Breaking News

Tinchlik muzokaralari paytida Tolibon hujumlari davom etmoqda


Qatar poytaxti Doxada Tolibon va Afg’oniston hukumati vakillari tinchlik muzokaralarini davom ettirayotgan bir paytda, Afg’oniston shimolidagi uch viloyatda ro’y bergan hujumlarda 17 kishi halok bo’ldi.

Mahalliy rasmiylarga ko’ra, Tolibon jangarilari xavfsizlik nazorat punktlarini nishonga olgan.

Balx viloyatining Char Kent tumani rahbari Salima Mozori ikki alohida hujumda 9 kishi halok bo’lgani va yana bir necha odam yaralanganini tasdiqladi. Qunduz viloyatida Tolibon xurujlarida 6 askar o’lgan. Taxordagi portlash esa ikki kishini hayotdan olib ketgan, 12 odam yaralangan. Politsiya ma’lumotiga ko’ra, portlovchi moslama mototsiklda o’rnatilgan bo’lgan.

Zo’ravonlik avj olishi Doxada tarixiy muzokaralar kechayotgan bir paytda kuzatilmoqda. Tomonlar 40 yillik mojaroni tugatish qiyinligini, sabr-toqat talab qilishini tan oladi.

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod dialog boshlanganini olqishlar ekan, har ikki tomon murosa qilishi va hokimiyatni bo’lishishi zarur, deya eslatdi.

“Tarix shuni ko’rsatadiki, hokimiyat monopoliyasiga intilish va o’z mafkurasini kuch bilan o’tkazish mojaroga olib keladi, mamlakatni boshqalar ta’siriga ochib beradi”, - deydi Halilzod.

Kobul muzokarachilari ham, Tolibon ham jarayon oldinga siljiyotganini bildirmoqda. Protsessual masalalarda kelishib olingan. Tomonlar 15-sentabr kungi muzokaraning ayni tafsilotlarini jurnalistlar bilan bo’lishgani shundan dalolatki, progress bo’layotganini namoyish etish, kelishmovchiliklarga urg’u bermaslik tomon harakat bor.

12-sentabr kuni tinchlik muzokaralariga start berilgani Afg’onistonda ham, xorijda ham olqishlandi. Biroq mahalliy faollarning ogohlantirishicha, urushga nuqta qo’yamiz deb inson huquqlari, xususan, ayollar huquqlari va so’z erkinligi bobida yon bermaslik kerak.

Afg’oniston Jurnalistlar xavfsizligi qo’mitasining rahbari muovini Sidiqulla Tavhidi so’zlariga ko’ra, hukumat muzokarachilari Doxada matbuot va so’z erkinligini himoya qilishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG