Breaking News

Tramp va Bayden orasidagi birinchi debat qanday kechdi?


Klivlend, 29-sentabr, 2020
Klivlend, 29-sentabr, 2020

Oq uy uchun kurashayotgan respublikachi va demokrat nomzodlar - Donald Tramp va Jo Bayden - orasidagi birinchi yuzma-yuz bahs Ogayo shtatining Klivlend shahridagi Keys Uestern universitetida kechdi. Nomzodlar bir-biriga so'z bermaslikka urindi. Moderator ularni bir necha bor bahs qoidalariga rioya qilmaganlikda koyidi. Biroq bir yarim soatdan oshiq davom etgan debatni, ayrim tadqiqot markazlariga ko'ra, kamida 100 million amerikalik jonli tomosha qildi, aholining deyarli uchdan bir qismi. 77 yoshli sobiq vitse-prezident va 74 yoshli amaldagi prezident Oliy sud, koronavirus pandemiyasi, iqtisodiy vaziyat, irqchilik va politsiya, iqlim va ekologiya hamda saylov tizimiga nisbatan ishonch borasida bahslashdi. Kim yutdi? G'olib saylovdan keyin ma'lum bo'ladi. Ungacha faqat sinov.

Oliy suddagi bo'sh o'rin

Prezident Donald Tramp 3-noyabrgacha Oliy sudga yangi sudya Senat tomonidan tasdiqlanadi, degan umidda. Jo Bayden esa bunday qarorlar qilish uchun zarur vaqt berishili va jarayon shoshmay olib borilishi lozim, deb hisoblaydi.

COVID-19

Bayden nazarida Tramp prezidentligi davrida Amerika sog'liqni saqlash tizimi ishdan chiqdi va Oq uy qarori bilan Obama prezidentligi davrida boshlangan "zarur islohotlar" bekor qilingani pandemiya davrida minglab amerikaliklarning nobud bo'lishiga sabab bo'ldi.

Tramp fikricha esa Obamadan unga "rasvo sistema" qolgan va uni noldan boshlab yaxshilash uchun uning ma'muriyati sistematik choralar ko'rmoqda. Obama paytida barcha amerikaliklardan tibbiy sug'urta talab qiluvchi "islohot" biror jihatdan ijobiy natija bermagan. Amerikaliklar, deydi Tramp, unga qat'iyan qarshi.

Bayden deydiki, Tramp yetarlicha isbot-dalilga qaramay pandemiyaga qarshi chora ko'rmadi. Prezident o'zini bilmaganga, ko'rmaganga oldi va yaqinlashayotgan xavfga nisbatan pinagini buzmadi, deydi demokrat. Koronavirusdan yuzlab ming amerikaliklarning o'lgani, millionlab odamlar virusga chalinganida Tramp rahbar sifatida javobgarlikka tutilishi kerak.

Tramp deydiki, Amerika boshidanoq zarur choralar ko'rgan. Virus chiqqan Xitoy bilan havo yo'llari cheklangan va favqulodda qilingan ishlar sabab millionlab amerikaliklarning hayoti saqlab qolingan. Bayden iddao qilayotganidek, hech qanday chora ko'rilmaganida, bugun Amerika haqiqatda dahshatli ahvolda bo'lardi, deydi Tramp.

Bayden esa Trampni vijdonsizlikda ayblaydi. Oddiy niqob taqish borasida samarali siyosat yurita olganida edi, deydi demokrat nomzod, Amerika bugun yaxshiroq, sog'lomroq yashayotgan bo'lar edi.

Tramp uning "sanoqsiz muvaffaqiyatlari" xolis yoritilmayotganida mediani qoralab, jurnalistlarni liberallar manfaatlarini himoya qilayotganlikda ayblaydi. Bayden 47 yildan beri Vashingtonda siyosatchi va biror ishni eplamagan, degan gapni prezident bot-bot tilga oldi.

Tramp boshida pandemiya bir necha hafta ichida tugaydi, xususan aprel yarmiga ham yetmay chekinadi, deya bong urdi, deya tanqid qiladi Bayden. Endi esa vaksina chiqayapti, tayyor turing, deya amerikaliklarni laqillatish bilan ovora, deydi demokrat.

Tramp esa xalqqa rost gapirayotgani, Amerikada bir emas, bir necha vaksina ustida jadal harakat ketayotganini ta'kidlab, davlat bu borada ilg'or ekani va dunyoga birinchilardan bo'lib vaksina taqdim etishini aytadi.

Nomzodlar, shuningdek, maktablar qachon ochilishi kerakligi va bundan keyinchi chora-tadbirlar qanday bo'lishi yuzasidan ham turlicha fikrda.

Bayden fikricha, barcha amerikaliklar darhol niqob taqa boshlashi kerak. Tramp esa niqobga qarshi emasligi, lekin odamlar o'zlari qaror qilishlari zarur, deb hisoblaydi.

Iqtisod: bugun va kelajak

Bayden deydiki, Amerika ehtiyotkorlik bilan ochilishga majbur, chunki Tramp siyosati sabab millionlab odamlar kasal. Mamlakatning yarmidan ko'p qismida koronavirus yana avj olib, vaziyat tobora qiyinlashmoqda, deydi Bayden. Bunday holatda Oq uy xohlaganidek, yoppasiga qayta ochilish mamlakatni jar yoqasiga olib boradi va zarar hozirgidan bir necha karra yuqori bo'lishi tayin, deydi demokrat.

Tramp deydiki, aynan uning siyosati sabab aprel oyida birdaniga ko'tarilgan ishsizlik darajasi hozirga kelib, bir necha baravar tushgan. Ayni damda 8,6 foizda. Bizneslar ochilishi ishsizlikni keskin kamaytiradi, deya bahslashadi u. Pandemiyagacha Amerika iqtisodi a'lo edi, deydi Tramp, muammo siyosatda emas, virusda.

Tramp prezidentlikka kelgach, yiliga atigi 750 dollar soliq to'lagani haqida chiqqan xabarlarni inkor etadi. "Millionlab dollar soliq to'laganman va bu yaqinda isbotlanadi", - deydi prezident.

Bayden esa uni doimiy yolg'onda va Amerika xalqini bu borada ham aldayotganlikda ayblaydi.

Tramp xususiy sektor uchun soliqni pasaytirish tarafdori, Bayden esa hozirgi soliq tizimidan boylar asosan foyda ko'rib, quyi qatlamning ahvoli og'irlashganini aytadi.

Obama davridan Trampga "gurkirayotgan iqtisod" qolgan, deydi sobiq vitse-prezident. "AQShni og'ir inqirozdan biz olib chiqqanmiz... Tramp esa iqtisodni barbod qildi", - deydi u.

Tramp buning aksini aytadi. Prezidentligi davridagi ijobiy ko'rsatkichlar oldingi prezident emas, aynan uning siyosati samarasi ekanini da'vo qiladi.

Nomzodlar bir-birini qalloblikda va oilaviy korrupsiyada ham ayblaydi. Bayden shu paytgacha olib borilgan tekshiruv va tergovlar uning oilasi toza ekanini ko'rsatganini aytsa, Tramp ham o'z oilasi haqida xuddi shunday pozitsiyada.

Irq va irqchilikka qarshi kurash

Bayden fikricha, Amerikada irqchilik hamon keng tarqalgan illat va Oq uy buni tan olmasligi muammo yechimini nafaqat sustlashtiradi, balki mamlakatni egri yo'lga yetaklamoqda.

"Ta'lim, ish va qonun-tartibotda sistematik adolatsizlik hukmron", - deydi Bayden, bugungi AQShni tasvirlar ekan.

Tramp esa har qanday huquqbuzarlik va qonunbuzarlikka qarshi kurash politsiya va adliyaning ishi ekanini aytadi.

"Amerikada huquq-tartibot organlari, xususan politsiya men tarafda. Birortasi Baydenni yoqlamaydi", - deydi Tramp.

Jamoatchilik xavfsizligini saqlash, tartibni nazorat qilish birlamchi masala, deydi prezident. Shuningdek, Amerika - irqchi jamiyat, deya bong urish asossiz, deb hisoblaydi u. Maktabdan tortib korxonalargacha, irqqa ustuvor omil sifatida qarash xalqning hayotini og'irlashtiradi, deydi prezident.

Bayden fikricha esa Trampning o'zi "irqchi ekani" sabab ham muammo mohiyatini tushunmaydi. Prezident huquq-tartibot tarafdori bo'lsa, demak, adolat uchun kurashishi kerak, hozirgi harakatlari esa bunga zid, deydi demokrat.

Tramp deydiki, irqchilikka qarshiman deya buzg'unchilik qilish, odamlarning tinchligiga raxna solish jinoyatdir va eng dolzarb vazifa - politsiyani quvvatlash.

Bayden esa politsiya tizimini isloh qilmaslik mas'uliyatsizlik, deb biladi. Sistemani o'zgartirish, deydi u, aslida huquq-tartibot organlari uchun ham, fuqaro uchun ham foyda. Prezident uchun esa bu taklif o'rinsiz.

Kris Vollis, "Fox" telekanali jurnalisti, debatga moderatorlik qildi
Kris Vollis, "Fox" telekanali jurnalisti, debatga moderatorlik qildi

Norozilik namoyishlari

Bayden deydiki, Amerika bo'ylab to'xtamayotgan norozilik namoyishlariga Oq uyning befarq ekani Tramp naqadar layoqatsiz rahbar ekanini ko'rsatadi. Prezident esa tartibni saqlash uchun uning ma'muriyati qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rayotganini aytadi.

Namoyishlar ortida ANTIFA degan jinoyatchi guruhlar turibdi, deydi Tramp. Demokratlar o'zini bilmaganga olib, deydi u, aybni Oq uydan qidirmoqda, qora niyatli to'dalardan emas. Bayden esa bu gapni safsata deb hisoblaydi. Uningcha, Tramp xalq aynan undan norozi ekanini tan olishni xohlamaydi.

Tramp prezidentligiga baho

Prezident nazarida o'tgan to'rt yil Amerika tariixidagi eng muvaffaqiyatli siyosiy davr bo'ldi, har jihatdan. Iqtisodiy va harbiy qudrat misli ko'rilmagan darajada ko'tarildi, deydi u.

Bayden deydiki, Tramp rahbarlik qilgan yillarda Amerika sihati yomonlashdi, qashshoqlik kengaydi, imkoniyatlar ozaydi, xavfsizlikka putur yetdi, davlatga nisbatan ishonch xalq orasida ham, xorijda ham ozaydi.

Tramp qayta saylanishi uchun asos yetarli ekanini aytsa, Bayden uni Oq uyda qoldirish Amerika uchun jar yoqasi yomon yo'nalish bo'ladi, deydi.

Iqlimdagi o'zgarishlar

Tramp deydiki, ekologik muammolarga qarshi kurashish kerak, lekin iqlimda salbiy o'zgarishlar kuzatilmoqda, deya vahima qilishga hojat yo'q.

Bayden deydiki, Amerika Tramp paytida ekologik jihatdan loqaydlashdi. Oq uy yer yuzida harorat ko'tarilib borayotganini muammo deb bilmaydi, deydi u.

Tramp muqobil energiya turlariga, yashillashishga qarshi emasligini aytadi. Bayden esa uni ekologiyani buzadigan qarorlarda ayblaydi. Prezidentlikka saylansa, u iqtisodiyotni ekologik jihatdan zamonga moslashni va'da qilmoqda. Aynan shu yo'nalishda minglab ish o'rinlari yaratiladi va AQSh iqlim bo'yicha xalqaro bitimlarga qaytadi va mas'uliyat bilan harakat qila boshlaydi, deydi Bayden.

Tramp esa iqtisodiy manfaatlar va ekologik manfaatlar orasida muvozanat zarur deb hisoblaydi. Zarar va foyda to'g'ri baholanishi lozim, deydi prezident. Amerika uni azaldan boqib kelgan sohalar, xususan an'anaviy yonilg'idan voz kecha olmaydi.

Baydenga ko'ra esa yangi zamon yangicha yondashuv talab qiladi. Ekologik ogohlikka asoslangan yangi sanoatlar uchun yo'l ochish va sarmoya qilish kerak.

Tramp esa Baydenning bu boradagi va'dalari trillionlab dollarga tushishi va investitsiya behuda ketishini aytadi.

Saylov tizimi xavfsizligi

Bayden deydiki, bu safar har bir amerikalik ovoz berishi kerak. Fuqaro bu erkinligidan foydalanishi hozir o'ta muhim burch, deydi u. Pochta orqali ovoz berish ham ishonchli. "Eng asosiysi, sizning ovozingiz", - deydi u yurtdoshlariga murojaat qilar ekan.

Amerika demokratik tizimini himoya qilish har bir fuqaro zimmasida, deydi Bayden, kelajakning qayda bo'lishi saylovchi qo'lida. Tramp fikricha esa ovoz qay tarzda berilishiga e'tibor berish zarur.

Uningcha, pochta orqali ovoz berilishi ishonchli emas. Qallobliklar, turli soxtakorliklar qilinishi mumkin, deydi u. Buning ustiga natijani aniqlash qiyin va sekin kechishi mumkin. Prezident taxminicha, masalani hal etish Oliy sudga borib taqalishi mumkin.

Ovozlar sanalar ekan, nomzodlar o'z tarafdorlarini tinchlik saqlashga undaydimi? Tartibni buzmaslikka va'da bera oladimi?

Tramp deydiki, u fuqarolardan avvalo ogoh bo'lishni so'raydi.

Bayden deydiki, u hammani tizimni hurmat qilishga undaydi.

Debatdan so'ng nomzodlar bir-biriga qo'l bermadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG