Breaking News

Mayk Pens: Tramp va injilchi saylovchilar o'rtasidagi ko'prik


AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens
AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Prezident Donald Trampning sodiq yordamchisi sifatida to'rt yildan beri ma’muriyatda ishlamoqda. U ayni paytda koronavirusga qarshi kurash guruhiga rahbarlik qilyapti.

To'rt yil oldin prezidentlik uchun kampaniya boshlagan Tramp uni sherigi sifatida tanlaganda, Pens mamlakat darajasida nisbatan noma'lum siyosatchi edi. Pens kongressmen sifatidagi 12 yillik faoliyatidan so'ng Indiana shtatida gubernatorlik qilayotgan edi. U siyosatda 16 yildan beri konservativ guruhlar ovozi hisoblanadi.

Vitse-prezident Mayk Pens rafiqasi bilan inauguratsiya kuni, Vashington, 2017-yil, 20-yanvar
Vitse-prezident Mayk Pens rafiqasi bilan inauguratsiya kuni, Vashington, 2017-yil, 20-yanvar

Tramp 2016-yil demokrat raqibi Hillari Klintonga qarshi imkoniyatini kuchaytirish uchun Pens kabi konservativ hamkorga muhtoj edi. Maktab o'qituvchisi Karen bilan 35 yillik turmushga ega va diniy qarashlari o’ta konservativ Pens Nyu-Yorkda ko'chmas mulk biznesi bilan shug’ullangan va uch marta uylangan Trampning mutlaqo ziddi.

Bundan tashqari, Pens AQSh saylovchilarining to'rtdan bir qismini tashkil etishi aytiladigan injilchi nasroniylar bilan juda yaqin aloqaga ega. 2016-yilgi saylovda Tramp injilchilar ovozining katta qismini qo'lga kiritgan. Bu ishda Pensning hissasi katta bo’lgani aytiladi.

Injilchilar bilan aloqa

2016-yildan beri Tramp injilchi nasroniylarga ma’qul keladigan bir qator ishlarni amalga oshirdi: Oliy sudga uchta konservator sudya tayinladi hamda yana 200 ga yaqin nomzodni federal sudlarga taqdim etdi. Shuningdek, u ayollarning abort qilish huquqiga keskin qarshilik ko'rsatdi.

Siyosatga qadam qo’ygan ilk kunlaridanoq Pens o'zini "nasroniy, konservator va respublikachi, xuddi shu tartibda", deb ta'riflagan edi.

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens diniy yetakchilar davrasida, Ayova, 2020-yil, 8-may
AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens diniy yetakchilar davrasida, Ayova, 2020-yil, 8-may

Pensning eng yaqin maslahatchisi va ishonchli odami - uning rafiqasi Karen. U bilan 1983-yil birinchi marta Indianapolisdagi Avliyo Tomas Akvinskiy cherkovining avtoturargohida uchrashgan. Karen o'qituvchi va mohir akvarel rassomi; katolik cherkovida gitara chalgan. Er-xotin keyinchalik injilchi nasroniylarga qo’shilgan.

OAV ma'lumotlariga ko'ra, Pens va uning rafiqasi birgalikda mashq va ibodat qiladi. Vitse-prezident, 2017-yildagi xabarlarga ko'ra, xotinidan boshqa ayollar bilan yolg'iz ovqatlanishdan bosh tortadi.

Trampga favqulodda sodiqlik

Pens kamdan-kam hollarda o'z xo'jayini, ya’ni prezidentni maqtash imkoniyatini qo’ldan chiqaradi. 2017-yilda bo'lib o'tgan bir yig’inda u shu davrada o’tirgan Trampni 14 ta olqishlagan.

Lekin 2016-yilgi saylovoldi kampaniyasi paytida Trampning ayollarga nisbatan behayo so’zlari aks etgan video paydo bo'lganda Pens, "men uning bu so'zlarini qabul qila olmayman va himoya qilmayman", deb aytgan edi.

Indianadan boshlangan siyosiy faoliyat

61 yoshli Pens Indiana shtatida o'sgan, yuridik sohada o’qib, bir muncha vaqt advokat sifatida ishlagan. Ammo ko’p o’tmay siyosatga yuzlangan. U 1988 va 1990-yillarda Vakillar palatasi saylovlarida muvaffaqiyatsiz qatnashdi. 1994-1999-yillarda konservativ radio va teleko'rsatuvlar boshlovchisi sifatida Indiana aholisi orasida tanildi.

Indiana gubernatorligi uchun saylov kampaniyasi olib borayotgan Mayk Pens oilasi davrasida
Indiana gubernatorligi uchun saylov kampaniyasi olib borayotgan Mayk Pens oilasi davrasida

Nihoyat, 2000-yilda Kongressga saylandi. Jami olti marta qayta saylanib, 12 yil Vakillar palatasida ishladi. Vashingtonda u konservativ qonunchilar ovoziga aylandi; Respublikachilar partiyasi ichida yetakchilik pillapoyalaridan ko’tarilib bordi. 12 yil davomida u 90 ta qonun loyihasini va qarorlarni taqdim etdi, ammo ularning hech biri qonunga aylanmadi.

Gubernatorlik davri

Pens 2012-yilda Indiana gubernatorligini qo'lga kiritdi. Gubernatorlik davrida abortni cheklash va soliqlarni kamaytirishga qaratilgan qonuniy choralarga imzo chekdi. Shu bilan birga, shtatdagi mahalliy o'zini o'zi boshqarish organlariga korxonalardan ishchilarga ish haqi va nafaqalarni federal qonunda belgilanganidan ko'proq to'lashni talab qilishni taqiqlab qo’ydi.

Pens imzolagan Diniy erkinlikni tiklash to'g'risidagi qonun mamlakat darajasida bahslarga sabab bo’ldi. Qonun biznes egalariga, agar diniy e’tiqodi yo’l qo’ymasa, ba’zi mijozlarga xizmat ko’rsatishdan bosh tortish huquqini beradi. O’sha paytda bu gomoseksual mijozlarga qarshi qabul qilingan chora ekani aytildi.

Ammo mo'tadil respublikachilar va keng jamoatchilik e’tirozlaridan so'ng, Pens orqaga chekinib, qonunga jinsiy orientatsiya va jinsning o'ziga xosligi asosida kamsitishni taqiqlovchi o'zgartirish kiritdi.

Koronavirusga qarshi kurashdagi yetakchilik

Koronavirus 2020-yil boshida Qo'shma Shtatlarga kirib kelganda, Tramp Pensga hukumatning virus tarqalishini to'xtatish va uning sinovlari va davolash ishlarini muvofiqlashtirish bo'yicha harakatlarini nazorat qilish vazifasini topshirdi.

Pens Oq uyning koronavirus bo'yicha maxsus guruhi yig'ilishlarini olib bordi va har kuni milliy televizion brifinglarda mamlakatning virusga qarshi kurash holati to'g'risida xabar berib turdi. Ammo Tramp demokrat raqibi Jo Bayden tanqidlaridan so’ng kunlik matbuot anjumanlarini o’tkazishni tez orada o'z zimmasiga oldi. U bu yig’inlarda virus nazorat ostida ekanini, 2020-yil oxirigacha vaksina ishlab chiqilishini aytdi.

Pens o'n minglab amerikaliklar vafot etgan bo'lsa ham, AQShdagi virusning holati to'g'risida ko'proq ijobiy ma’lumotlarni berishga harakat qildi.

Iyun oyida yuqumli kasallikning dastlabki to’lqinidan deyarli qutilgan shtatlar va shaharlarda virus yana ko'payib borayotganini Pens, Tramp singari, mamlakatda ko'proq sinovlar o'tkazilayotgani bilan bog’ladi. Respublikachi senatorlar bilan shaxsiy uchrashuvlarda u qonunchilarni mamlakatdagi virusga qarshi kurashda "dalda beruvchi ishoralar"ga e'tibor qaratishga chaqirdi.

Iyun oyi o'rtalarida Pens “Wall Street Journal” nashridagi maqolasida koronavirus bo'yicha vahima "haddan tashqari bo’rttirilgani”ni aytdi.

Koronavirusga qarshi Oq uyda tashkil etilgan guruh rahbari Mayk Pens (o'ngda)
Koronavirusga qarshi Oq uyda tashkil etilgan guruh rahbari Mayk Pens (o'ngda)

"Biz tarqalishni sekinlashtirdik, zaif odamlarga g'amxo'rlik qildik, hayotni saqlab qoldik va kelajakda har qanday muammolarga duch kelishimiz uchun mustahkam poydevor yaratdik, - dedi u. – Buni bayram qilish lozim, ommaviy axborot vositalari kabi qo'rquv yaratish kerak emas".

Ushbu so'zlar Pensning shtab-kvartirasi rahbari Mark Shot va boshqa bir qator yordamchilari “COVID-19”ga chalinishidan bir necha kun o'tib yangradi.

Shuningdek, Prezident Tramp, birinchi xonim Melaniya Tramp, ularning o'g'li Baron hamda Oq Uyning o'nlab yordamchilari, xodimlari va oilaning boshqa yaqinlari ham virusga chalindi.

Pandemiya davom etmoqda

Pensning so’zlariga qaramay, pandemiya avj olishda davom etmoqda. Jons Xopkins universiteti ma'lumotlariga ko'ra, AQShda qurbonlar soni hozirda 230 mingdan oshdi. Virusga chalinish holatlari esa 9,2 million kishini tashkil etmoqda. Har ikki raqam dunyodagi eng katta ko’rsatkich.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG