Breaking News

Oq uy uchun uchinchi urinish g'alaba bilan tugadi


Prezidentlikka saylangan Jo Bayden va vitse-prezidentlikka saylangan Kamala Harris
Prezidentlikka saylangan Jo Bayden va vitse-prezidentlikka saylangan Kamala Harris

AQSh prezidentligi uchun amaldagi rahbar Donald Tramp bilan keskin kurash olib borgan demokrat Jo Bayden nafaqat elektorat ko’nglini qozonishi, balki o’z partiyasining progressiv qanotini ham birlashtira olishi lozim edi.

Bu yilgi saylov oldingilariga o’xshamadi. Millionlab odam ishsiz. Ayrim shtatlarda namoyishlar. Koronavirus pandemiyasi shiddat bilan davom etmoqda.

Ushbu omillar saylov natijasini hal qiluvchi shtatlarda Prezident Trampning aholi orasida reytingini tushirgan edi. Bu esa Baydenga qo’l keldi.

“10 yil ilgari Arizona, Texas va hatto Jorjiyada ikki nomzod tarafdorlari deyarli teng bo’lishi hech kimning xayoliga ham kelmagan bo’lardi”, - deydi siyosatshunos Larri Sabato.

Barak Obama davrida sakkiz yil vitse-prezident bo’lgan Bayden qator qonunlar qabul qilinishida muhim rol o’ynagan. U 29 yoshida Senatga saylangan. 36 yil senatorlik qilgan.

“Hukumat qanday ishlashini bilaman”, - deydi u.

“Hayotida fojialarni boshdan kechirgan. Birinchi xotini va qizi avtohalokatda nobud bo’lgan”, - deydi professor Barbara Perri.

2015-yilda esa Bayden to’ng’ich o’g’lini saratonga boy berdi.

Shaxsiy hayotidagi fojialar va 50 yildan beri siyosatda ekani bois, ayrim kuzatuvchilar fikricha, siyosiy raqiblari Baydenga nisbatan Hillari Klintonga qarshi bo’lgani kabi adovat qo’zg’ata olmadi.

Lekin Baydenda xarizma yo’qligini hatto uning tarafdorlari ham tan oladi.

“Bayden ko’ngilchan odam. Bu xususiyat odatiy saylovda unga zarar qilgan bo’lardi. Odamlar oldidagi tanlov aniq”, - deydi Larri Sabato.

Sobiq senator nomzodlarni saralash jarayonida bir qancha raqiblaridan ustun keldi.

“Sanders, Butejej va Klobushar kabilar bilan kuch sinashdi. Bayden haqiqiy mo’tadil siyosatchi, radikal so’lchi emas”, - deydi Perri.

Bayden vitse-prezidentlik uchun ozchilikdan chiqqan ayol arbob Kamala Harrisni tanlab, xotin-qizlar, qora tanlilar va immigrantlar ovoziga umid bog'ladi.

Uch oydan keyin inauguratsiya ketidan Bayden 46-prezident bo'ladi.

U 1942-yilda Pensilvaniya shtatining Skrenton shahrida mehnatkashlar oilasida dunyoga kelgan. Sirakyuz va Delaver universitetlarini bitirgan. Huquqhunoslik diplomiga ega.

Bayden to'rt farzandning otasi. Bir necha nabiralari bor.

Rafiqasi Jill Bayden 69 yoshda, universitetda dars beradi, fan doktori.

Bayden prezidentlik uchun ilk bor 1988-yilda harakat qilgan. Uzoqqa bora olmagan. 2008-yilda ham uringan, Barak Obama bilan poygada kurashgan. Yutqazgan. Obama uni vitse-prezidentlikka tanlagan.

Bayden inauguratsiyagacha ma'miriyatning yangilanish jarayoniga boshchilik qiladi. Vazirlar va turli agentliklarga rahbarlar tanlash bilan band bo'ladi, shuningdek, Oq uydagi birinchi 100 kunda nimalar qilinishi lozimligi ustida bosh qotiradi.

Bayden haqida nimalarni bilasiz?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG