Breaking News

Qirg'izistonda xorij kompaniyalariga qarshi norozilik ko'paymoqda


Bishkekdagi Xitoy elchixonasi, 30-avgust, 2016-yil.
Bishkekdagi Xitoy elchixonasi, 30-avgust, 2016-yil.

Qirg’izistonda maxsus komissiya Jalolobod viloyatining Toguz-Toroo tumanida joylashgan oltin kombinati hududida yuz bergan tartibsizliklarning sabablari hamda oqibatlarini o’rganmoqda. Tuman hokimiga nisbatan qat’iy chora ko’rilishi aytilmoqda. Parlament majlisida mahalliy manfaatdor guruhlarning xatti-harakatlari haqida hamda xorij sarmoyalarini faolroq muhofaza etish zaruriyati borasida so’z borgan.

Xabarlarga ko'ra, Toguz-Toroo tumanida mahalliy aholining ayrim guruhlari anchadan buyon Xitoyning “Ji El Makmal developing” kompaniyasi faoliyatidan norozilik bildirib kelgan. Ular, asosan, zararli chiqindilar saqlanuvchi inshootni yangilashni talab qilib kelishgan.

Tegishli ishlarni kelasi oy boshlash va’dalariga qaramay, 11 aprel kuni darg’azab yoshlar tushuntirish berayotgan mutaxassislar tomon tosh ota boshlagan. Oltin ajratib oluvchi fabrikaning panjaralari buzib tashlangan, bir necha bino hamda texnik vositalar yoqib yuborilgan.

Tartibsizliklar oqibatida yetti nafar fuqaro, jumladan, uch militsiya xodimi jarohat olgani aytilmoqda.

Jalolobod viloyati gubernatorining o’rinbosari Irisbek Izabekovning aytishicha, mutaxassislar korxona faoliyati va vujudga kelgan vaziyat yuzasidan tekshiruv olib borayotir.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Qirg’izistonda xorij kompaniyalarining faoliyatiga qarshi norozilik chiqishlari odat tusiga kirib bormoqda. Avvalgi yillarda bunday aksiyalardan Kanada, Rossiya, bir necha Xitoy kompaniyalari ziyon tortgan edi.

Iqtisodchi va siyosatshunos Erkin Abdirazakov fikricha, chet el kompaniyalari ham kamchiliklardan holi emas. Ammo ko’rinishda birinchi navbatda mahalliy manfaatdor guruhlarning qo’li ko’zga tashlanadi.

Suhbatdoshning aytishicha, hukumat xorijlik sarmoyadorlarni u yoki bu hududda mavjud ijtimoiy masalalar uchun mas’ul o’ziga xos “sog’in mol”ga aylantirishga urinishi, ayni paytda sarmoya daxlsizligini ta’minlay olmasligi durust emas.

Tabiiyki, bu hol chet el sarmoyalari yo’liga g’ov qo’ymoqda.

Aytish joizki, badavlat mahalliy amaldorlarga tegishli korxonalar faoliyatida atrof-muhitni bulg’ash, avtomobil yo’llariga putur yetkazish kabi nuqsonlar oz bo’lmasa-da, odatda, aholi ularga ochiq e’tiroz bildirmaydi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG