Breaking News

Bayden oldinda; millionlab saylovchi ovoz berib bo'ldi


Demokrat Jo Bayden Delaver shtatida

Amerika bo'ylab olib borilgan ommaviy so'rovlar natijasiga ko'ra, Oq uy uchun poygada demokrat Jo Bayden Prezident Donald Trampdan oldinda ketmoqda. Saylov kuni 3-noyabr, lekin millionlab amerikaliklar allaqachon pochta orqali ovoz berib bo'ldi.

Ko'plab shtatlarda Baydendan 9-10 foiz orqada ketayotgan Tramp qayta saylanishiga ishonch bildirmoqda. Qariyb 28 million saylovchi prezidentlikka kimni tanlaganini saylov varaqasiga yozib bo'ldi, ammo respublikachi rahbar fikricha, so'rovlar har doim ham haqiqatni aks ettirmaydi.

Erta ovoz berishning asosiy sababi - pandemiya. O'zini ehtiyot qilish uchun saylovchi ovoz berish uchastkasiga borishni xohlamaydi.

Lekin respublikachi respondentlarning aksariyati saylov kuni an'anaviy tarzda ovoz bermoqchi.

Reytinglarga qarab, ayrim axborot vositalari Jo Baydenning yutishi aniq deya taxmin qilmoqda. 46-prezident etib saylansa, Bayden inauguratsiya 78 yoshda bo'ladi.

Tramp, qayta saylana olmasa, Amerikada o'tgan 40 yil ichida bir muddatgina xizmat qilgan uchinchi prezident sifatida tarixga kiradi.

2016-yilgi poygada ham Tramp ko'plab shtatlarda raqibidan orqada bo'lgan. Pensilvaniya, Michigan va Viskonsin shtatlarida o'shanda, masalan, Hillari Klinton yutishi taxmin qilingan, ammo Tramp u yerlarda g'alaba qozongan.

FiveThirtyEight.com sayti ommaviy so'rovlarga asoslanib, 40 ming ehtimolni tahlil qilgan va 100 dan 88 holatda Bayden ustun kelishini bashorat qilmoqda.

G'alaba Saylov kollegiyasining 270 dan ortiq ovozini olgan tomonda. Sistema shundayki, fuqaro ovoz beradi va shtatda ko'pchilikning ovozi qay tomon ketsa, kollegiyaning ovozi ham shuni aks ettiradi.

Prezident Tramp Arizona shtatida, 19-oktabr, 2020
Prezident Tramp Arizona shtatida, 19-oktabr, 2020

22-oktabrda Bayden va Tramp oxirgi bor yuzma-yuz bahs qilishi rejalangan.

Vitse-prezidentlikka nomzodlar respublikachi Mayk Pens va demokrat Kamala Harris shtatma-shtat kezib, kampaniyaga zo'r bermoqda. E'tibor mustaqil saylovchilari bilan tanilgan shtatlarda.

Tramp yutishiga qanchalik umid qilmasin, yutqazgan taqdirda nima bo'lishi haqida ham so'z ochdi.

“Boy bersam nima bo'lishini tasavvur qila olasizmi?" - dedi u saylovchilar bilan uchrashuvda.

"O'zimni yomon his qilishim aniq. Balki mamlakatdan chiqib ketarman, bimayman", - dedi prezident hazilomuz ruhda.

Ayrim shtatlarda Tramp saylovchilarga qarab, agar unga ovoz berishmasa, ularning oldiga aslo qaytmasligini aytgan.

Tramp tadbirlariga kelayotganlar ko'p hollarda niqobsiz, Baydenning uchrashuvlarida esa buning aksi.

Tramp fikricha, Amerika pandemiyaning eng og'ir qismidan chiqdi. Bayden fikricha esa vaziyat oxirgi paytda yanada salbiylashgan.

AQShda kuniga 50 mingdan oshiq odamda koronavirus aniqlanmoqda. Shu kungacha undan 220 mingga yaqin amerikalik vafot etdi. Yuqtirganlar soni 8 milliondan oshgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG