Breaking News

Qirg'izistonda OAV bugun qanchalik erkin?


Qirg'iziston jurnalistlari

Qirgʻiziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga tegishli “Aprel” telekanalining yopilishi matbuot erkinligi borasidagi muhokamalarni qizitmoqda. Matbuot erkinligi Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarga nisbatan yuqori ekani aytib kelinayotgan Qirgʻizistonda bugungi vaziyat qanday? Mintaqaning “Demokratiya orolchasi” deb atalgan Qirgʻizistonda jurnalistlar qanchalik erkin?

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Matbuot erkinligi boʻyicha vakili Arlem Dezir “Aprel” telekanalining yopilishi ortidan xavotir bildirdi. Uning fikricha har qanday qiyin vaziyatda ham OAVning mustaqilligini saqlash lozim.

Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra esa mamlakatda soʻz erkinligiga cheklov yoʻq. “Aprel”ning oʻchirilishi tahririyat siyosatiga, telekanalning kontentiga yoki uning hukumatga nisbatan pozitsiyasiga bogʻliq emas, deya bayon qiladi vazirlik.

Tashqi ishlar vazirligining izohicha, “Aprel” telekanali ogʻir jinoyatlarda gumonlanayotgan sobiq prezident Almazbek Atambayevning mulki qatori hibsga olingan.

“Ozodlik”ning Qirgʻiz xizmati jurnalisti Idris Isaqov deydiki, Qirgʻizistonda soʻz erkinligi ancha cheklangan.

“Biz oʻzimizni Oʻzbekistonga, Qozogʻistonga, Rossiyaga yoki Turkmanistonga solishtirib, bizda soʻz erkinligi bor deymiz. Lekin “Ozodlik”, “BBC” kabi xalqaro nashrlarni hisobga olmaganda davlat kanallarida qanday soʻz erkinligi bor? Masalan, davlat xodimlarining maoshi 20 ming, 10 ming, 15 mingni tashkil qiladi. Lekin ularning olgan maoshi bilan qoʻlidagi daromadini solishtirsa yer bilan osmoncha farqi bor. Buni nima uchun “Ozodlik” koʻradi-yu davlat nashrlari buni koʻrmaydi. Shu oʻrinda mana “Ozodlik”ka erkinlik berilyapti-ku deyish mumkin. Lekin bu erkinlikka qanchalagan kuch va energiya sarfi ortidan erishilyapti”, - deydi u.

Isaqovning qoʻshimcha qilishicha, mustaqil nashrlarning jurnalistik surishtiruvlariga qarshi qoralov kampaniyalari koʻp uyushtiriladi. Bunday ishlar davlat kanallari orqali ham amalga oshirilmoqda.

Telekanalining yopilishi Qirgʻiziston uchun birinchi bunday hol emas. Avvalgi prezidentlar davrida ham bir necha telekanallar, gazetalar faoliyati toʻxtatilgan.

Suhbatdoshimizning fikricha, hukumat odatda bunday nashrlarni kimningdir manfaati uchun propaganda bilan shugʻullangan, deya yopgan. Ammo bu mantiqqa toʻgʻri kelmaydi, deydi Isaqov.

“Bular shaxsiy kanallarni propaganda bilan shugʻullanyapti deyishyapti. Masalan, Nur TV, 7-kanal, NTS… Bular propaganda bilan, targʻibot bilan shugʻullanyapti, deyishyapti. U holda davlatning birinchi kanali KTR ham targʻibot bilan shugʻullanyapti-ku. Agar bir tomonlama ishlayapti deyilsa unda KTRni ham yopish kerak-da. KTR hozir nimani yorityapti? Qarasangiz unda faqat mana bu yerda suv chiqarildi, bu yerga yorugʻlik qoʻyildi, mana bu yerda yoʻl qurildi deydi. Ayni vaqtda suv chiqmagan qancha qishloq bor?! Nimaga buni yoritmaydi? Masalani xolis, toʻliq koʻrsatib bermagach bu propaganda boʻlmay, nima?”

Fuqarolarning tanlash huquqidan ajratmaslik kerak, har qanday ommaviy axborot vositasiga erkinlik berilishi lozim, deydi jurnalist.

Joriy yiling may oyida oʻtgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti media forumidagi nutqida Qirgʻiziston rahbari Sooronbay Jeenbekov “bizda yopiq mavzu yoʻq” degan edi.

Oʻzbek tilida chop etiluvchi “Oʻsh sadosi” davlat gazetasining bosh muharriri Sohiba Shokirova prezidentning bu boradagi fikrini toʻliq qoʻllash bilan birga, baʼzi bir mustaqil telekanallarda davlat manfaatiga, mamlakat rivojiga xalal beruvchi chaqiriqlarga koʻp duch kelishini aytdi.

“Agar dasturlarni koʻrib oʻtirsangiz “Biz inqilob qilamiz”, “Biz mana bu kuni chiqamiz”, “Toʻplaninglar” degan chaqiriqlar bor. Men buni koʻrib hayron qoldim. Buni chetdan koʻrib oʻtirganlar Qirgʻizistonda urush boʻlyapti ekan deydi-da. Birinchidan, notoʻgʻri tushunchalarga olib keladi. Ikkinchidan, chetdan kelayotgan sarmoyalarni, xorijiy sarmoyadorlarni qochiradi”, - deydi Shokirova.

“Aprel” telekanali bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha oʻz fikrini bildirgan xalqaro “Internews” tashkilotining Qirgʻizistondagi rahbari Elina Karakulova Qirgʻizistonda soʻz erkinligi bor deb aytib boʻlmaydi, deydi.

Karakulova “Ozodlik”ning Qirgʻiz xizmatiga bergan intervyusida “Aprel”ning ortidan yana boshqa kanallarga shu kabi hujumlar boʻlishi, internet nashrlarga toʻsqinliklar qilinishi ehtimolidan ogohlantirgan. Matbuotga hujum hech tinmagan, deydi u.

Oʻshlik jurnalist Sherzod Yusupov fikricha esa matbuotga nisbatan qilinayotgan bosimlarga soʻz erkinligining yoʻqligi sabab emas. Unga koʻra, telekanallarning yopilish sababini boshqa tomondan ham izlab koʻrsa boʻladi.

“Telekanallarning yopilishi bu aynan matbuotga boʻlgan bosim deb hisoblamayman.Bu mulk talashish, deb oʻylayman. Chunki bundan avval ham kuzatganmiz, Prezident Bakiyev quvgʻin qilingandan keyin ham, mana hozir Atambayevdan keyin vaziyatni ham aytish mumkin. Har bir davlat rahbari yoki boshqa bir amaldor [hokimiyatga] kelganda qandaydir bir telekanallarni egallashga harakat qiladi. Bunga misol qilib 2010-yilga qadar oʻzbek millatiga mansub tadbirkorga tegishli boʻlgan OʻshTV telekanalini aytish mumkin. U keyinchalik Oʻsh shahrining oʻsha vaqtdagi meri Melis Mirzaqmatovga oʻtdi, undan keyin Oʻsh shahar meriyasiga oʻtdi. Bunga oʻxshash misollar boshqa telekanallarda ham bor”, - deydi Yusupov.

Qirgʻizistonda matbuot Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarga nisbatan erkinroq bo’lishi mumkin, ammo bu mamlakat jurnalistlari va ekspertlarini hozirgi holat qoniqtirmaydi. Shu bilan birga jurnalistika standartlarini takomillashtirish orqali Qirgʻiziston fuqarolariga sifatli va xolis axborot taklif etish zarurati mavjud.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG