Breaking News

Qirgʻizistonda parlament saylovlari uchun kurash qanday ketmoqda?


Qirg’izistonda saylov poygasi qanday o’tyapti?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00

Qirgʻizistonda 4-oktabr kuni parlament saylovi boʻlib oʻtadi. Markaziy saylov komissiyasi roʻyxatdan oʻtkazgan 16 partiya hozirda Jogorku Keneshdagi 120 mandat uchun kurash olib bormoqda.

Qirgʻiziston shu bilan yettinchi parlament saylovini boshdan kechirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy OAVlarda saylovchining ovozini sotib olishga urinish mavzusi tez-tez koʻtarilmoqda. Bosh prokuratura bergan maʼlumotga koʻra, shu vaqtga qadar saylovga aloqador 22 qoidabuzarlik fakti qayd etilgan. Ularning koʻpi saylov hujjatlarini soxtalashtirish, maʼmuriy resurslardan noqonuniy foydalanish, saylovchilarni sotib olish bilan bogʻliq.

Oʻshlik yosh saylovchilardan biri Javlon Anvarovichning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bu kabi holatlar deyarli har saylovda takrorlangani bois koʻpchilik saylovchilar deputatlikka nomzodlarning vaʼdalariga ishonmay qolgan.

“Menimcha, aholining koʻp qismi saylovga jiddiy qarayotgani yoʻq. Yaʼni odamlar partiyalarning bugun berayotgan turli vaʼdalari saylov oʻtgandan keyin amalga oshirilishiga ishonmaydi. Tashviqot vaqtida hamma partiya aʼzolari juda kuchli vaʼdalarni beradi, yaxshi gaplarni gapiradi. Ammo saylovdan keyin bu vaʼdalar unutiladi. Buni avvalgi saylovlarda ham koʻrganmiz. Bu esa odamlarda partiyalarga ishonchsizlikni paydo qilgan. Partiyalarning targʻibotchilari esa saylovchilarning oʻz ovozi qandaydir natijani oʻzgartirishiga ishonmasligidan ham foydalanib qolishmoqda”, — deydi Javlon Anvarovich.

Ammo parlament deputatligi uchun “Zamondosh” partiyasidan oʻz nomzodini qoʻygan Begijon Axmedov bu kabi fikrlashni oʻzgartirish lozimligini aytadi. Uning aytishicha, saylovlar va referendumlar Qirgʻiziston istiqboli uchun katta ahamiyatga ega.

“Birinchi navbatda xalqimizning ongi, shuuri oʻzgarishi kerak. Saylovlarga munosabati oʻzgarishi lozim. Ovoz berish prinsiplari oʻzgarishi kerak. Qurʼon oyatida ham “Toki oʻzlarini oʻzgartirmagunlaricha Alloh ularning ahvolini oʻzgartirmas”, deb aytilgan”, — deydi deputatlikka nomzod.

1-sentabrda Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov Xavfsizlik kengashining yigʻinida boʻlajak saylov ochiq va adolatli oʻtishiga kafillik berishi hamda ovoz sotib olish faktlariga tezkor chora koʻrilishini aytgan edi.

Mahalliy kengash deputati Ikromjon Oʻrinboyevning aytishicha, hozircha prezident vaʼda berganidek maʼlum bir partiyani saylash boʻyicha bosimlar sezilmayapti.

Ammo Qirgʻizistondagi nashrlarda berilayotgan ayrim maʼlumotlarga ishonilsa, davlat idoralarida ishlayotgan xodimlar bu safar ham bosimlar ostida qolmoqda deb aytish mumkin.

Jurnalist Mahmudjon Qozoqboyev esa hozircha saylovoldi jarayonlarida yuqoridan bir bosim boʻlayotgani sezilmayapti, degan fikrda. Uning aytishicha, barcha partiyaga birdek imkoniyat berilgan.

“Partiyalarning siyosiy yoʻnalishi haqida aytadigan boʻlsak, asosiy partiyalardan boʻlgan “Birimdik” (Birlik) va “Mekenim Qirgʻiziston” (Vatanim Qirgʻiziston) partiyalarining rasmiy maʼlumotnomalarida ularning Yevrosiyo integratsiyasiga moyilligini ilgari surayotganini koʻrish mumkin. “Bir Bol” (Bir boʻl) partiyasi esa oʻzini muxolif partiya deb ataganiga qaramay, uning amaliy harakatlarini, oʻtkazgan yigʻinlaridagi mulohazalarni kuzatganimizda muxolif kayfiyat sezilmayapti. Saylovoldi jarayonlari endi yaqinda boshlandi. Koʻproq maʼlumotga ega boʻlish uchun ularni ijtimoiy tarmoqlardagi, OAVlardagi chiqishlarini kuzatib borish kerak. Lekin hozircha xalqimiz oʻziga yarasha bir xulosani chiqara olgani yoʻq. Chunki partiyalar hali oʻzining doktrinasini yetkazib bera olgani yoʻq”, - deydi Qozoqboyev.

Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan beri respublikada aholi soni boʻyicha ikkinchi oʻrinda turgan oʻzbeklarning saylovlardagi oʻrni muhim ekani haqida tahlilchilar aytib keladi. Jurnalist Mahmudjon Qozoqboyev ham bu fikrga qoʻshiladi.

Parlament saylovi uchun otlangan partiyalardan birida iqtidordagi prezidentning ukasi Asilbek Jeenbekov bor. Yana bir partiya esa Qirgʻiziston janubida katta nufuzga ega boʻlgan va jurnalistlar tomonidan korrupsiyaga aloqador deb aytib kelingan Matraimovlarga aloqador deb aytiladi. Sobiq prezident Almazbek Atambayevning farzandlari esa “Sotsial-demokratlar” partiyasi bilan saylovda ishtirok etmoqda.

Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi bergan maʼlumotga koʻra, partiyalarga kirgan 1912 nafar nomzod roʻyxatga olingan va ularning 618 nafari ayollar. Bu barcha deputatlikka nomzodlarning 32 foizini tashkil qiladi.

Qirgʻiziston dunyoda "Covid-19" virusining tarqalish xavfi saqlanib turganiga qaramay saylov oʻtkazishga qaror qilgan 41 oʻlkadan biri. BMTning Qirgʻizistondagi vakilligi saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarni koronavirus tarqashiga yoʻl bermaslik uchun ehtiyot choralariga diqqat qilishga chaqirdi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG