Breaking News

Xalqaro talabalarning AQShda qolishini taqiqlovchi qaror bekor qilindi


Garvard universiteti kutubxonasi, 2019-yil, 16-iyul

Ta'lim to'liq onlayn bo'ladigan AQSh universitetlariga xorijlik talabalarning kelishini taqiqlovchi yoki allaqachon AQShda bo'lgan xalqaro talabalardan mamlakatni tark etishni talab qiluvchi hukumat qarori bekor qilindi.

6-iyul kuni kutilmaganda AQSh Immigratsiya va chegara nazorati agentligi e’lon qilgan taqiq xalqaro talabalarni va oliy o’quv yurtlarini xavotir va sarosimaga solgan edi. Koronavirus pandemiyasi tufayli ko’plab oliygohlar yopilib, o’qish to’liq onlayn rejimga o’tgan.

“Bu muhim g’alaba. Bu ko’rsatma butun Amerika ta’limini sarosimaga solgan edi. Sanoqsiz xalqaro talabalardan 6-iyuldagi qaror ularning hayotini xavf ostiga qo’ygani haqida eshitdim. Bu talabalarimiz endi tin olib, ta’limga e’tiborlarini berishlari muhim. Ular zotan faqat ta’lim olishni xohlashadi”, - deydi Garvard universiteti prezidenti Lorens Bekou.

Hukumat qarori ortidan Garvard universiteti va Massachusets Texnologiya instituti Ichki xavfsizlik departamenti va AQSh Immigratsiya va chegara nazorati agentligini sudga berdi. Ikki oliy o’quv yurtining bu shikoyatini yana 200 dan ortiq universitet qo'llab-quvvatlagan.

Kuzatuvchilarga ko’ra, hukumat sud ishida ko'p ehtimol bilan yutqazishini bilgani uchun o'z qarorini qaytarib olgan.

“Hozir ancha o’zimga keldim. Kelajagim aniqroq bo’ldi”, - deydi Nyu-York shahrida o’quvchi talabalardan biri Jaskrat Panjrat.

“Bugungi qaror mamlakat bo’ylab o’quv yurtlari va ularning jamoalari uchun g’alaba. 6-iyuldagi ko’rsatma xalqaro talabalarning huquqiy maqomini universitetlar jamoat xavfsizligi bo’yicha qanday qaror qabul qilishiga bog’liq qilib qo’ygan edi”, - deydi Xalqaro ta’lim dargohlari assotsiatsiyasi (NAFSA) rahbari Ester Brimmer.

“Natijada universitet ma’murlari o’z jamoasi a’zolarining deportatsiyaga uchrash xavfini jamoat sog’ligi bo’yicha qabul qilinadigan qarorga qarshi qo’yish majburiyati ostida qoldi. Qaror bekor qilinganidan ko’nglimiz joyiga tushdi”, - deya qo’shimcha qiladi u.

“Xalqaro talabalar nafaqat Amerika oliy ta’limiga, balki butun mamlakatga katta foyda. Yangi g’oyalar, madaniy aloqalar, eng so’nggi texnologiyalar va inson hayotini saqlab qoladigan tibbiy kashfiyotlarda, xususan, “Covid-19”ga qarshi kurashda xalqaro talabalarning o’rni katta”, - deydi Ta’lim bo’yicha Amerika kengashi prezidenti Ted Mitchel.

Mitchelga ko’ra, soni bir milliondan ortiq bo’lgan xalqaro talabalar AQSh iqtisodiyotiga 41 milliard dollar daromad va 450 ming ish o’rni olib keladi.

“To’g’risi, albatta, juda xotirjam bo’ldim. Buni boshimizdan o’tkazmaydigan bo’lganimizdan xursandman”, - deydi Bostondagi Massachusets universiteti magistratura darajasi talabasi Bansari Kamdar.

“Boshqa tomondan, bu ish xalqaro talabalarning holati juda beqaror ekanini ko’rsatdi. Nima bo’lishi mumkinligini biz bilmas ekanmiz”, - deydi u.

AQShda bugun xalqaro talabalar soni har qachongidan ko’p bo’lsa-da, Xalqaro ta’lim instituti statistikasiga ko’ra, so’nggi yillarda AQShda o’qish uchun ariza topshirayotgan xorijliklar sonida kamayish kuzatilmoqda.

“Qarorning bekor qilinishi ijobiy natija, lekin xalqaro talabalarni sog’lik yoki huquqiy maqomdan birini tanlashga majburlovchi 6-iyuldagi ko’rsatma obro-e’tiborga qanchalik zarar yetkazganini ham e’tibordan chetda qoldira olmaymiz”, - deydi NAFSA rahbari Brimmer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG