Oq irqchilar namoyishi, Sharlotsvil, Virjiniya, 2017-yil, 17-avgust

Namoyish paytida otishishga aynan nima sabab bo'lgani ma’lum emas. Otishma paytida olingan video tasvirlarga va boshqa dalillarga asoslanib, “Oregonian” gazetasining yozishicha, "jabrlanuvchi qandaydir gurzi yoki qalampir purkagich ishlatgan va o'q ovozi eshitilgach, qulab tushgan bo'lishi mumkin".

Antifa tarafdorlari

Qotillikda gumonlanayotgan Reynoel ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Black Lives Matter” harakatini va antifani qo'llab-quvvatlashini aytgan.

"Men 100% ANTIFAman! - deya o'zini ta’riflagan u Instagramdagi sahifasida. - Men aka-uka va opa-singillarim uchun kurashishga tayyorman! Hatto ularning ba'zilari Antifa aslida nimani anglatishini anglab yeta olmasa ham, johil bo'lsa ham".

Boshqa bir xabarida u armiyada xizmat qilganini, ammo xizmatdan nafratlanganini yozgan.

"Ular bunday kurashga arzishini hech qachon his qilmaganman. Bugungi namoyishchilar va antifa mening birodarlarim. Bu kurashishga arziydigan sabab. Bu mamlakatim uchun bo’layotgan haqiqiy kurash", - deydi u.

5-iyul kuni Reynoel jamoat joyida o’qlangan qurol olib yurganlikda, politsiyaning hibsga olishiga qarshilik ko’rsatganlikda ayblanib politsiya tomonidan qidiruvga berilgan.

Xavotirlar

Merilend universiteti kriminalisti Lafri ushbu ish fuqarolik jamiyati va demokratiya uchun ulkan ahamiyatga ega ekanligini aytadi.

"Biz qarama-qarshi qarashlarga ega odamlar o'z fikrlarini zo'ravonlik yo’li bilan ifodalaydigan vaziyatlarga duch kelmoqdamiz, politsiya esa bu vaziyatda nima qilish kerakligini aniq bilmayapti", - deydi u.

"Agar bunday holat davom etsa, vaziyat izdan chiqishi muqarrar”, - deya qo’shimcha qiladi Lafri.

Ekspertga ko’ra, bu zo’ravonliklar demokratiya va fuqarolik jamiyati uchun salbiy oqibatlarga olib borishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG