Breaking News

AQShdagi turkmanlar: Berdimuhammedovning diktatorlik rejimiga qarshimiz


AQShdagi turkman orzusi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:55 0:00

Olya Chariyeva Qo’shma Shtatlarda yashayotgan turkmanistonlik immigrantlardan. Uning ko’p yillik orzusi tug’ilib o’sgan yurtini diktatorlik boshqaruvidan xoli ko’rish. Bunga esa u faol kurash orqali erishish mumkinligiga ishonch hosil qilgan. Shu maqsadda u yaqinda hayotida ilk marotaba transparant ko’tarib ko’chaga chiqdi.

“Bir vaqtlar bizning o’z mamlakatimiz, o’z orzularimiz bor edi. Oilamiz va uyimiz bor edi. Bizning uyimiz, mamlakatimiz, ota-onamiz qani? Bizni xonavayron qilishdi. Biz hozir adolat uchun kurashib o’z vatanimizni, oldingi baxtimizni qayta qo’lga kiritmoqchimiz”, - deya harbiylarga xos fikr yuritadi Olya.

U aslida sobiq harbiy. AQShda ijtimoiy sohada ishlaydi. 18 yildirki, bu davlatda yashaydi. 20 yilga yaqin Turkmaniston armiyasida xizmat qilgan Olya "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashar ekan, hayotida ilk bor norozilik namoyishiga tayyorgarlik ko’rmoqda.

“Biz albatta o’z maqsadimizga erishamiz”, - deydi Olya.

Uning va safdoshlarining orzusi Turkmanistonda diktatorlik rejimidan qutulish. Ularning aytishicha, 2007-yildan buyon Qurbonguli Berdimuhammedov tomonidan boshqariladigan mamlakat ahli ayniqsa so’nggi ikki-uch yil ichida qattiq zulm ostida qoldi.

“Biz jahon hamjamiyati, barcha mamlakatlar hukumatlariga qarata murojaat qilar ekanmiz, bizga quloq tutishlarini va turkman xalqiga prezident Berdimuhammedov va uning jinoiy klanining zulmini tergov qilishga yordam berishlarini so’raymiz. Biz Berdumuhammedov iste’foga chiqishini va xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida haqiqiy hamda shaffof saylovlar o’tkazilishini talab qilamiz”, - deydi Olya.

“Bugun biz Berdimuhammedovning diktatorlik rejimiga qarshi namoyishga chiqqanmiz. U noqonuniy ravishda, “saroy to’ntarishi” orqali, xalqning roziligisiz hokimiyat teppasiga kelgan edi. Hozirda uning o’zi, klani va oilasining barcha a’zolari respublikaning so’nggi tiyinigacha so’rib olyapti”, - deydi ismini aytishni xohlamagan boshqa namoyishchi.

Nyu-Yorkdagi namoyishlardagi plakatlar
Nyu-Yorkdagi namoyishlardagi plakatlar

Olya va uning 20 ga yaqin yurtdoshlari-yu do’stlari bu kabi talablarini BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi ro’parasida bayon etishmoqda.

“Bugun biz nega BMT binosi oldida yig’ildik? Gap shundaki, bu yerda bizning vakilimiz Aksoltan Atayeva ham faoliyat ko’rsatadi. Va u bizning xalqimiz tomonidan BMTga yuboriladigan barcha shikoyatlarni mamlakat maxsus xizmatlariga uzatib kelgan. Oqibatda ana shu shikoyatchilar qamoqxonalardan yo’qolib ketishgan. Ularning birortasini biz tirik qolganini ko’rmadik. YXHT ma’lumotlariga ko’ra mamlakatda 120 dan oshiq siyosiy tutqun mavjud. Ularning ahvoli borasida esa hech qanday ma’lumot yo’q.

Buni qarang [shu yerda osilgan plakatga ko’rsatib sharhlaydi] hatto Amerika kanallari uni [Gurbanguli Berdimuhammedovni] mazax qilishgacha borishyapti. Uning ustidan butun dunyo kulmoqda”, - deydi faol.

Turkmaniston SSSR qulashi ortidan mustaqillikni qo’lga kiritgandan keyin muttasil o’zgarmas prezidentlar iskanjasida qolayotgan kamsonli respublikalardan sanaladi. Berdimuhammedov avvalgi davlat rahbari Saparmurat Niyazov o’limidan so’ng amalga o’tirgach, qayta saylanib kelinayotgan ikkinchi prezident.

Turkmaniston - tabiiy resurslarga boy mamlakat. Biroq ana shu boylikdan xalq bahramand emasligidan namoyishchilar norozi.

“Tasavvur qiling, Turkmaniston jahonda, sobiq sovet mamlakatlari orasida eng boy davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatdagi mavjud ana shu resurslar, neft va gaz bo’lishiga qaramasdan ana shu boyliklarga 1 foiz odamlar, ya’ni Berdimuhammedov atrofidagi odamlargina egalik qilishmoqda. 99 foiz aholi esa nochor va och o’tiribti. Mamlakatimizda bolalar ochlikdan o’lmoqda. Tabiiy ofatlardan odamlar o’lyapti. Davlat tomonidan esa hech qanday yordam ko’rsatilmayapti. Bu ham yetmaganidek, aholini ta’minlash o’rniga fermerlarimiz yetishtirgan g’alla arzon garovga olib qo’yilib xorijga sotib yuborilmoqda. Shu orqali aholiga hatto o’zini ta’minlash imkoni ham qoldirilmayapti. Chet eldan qarindoshlari tomonidan yuborilayotgan har qanday yordam ham Turkman maxsus xizmatlari tomonidan ro’yxatga olinyapti. Har kim qayerdan qancha pul olganini hisobini berishi shart. Amalda hatto o’z yaqinlarimizga yordam yuborishimizga qo’yishmayapti”, - deya kuyunadi turkmanistonlik faol.

Olya kabi boshqa faollar uchun ham ushbu norozilik namoyishi dastlabkisi. Yillar davomida AQShda yashab kelayotgan turkmanistonlik bu immigrantlar sukutini pandemiya davridagi sinovlar buzgan.

Avvalida ular Lebap viloyatida ro’y bergan tabiiy ofat qurbonlariga hukumatning beparvoligiga guvoh bo’ladi. Pandemiya davrida Turkiyada qolib ketayotgan turkmanistonlik mehnat muhojirining 55 nafari bir kechada zaharlanib, o’lim topishi esa ularning sabr kosasini to’ldirgan.

BMT oldida turkmanistonlik namoyishchilar o’z g’azablarini turli yo’llar bilan bayon qilishdi. Berdimuhammedovning prezidentlikka noloyiqligini qo’shiq qilishdi. Uning onasini noqobil farzand tarbiyalaganlikda ayblashdi.

Namoyishchilarning ko’tarib chiqqan shiorlariyu ko’rgazmali transparantlari esa Turkmaniston davlat matbuoti namoyish qilayotgan mamlakatdagi baxtiyor hayotni chilparchin qilib turardi.

“Lebap viloyatida tabiiy ofat natijasida 300 dan ortiq odam o’ldi. Ularning oradisa yosh bolalar ko’p. Bizning birorta OAV, gazetalarda bir og’iz aytilmadi. Bizning prezidentning qilayotgan ishi velosipedda yurish, o’z velosipediga haykal o’rnatish, qo’shimchasiga nabirasi bilan gitara chalib qo’shiq yozmoqda. O’zi bilan o’zi ovora. U prezident emas, u masxaraboz. Biz ushbu rejim qulashini istaymiz. Xalq shaffof referendum va saylov o’tkazilishini talab qilmoqda. Saylovlar aynan xalqaro kuzatuvchilar nazorati ostida o’tkazilishi kerak”, - deydi namoyishchilardan biri.

BMT binosi oldida Olya 10 kishini yig’ishga chog’langandi. Namoyishga ikki barobar ko’p odam keldi. Buning sababi unga ayon.

“Namoyishni tashkil etish qiyin bo’lmadi. Negaki inson biror ish bilan chin qalbdan shug’ullansa u ish qiyin kechmaydi va hech narsa uni amalga oshirishingizga to’sqinlik qilolmaydi. Bu yerga kelganlarning ko’pchiligi o’zi meni qidirib, topib kelgan. Bu shundan dalolat beradiki, xalq diktatorlik rejimidan juda charchagan”, - tushuntiradi Olya.

“Nimaga biz aynan hozir mitinglarga chiqyapmiz? Gap shundaki, bundan natija bor”, - deya ishonadi namoyishchi.

“AQSh Kongressida 2014-yildan buyon Turkmaniston ishini ko’rib chiqish bo’yicha so’rov yotibti. Aynan hozir, bizlar kabi butun dunyo bo’ylab o’tkazilayotgan ommaviy mitinglar tufayli Kongress ushbu so’rovni ko’rib chiqishga kirishdi. Ustiga ustak Amerika koronavirusga qarshi kurash uchun Turkmanistonga yarim million dollar mablag’ ajratgan. Ammo negadir Turkmaniston hukumati bu pullar ajratilganini oshkor etishni istamadi, hatto ana shu pulni olmadik deb turib olishdi.Bu hol bunday olganda AQSh Kongressini taajubga solgan. Ular buni o’z holicha qoldirib bo’lmasligini anglaganlar”, - deydi suhbatdosh.

Namoyish tugagach Olya bayroqlarni ham, transparantlarni ham ehtiyotkorlik bilan yig’ishtirib oldi. Ular navbatdagi namoyishlarda ishlatish uchun asqatadi. Faol biladiki, maqsadlariga erishguncha bunday namoyishlarni ular hali ko’p o’tkazishadi.

“Biz oxirigacha kurashamiz - o’z vatanimizni qaytarmagunimizcha”, - deydi Olya.

Turkmanistonlik faollar iyul oxirigacha va avgust oyida ham namoyishlar o’tkazishni mo’ljallashgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG