Breaking News

AQSh xitoylik ming talabaning vizasini bekor qildi


AQSh rasmiylarining ta'kidlashicha, Xitoy harbiylari bilan aloqador bo’lgani bois milliy xavfsizlik uchun "yuqori xavf" deb hisoblangan 1000 dan ortiq xitoylik talabaning vizalari bekor qilingan.

Davlat departamentining chorshanba kuni bergan bayonotida aytilishicha, vizalarni bekor qilish 29-may kuni Prezident Donald Tramp tomonidan imzolangan qaror asosida amalga oshirilgan. Ushbu qarorga ko’ra, Xitoyda armiyaga aloqador o’quv yurtlarida tahsil olgan talabalarning AQShga kelishiga ruxsat berilmaydi.

Tramp ma'muriyatiga ko’ra, bunday talabalar Xitoyning iqtisodiy va harbiy sohalarini rivojlantirish uchun AQShga intellektual mulklarni o’g’irlash uchun keladi.

Davlat departamenti vakilining so'zlariga ko'ra, 1-iyundan boshlab vizalari bekor qilingan 1000 dan ortiq aspirant va tadqiqotchilar hozirda Qo'shma Shtatlarda tahsil olayotgan 360 mingdan ziyod xitoyliklarning "kichik qismi"ni tashkil qiladi, xolos.

"Biz Xitoy Kommunistik partiyasining harbiy ustunlik maqsadlariga xizmat qilmaydigan qonuniy talabalar va olimlarni qabul qilishda davom etamiz", - dedi rasmiy.

Xitoy bu yangilik ortidan Vashingtonni "siyosiy ta'qib va irqiy kamsitish"da aybladi.

Vizalarning bekor qilinishi dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o'rtasidagi munosabatlar yomonlashganini ifodalovchi boshqa ko’plab o’zgarishlarning bir qismi hisoblanadi.

Ikki tomon savdo, texnologiya, Pekinning Gongkong va uyg’urlarga nisbatan tazyiq siyosati, “COVID-19” pandemiyasi kabi bir qator mavzularda keskin ziddiyatlarga kirishgan.

O’tgan hafta AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan, Amerika universitetlarida filiallari bo’lgan Konfutsiy institutlarining barchasi yil oxiriga qadar yopilishini ham e’lon qilgan edi.

Davlat kotibi Xitoy hukumati tomonidan moliyalanadigan institutlarni AQSh kollejlarida “josuslar va hamkorlar”ni yollash uchun ishlayotganlikda aybladi.

Cheklovlar, shuningdek, davlat mablag’lari hisobiga xorijda o’qiydigan xitoylik tadqiqotchilarni ham qamrab oladi. 26-avgust kuni Shimoliy Texas universiteti Xitoy Ta’lim vazirligi tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan Xitoy stipendiya kengashi (XSK) homiyligidagi 15 nafar xitoylik tadqiqotchilar bilan mavjud almashinuv dasturini bekor qildi.

Akademik josuslikka oid federal hukumat xavotirlari oshgandan beri ilk bor Amerika universiteti Xitoy milliy stipendiya jamg’armasi bilan aloqalarni uzdi. Universitet gazetasida chop etilgan maqolaga ko’ra, o’quv yurti ma’murlari federal va mahalliy huquqni muhofaza qilish organlarining batafsil brifinglaridan so’ng shunday qarorga kelgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG