Breaking News

Antifa harakatining maqsadi nima?


Xalqaro hayot - 2020-yil, 16-iyun
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:31 0:00

AQSh bo’ylab norozilik namoyishlari davom etar ekan, yuz bergan zo’ravonliklar uchun ba’zilar Antifa harakatini ayblamoqda. Prezident Donald Tramp ularni hatto terrorchi tashkilot deb e’lon qilishi haqida ogohlantirdi.

O’zlarini antifashistlar deb atovchi bu guruh aniq tashkiliy tuzilmaga yoki yetakchiga ega emas, deydi ekspertlar.

AQShda ularning soni ham juda kam ekani taxmin qilinadi.

“Antifa harakatida AQSh va dunyo bo’ylab mavjud irqchilik va bo’shliqdan norozi nozo’ravon progressiv kuchlardan tortib to zulmga aloqador institutlarni, jumladan, jurnalistlar va hukumatlarni yo’q qilish kerak, deb hisoblaydigan zo’ravon odamlargacha bor. Lekin ular e’tiborini, asosan, oq irqchilar, neo-natsistlar, ksenofoblar va ularning tarafdorlariga qaratgan. Muammo shundaki, ularning mutaassiblik va tizimli irqchilikka oid qarashlari turlicha. Eng ekstrim holatda ular zo’ravonlikni chora sifatida ko’radi”, - deydi ekspert Brayn Levin.

O’zlarini Antifa deb atagan namoyishchilar AQShning bir necha shtatlarida ko’rinish berdi. Ular qora niqob taqib, politsiya va jurnalistlarga agressiv munosabatda bo’ldi.

Tadqiqotchilar fikricha, siyosiy zo’ravonlikka kelganda, muammo, odatda, ultra so’l guruhlarda emas.

Merilend universiteti tadqiqotiga ko’ra, 2010 - 2016-yillar AQShda yuz bergan terror xurujlarining 12 foizini so’l guruhlar, 35 foizini esa o’ng qanot vakillari sodir etgan.

Shu oy boshida Prezident Tramp Antifa harakatini terrorchi tashkilot deb e’lon qilishi haqida ogohlantirdi. Huquqshunoslarga ko’ra, bu harakat uysuhgan tashkilot bo’lgan taqdirda ham, prezidentda ularni terrorchi deb tamg’alash vakolati yo’q.

“Ular rang-barang va guruh emas. Amerika qonunlari bo’yicha, ikkita narsa bo’lishi kerak: uyushgan guruh bo’lish va xalqaro tashkilotlarga aloqadorlik. Bu mening fikrim emas, federal qonun. Xullas, Antifa guruh emas, balki keng miqyosli falsafa”, - deydi Levin.

Nafrat va ekstremizmni o’rganuvchi markaz ma’lumotiga ko’ra, oq irqchilar va radikal o’ng guruhlar 2019-yil nafrat jinoyati sifatida malakalangan 26 ta qotillik sodir etgan. Antifa tarafdorlari esa o’tgan uch yil davomida bunday jinoyatga umuman qo’l urmagan.

Ekspertlar fikricha, agar Antifa terrorchi guruh sifatida belgilansa, o’ng va so’l qanotdagi boshqa guruhlar ham shunday tamg’aga mos keladi.

“Ba’zi holatlarda Antifani terrorchi guruh deb aytish mumkindir, lekin bunday holatda atrof-muhit va hayvonlar himoyachilarini ham, o’ng qanotda esa Aryan millati, Yaratganning dunyo cherkovi kabi tashkilotlarni ham terrorchi deb atashingiz kerak bo’ladi. Nima mahalliy terrorizm ekani haqida aniq ta’rif mavjud emas”, - deydi Salem Davlat universiteti professori Kevin Borgeson.

Agar uyushgan tashkilot bo’lganda, Antifa faoliyati terrorchi guruh darajasiga chiqmagan bo’lardi, deydi Vashington Davlat universiteti professori T.V. Rid.

“Antifa an’anaviy progressiv so’l qanot namoyishchilarning 1-2 foizini tashkil qiladi. Nozo’ravon namoyishchilarning aksariyati ularni yoqtirmaydi. Ular ba’zan vandalizm, o’ngchilar bilan mushtlashish kabi choralarga qo’l uradi. Lekin ma’muriyat xohlagandek darajada terrorchilikka yaqin jinoyatlar sodir etmagan”, - deydi u.

Federal Qidiruv byurosi ehtimoliy tahdid sifatida ko’rilgan bir qator guruhlarni kuzatib boradi. Ular orasida oddiy fuqarolar, oq irqchi guruhlar hamda hayvon huquqlari himoyachilari va anarxistlar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG