Breaking News

AQSh Eronga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etdi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

Qo'shma Shtatlar Eron hukumatini yadroviy maqsadlaridan qaytarish, qurollanish harakatiga to'siqlar qo'yish va bu tuzumdan har qanday tahdidning oldini olish uchun qator sanksiyalar joriy etdi. Oq uy nazarida BMT doirasida ham Eronga qarshi choralarni kuchaytirish lozim. Tramp ma'muriyati Tehronni terror homiysi deb biladi va BMT Xavfsizlik kengashi uni jazolashi shart, deydi Amerika diplomatlari.

Prezident Donald Trampning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Robert Obraynga ko'ra, Eron atom dasturi bilan aloqador 27 tashkilot va shaxslarga nisbatan cheklovlar qo'yilmoqda. Jazolanayotganlar faqat eronliklar emas.

Venesuela rahbari Nikolas Maduro ham Eron yuzasidan sanksiyalangan, islomiy respublika Mudofaa sanoati tashkiloti va uning diretori Mehrdad Axlagi-Kitobchi bilan bir qatorda.

"Deyarli ikki yildan beri Tehrondagi korrupsioner rasmiylar Venesuelaning noqonuniy rahbari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. BMT embardosiga zid ravishda. Biz bunga qarab turmaymiz. Dunyo bilsinki, xalqaro qonunlarni buzsangiz, jazolanasiz", - deydi Davlat kotibi Mayk Pompeo.

AQSh Moliya vaziri Stiven Mnuchin ham boshqa hukumatlarni Eron bilan hamkorlikda ehtiyot bo'lishga, aks holda ular ham sanksiyaga uchrashi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Oq uy BMTni Eronga nisbatan muddati bitgan va bitayotgan cheklovlarni yangilashga chaqirmoqda. Bosh kotib Antonio Guterrish deydiki, masala Xavfsizlik kengashida hal qilinadi.

Xitoy va Rossiya Amerika siyosatiga qarshi. Britaniya, Fransiya va Germaniya esa AQSh pozitsiyasi xalqaro qonunlarga qanchalik mos ekanini o'rganib chiqmoqda.

Tramp ma'muriyati esa Eron bilan ishlagan Yevropa banklarini ham jazolashga tayyor.

"Agar Yevropadagi biror bank Eron qurollanishi yoki qurol sotishi uchun yordma bergan bo'lsa, moliya ajratgan bo'lsa, shubhasiz, sanksiya bilan yuzlashadi", - deydi Elliott Abrams, AQShning Eron va Venesuela bo'yicha maxsus vakili.

Abrams deydiki, Vashington Eron va Shimoliy Koreya orasidagi hamkorlikdan ham xavotirda va choralar ustida o'ylanmoqda.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif Amerika qarorlaridan hayron emas.

"Amerika odatdagidek qo'rqitish va do'q qilish bilan ovora. Sanksiyalar bundan boshqa narsa emas. Dunyo ahli bunga qanday javob berishini o'ylab ko'rishi kerak", - deydi Zarif, davlat telekanalida so'zlar ekan.

BMT 2015-yilda qo'ygan embargo muddati shu yilning 18-oktabrida bitadi.

Vashington uni yangilash uchun Xavfsizlik kengashida qattiq harakat qilishga bel bog'lagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG