Breaking News

Pens-Harris: Vitse-prezidentlik uchun debat


Vitse-prezidentlikka nomzodlar debati, Yuta universiteti, 7-oktabr, 2020

Vitse-prezidentlikda qolish umididagi respublikachi Mayk Pens va bu lavozimni ko'zlayotgan demokrat Kamala Harris Yuta shtatining Solt-Leyk shahridagi universitetda yuzma-yuz bahslashdi. Bu - vitse-prezidentlikka nomzodlar orasidagi yagona debat. Saylov 3-noyabrda, ammo ko'plab amerikaliklar allaqachon pochta orqali ovoz bera boshlagan.

COVID-19 va vaksina

Harris qayta saylanishga bel bog'lagan Prezident Donald Trampni pandemiyaning oldini olmaganlikda, xavf yuqori ekanini bila turib, vaqtida zarur choralar ko'rmaganlikda aybladi. Jo Bayden Oq uyga saylansa, Amerikani effektiv ravishda bu vabo changalidan olib chiqadi, deydi senator.

Uning respublikachi raqibiga ko'ra esa Tramp ma'muriyati koronavirus tarqalmasligi uchun barcha vositalarni darhol ishga solgan, favqulodda choralar bilan chiqib, nafaqat AQShga kirib-chiqishni nazorat qilishda, balki barcha sohalarda tezlikda harakat qilgan. Uningcha, Bayden qanchalik va'da bermasin, tanqid qilmasin, vaziyatni Trampdan yaxshiroq boshqara olmagan bo'lar edi.

Amerikada hozirgacha 7 milliondan oshiq odam virusni yuqtirgan. 210 mingdan ziyod odam undan o'lgan. Aksariyat bemorlar tuzalmoqda, lekin virus tarqalishda davom etmoqda.

Samarali siyosat yuritilganida bugun millionlab amerikaliklar sog'lomroq bo'lardi va yuzlab ming odamning hayoti saqlab qolinar edi, deydi Harris.

Pens deydiki, demokratlarning Oq uy pandemiyaga qarshi chora ko'rmadi deyishi tamoman asossiz. Kasalxonalar barcha zarur vositalar va dori-darmon bilan ta'minlandi; vaksina ustida jadal izlanishlar boshlandi; AQSh nafaqat o'ziga qaradi, balki dunyo ahliga ham yordam qo'lini cho'zdi, deydi Pens.

Demokratlar nazarida Tramp o'z siyosiy maqsadlari uchun vaksinani shoshib chiqarish harakatida, ilm ahlini tinglamayapti. Respublikachilar nazarida esa demokratlar o'z siyosiy maqsadlari yo'lida vaksina masalasini murakkablashtirmoqda. Vaksina chiqadi, tarqatiladi, tizim tayyor, deydi Pens.

Prezidentlikka nomzodlarning yoshi va muovinlarning roli

Tramp 74 yoshda, Bayden esa 77. Prezident o'z vazifalarini bajara olmay qolsa, vitse-prezident boshqaruvni qo'lga oladi. Nomzodlar salomatligi haqida hozirgacha aniq ma'lumot bergani yo'q.

Pens ham, Harris ham prezidentlikka da'vogarlar kuchli iroda va vijdon egalari ekanini aytib, saylovchi ularga ishonishi kerak, deydi. Lekin debatda na Pen va na Harris Tramp va Bayden sog'lig'i bilan bog'liq savolga javob bermadi.

Soliq masalasi va iqtisod

Harris deydiki, Trampga aslo ishonib bo'lmaydi, nafaqat sihati yuzasidan, balki soliq haqida ham. Prezident yiliga 750 dollargina soliq to'lagani haqidagi ma'lumotlar, Oq uyning mujmal javoblari, deydi Harris, davlat rahbari naqadar mas'uliyatsiz ekanini anglatadi.

Pens deydiki, Amerika Trampdek fidoyi va halol rahbarni ko'rmagan. U har kuni AQSh manfaatlari uchun kurashmoqda, deydi vitse-prezident.

Trampning soliq siyosati Amerika iqtisodiyotini ko'tardi, millionlab ish o'rinlari yaratdi, deydi Pens.

Harris esa buning aksini da'vo qiladi. Bayden saylansa, soliq tizimi isloh qilinadi. Eng boy qatlam ko'proq soliq to'lay boshlaydi. Bu daromad esa quyi qatlam uchun sarflanadi, deydi senator.

Pensga ko'ra, Tramp prezidentligi davrida to'rt a'zolik oilaning daromadi yiliga 4000 dollarga oshgan. Bayden kelsa, daromad pasayadi, deydi u. Demokratlarning iqtisodiy rejasi xarajatni qoplamaydi, faqat zarar keltiradi; yashil iqtisod haqidagi gaplar safsata, deydi vitse-prezident.

Harris esa Bayden prezidentligi Amerikani hozirgi iqtisodiy qiyinchiliklardan xalos qiladi, deydi. Trampning bu borada aniq rejasi yo'q, deydi senator.

Pens deydiki, AQSh allaqachon pandemiya keltirgan inqirozdan chiqa boshlagan. Mamlakat astalik bilan ochilar ekan, deydi u, har oy millionlab ish o'rni ochilmoqda. Kichik va o'rta bizneslar o'zini tiklamoqda. Barcha sanoatlarga yordam ko'rsatilgan. Oq uy bu borada tinimsiz harakatda, deydi u.

Harris esa Bayden singari AQSh iqtisodi ekologik talablarga javob berishi zarurligini aytadi. Demokratlar rejasi davlatni yangi asrga olib kiradi, deydi u.

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar

Mayk Pens iqlimdagi o'zgarishlar bo'rttirilmasligi lozim, deydi. "Yashillashish" - siyosiy bahona, deydi vitse-prezident. Tramp kabi u ham to'fonlar va boshqa tabiiy ofatlar ortida tabiiy omillarni ko'radi. Atrof-muhitni muhofaza qilish kerak, ekologiyani avaylash zarur, deydi Pens, va Oq uy bu masalalarga loqayd emas.

Kamala Harris esa Tramp ma'muriyatini ilmiy tadqiqotlarga befarqlikda va umuman, olimlarga quloq tutmayotganlikda ayblaydi. Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar real va insoniyatga bevosita tahdid solmoqda, deydi Harris. Respublikachilar buni inkor etib, hammani egri yo'ldan olib bormoqda, deydi senator.

Pens iqlimdagi o'zgarishlarni inkor etmasligini aytadi. Zarur choralar ko'rilmoqda, deydi u. Demokratlar ekologiya borasida puch va'dalar berib, trillionlab dollar mablag'ni arzimas loyiha va dasturlar uchun sovurish ilinjida, deya tanqid qiladi respublikachi.

Vitse-prezidentlikka nomzodlar debati, Yuta universiteti, 7-oktabr, 2020
Vitse-prezidentlikka nomzodlar debati, Yuta universiteti, 7-oktabr, 2020

Xitoy - dushmanmi yoki biznes raqib?

Pens deydiki, koronavirus chiqishida va pandemiyada Xitoy aybdor. Pekin xavfning oldini olmadi va dunyo ahlini bu borada aldadi, deydi vitse-prezident. Amerika Xitoy bilan urushmoqchi emas, aloqalarni yaxshilash tarafdori, lekin haqiqatga ochiq ko'z bilan qaraydi va Oq uy bu davlatni javobgarlikka tutish kerak deb hisoblaydi.

Harrisning aytishicha, Xitoy bilan ziddiyat, Pekinga nisbatan "xato siyosat" Amerikaga milliardlab dollarga tushdi va zarar yetkazishda davom etmoqda. Savdo urushlari sabab ish o'rinlari yopilmoqda, tijorat susayib, AQSh bizneslari badalini o'tamoqda, deydi senator.

Xitoy AQSh uchun kim degan savolga na Pens va na Harris javob berdi.

Amerikaning global roli

Harris deydiki, AQSh avvalo o'z do'stlari, ittifoqchilari va hamkorlarini qadrlashi kerak. O'zaro hurmat va ishonchga urg'u berish kerak. Do'stni dushmandan ajrata olishi kerak, deydi senator. Tramp davrida Amerika bu borada faqat orqaga ketdi; xalqaro tashkilotlar, kelishuvlar, bloklardan yuz o'girdi, deydi Harris. Rishtalar uzildi, Tramp AQShni yakkalab qo'ydi, deydi demokrat.

Pensga ko'ra, Tramp tashqi siyosatda bergan va'dalarini bajardi. Ittifoqchilar bilan yonma-yon turdi, lekin ulardan mas'uliyat talab qildi, ularga burchlarini eslatdi, butun yuk Amerikaga tushmasligini ta'minladi. Eng muhimi, deydi vitse-prezident, AQSh o'z manfaatlarini himoya qildi va qilmoqda. Tinchlik va xavfsizlik yo'lida dadil qadamlar tashlandi; harbiy salohiyat oshdi; terror guruhlarini yer tishlatdi va yadvoriy qurollanishga qarshi yangicha choralar ko'ra boshladi, deydi Pens.

Demokrat senator Kamala Harris
Demokrat senator Kamala Harris
Vitse-prezident, respublikachi Mayk Pens
Vitse-prezident, respublikachi Mayk Pens

Oliy suddagi bo'sh o'rin

Prezident Tramp Oliy suddagi bo'sh o'rinni iloji boricha tezroq to'ldirmoqchi. Demokratlarga ko'ra esa bu ish saylovdan keyin qilinishi kerak. Sudya bir umrga tayinlanadi. Nomzodni o'rganish va elakdan o'tkazish uchun vaqt kerak, deydi demokrat senator. Millionlab amerikaliklar ovoz berayotgan paytda bunday muhim qarorlarda nega shoshish kerak, deya so'raydi u.

Pens esa demokratlarni dolzarb masalalarga loqaydlikda, Oq uy va butun tizimni saylov bahona sustlashtirishga harakat qilayotganlikda ayblaydi.

Abort masalasi hamisha nozik. Respublikachilar inson hayotini qadrlashini aytadi, ya'ni homila muayyan muddatdan keyin olinmasligi lozim, deb hisoblaydi. Demokratlar, respublikachilar nazarida, bu borada biror cheklov qo'yilishini xohlamaydi.

Harris deydiki, respublikachilar aslo demokratlar uchun gapirmasligi kerak. Bayden ham, uning tarafdorlari ham hayotni, insonni qadrlaydi, deydi Harris. Abort masalasi ham, Oliy Sudda kim o'tirishi kerakligi ham o'ta jiddiy masalalar, ularga chuqur va qanoat bilan yondashish zarur, deydi senator.

Irq va politsiya

Harris deydiki, irqchilik - tub muammo. Politsiya, huquq-tartibot va adliya tizimi isloh qilinishi kerak.

Pens deydiki, Oq uy irqchilikdan jabr ko'rganlar, undan qurbon bo'lganlarga achinadi va bu holatlardan afsusda. Biroq adolat qonunlarda va adliya tizimi qo'lida, deydi Pens.

Amerikadagi sistema irqchi degan targ'ibot xavfli va unga barham berish kerak, deydi vitse-prezident. Oq uy irqchilikka qarshi kurashadi, deydi u, lekin politsiyani ham quvvatlaydi va tizimga tayanadi.

Harris fikricha esa vitse-prezident nima deyayotganini bilmaydi. U huquq-tartibot borasida yetarlicha tushuncha va tasavvurga ega emas, deydi Kaliforniya shtatining sobiq prokurori. Uning aytishicha, Tramp ma'muriyatining shu kungacha olib borgan siyosati uning irq haqida qanday fikrlashini aks ettiradi. Harris ham Bayden singari Prezident Trampni irqchilikda ayblaydi.

Pens esa buni qoralaydi. Tramp va uning ma'muriyati bag'rikenglikni targ'ib qiladi, hech kimni kamsitmaydi, qonun va tartibga ishonadi, deydi vitse-prezident.

Vitse-prezidentlikka nomzodlar debati, Yuta universiteti, 7-oktabr, 2020
Vitse-prezidentlikka nomzodlar debati, Yuta universiteti, 7-oktabr, 2020

Ovoz berish ahamiyati

Harris har bir saylovchini bu safar albatta ovoz berishga undadi. Saylovda qatnashing va Baydenni tanlang, dedi u. Senator eslatadiki, ko'plab respublikachilar, xususan generallar va siyosiy arboblar ham Baydenni quvvatlamoqda. Chunki ular Trampga ishonmaydi va davlat boshqaruvining unda qolishini xohlamaydi, deydi Harris.

Pens fikrciha esa saylovchi kimga ovoz berishni o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda, mamlakat kelajagini o'ylagan holda hal qiladi. Demokratlar mojaro va tortishuvlarni yaxshi ko'radi, deydi respublikachi, "ularga ishonmang". Pens nazarida Tramp qayta saylanishi uchun asos yetarli, xalq prezidentga to'g'ri baho berishga qodir.

Vitse-prezidentlikka nomzodlar Amerika demokratik tizimiga suyanishini, bu davlatni erkinlik, mas'uliyat va qonun tebratishini, xalq ham buni chin dildan qadrlashini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG