Breaking News

Bayden AQShning Qirgʻiziston bilan uzilgan aloqalarini tiklaydimi?


AQSh prezidenti etib saylangan Jo Bayden
AQSh prezidenti etib saylangan Jo Bayden

Qirgʻiziston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sadir Japarov Jo Baydenni AQSh prezidentligiga saylangani bilan qutladi.

“Bugun AQSh oʻz taraqqiyotining tarixiy bosqichida turibdi hamda sizning rahbarligingiz bilan Amerika xalqi yangi choʻqqilarga erishishiga aminman. Qirgʻiziston Respublikasi Qirgʻiz-Amerika aloqalarining oʻzaro manfaatli rivojiga doimo alohida eʼtibor qaratib keladi. Hamkorlik boʻyicha asosiy kelishuvning loyihasi boʻyicha soʻzlashuvlar oldinga qarab jilayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlayman. Ikki xalqning farovonligi uchun Qirgʻiz-Amerika aloqalarini yangi darajaga chiqarishga yoʻnaltirilgan hamkorlikdagi ishlarga quvonchimni bildiraman”, - deb yoziladi Japarovning tabrik telegrammasida.

Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati 9-noyabrda bildirdi.

Qirgʻizistonda siyosatdonlar ham Jo Bayden davrida AQSh va Qirgʻiziston aloqalari iliqlashadi, degan fikrda.

“AQShdagi prezidentlik saylovi birgina Qirgʻizistonga emas, butun dunyo uchun ahamiyatli va qiziq boʻldi. AQSh bu dunyodagi eng nufuzli uch mamlakatdan biri. Boshqacha aytsak, dunyo AQSh bilan hisoblashadi", — deydi xalqaro munosabatlar boʻyicha ekspert Aybek Sidiqov.

"Aynan Qirgʻiziston uchun prezidentlik saylovi natijasining ahamiyati muhojirlarga tegishli qarorlarga kelib taqaladi. Oʻzingiz ham bilganingizdek, Qirgʻiziston fuqarolari hozir AQShga kira olmaydi. Bu Donald Tramp maʼmuriyatining qarori. Tramp hukumatga kelishi bilan muhojirlarning AQShga kelishiga bir necha cheklovlarni kirgizgan. Bayden esa bu qarorlarni bekor qilib, muhojirlarning kirishini yengillatishi mumkin”.

Sidiqovning qoʻshimcha qilishicha, AQShga qaysi bir prezident kelgan taqdirda ham Qirgʻiziston bilan u qadar qiziqmaydi.

“Bizning sobiq prezident Sooronbay Jeenbekov Donald Tramp bilan AQShda uchrashuv oʻtkazgan, ammo u formalgina boʻlgan. Qirgʻiziston Sovet ittifoqi tarqagandan beri Rossiya bilan yaxshi aloqa tuzgan. Bu AQShni oʻzidan nari turtadi va ular Qirgʻizistonda koʻp reja tuza olishmaydi. Almazbek Atambayevning amerikaliklarni “Gansi” bazasidan chiqarib yuborgani ham aloqalarning sovishiga turtki boʻlgan”, — deydi tahlilchi.

Qirgʻiziston va AQSh hukumatlarining hamkorligi boʻyicha kelishuvga 1993-yil 19-mayda Vashingtonda qoʻl qoʻyilgan. Bu hujjat qirgʻiz hukumati tomonidan 2015-yilning 21-iyulida bir tomonlama denonsatsiya qilingan. Ikki yildan beri yangi kelishuv tayyorlanayotgani aytib kelinganiga qaramay, unga hanuz qoʻl qoʻyilmagan.

AQSh bilan aloqalarimizning qanday shaklda davom etishi yaqinda oʻtilishi kutilayotgan Qirgʻiziston prezidentligi uchun saylovda kim gʻolib kelishiga bogʻliq, deydi siyosatshunos Joldoshbek Botonov.

“Amerikaning yangi saylangan lideri Qirgʻizistonga nisbatan diplomatik munosabatlarning yoʻnalishini salbiy yoki ijobiy tomonga oʻzgartirib yuborishi mumkin. Bizning koʻplab fuqarolarimiz AQShda istiqomat qilib, ishlab yuribdi", — deydi mutaxassis.

Botonov o'tgan o'nyillikdagi jarayonlarni qayd etadi. Vashington bilan munosabatlarda Moskva va Pekin roli muhim rol o'ynaydi.

"Demokratiya degan institut ham Markaziy Osiyoga, jumladan, Qirgʻizistonga AQSh tarafidan kirganini bilasizlar. Shubhasiz, AQSh bizni mustaqil davlat sifatida birinchilardan boʻlib tan olgan. Lekin ayni paytda AQShni yoqtirmaydigan, u bilan dunyo siyosatida liderlik uchun kurashgan Rossiya Federatsiyasi bor, Xitoy Xalq respublikasi bor. Ularning liderlari ham Qirgʻizistonning tashqi va ichki siyosatiga katta taʼsir koʻrsatib keladi", — deydi Botonov.

"Rossiya va AQSh oʻrtasidagi liderlik toʻqnashuvlari ortidan dastlab Qirgʻizistonning avvalgi prezidenti Qurmanbek Bakiyev iqtidordan chetlatilgan edi. Uning hukumati “Gansi”dagi AQSh harbiy bazasini chiqarib yuborishni vaʼda qilib, Rossiyadan 350 million dollar olib, ammo bazani chiqara olmagani ortidan Bakiyevning hukumati ketgan. Prezidentlikka Putinning duosini olib kelgan Almazbek Atambayevning hukumati esa AQShning harbiy bazasini Qirgʻiziston hududlaridan chiqardi va buning ortidan Amerika bilan diplomatik aloqalar uzilib qoldi. Atambayevning hukumati nafaqat AQSh bilan, balki qoʻshni davlatlar bilan ham diplomatik aloqalarni sovitib yubordi. 2017-yilga kelib esa Sooronbay Jeenbekovning hukumati bu davlatlar bilan diplomatik aloqalarni qayta tikladi, deb aytish mumkin. Endi yanvar oyida bizda prezidentlik uchun saylov boʻladi. Yangi prezident kim boʻlishi AQSh bilan, Rossiya, Xitoy hamda boshqa davlatlar bilan munosabatlarimiz qanday boʻlishini aniqlaydi".

Siyosatshunos Mederbek Korganbayev ham Joldoshbek Botonov bildirgan fikrlarga qoʻshiladi va AQSh bilan Qirgʻizistonning kelajakdagi munosabatlari qay tarzda boʻlishi Jo Bayden jamoasining taklifiga bogʻliq, deb hisoblaydi.

“Hozirda amerikaliklarning Qirgʻizistonga taʼsiri juda sust, ular Pekin va Moskvaga bu xususda boy berishgan. Ammo agar Bayden maʼmuriyati Bishkek bilan aloqalarni tiklash uchun jiddiy qadam qoʻysa, AQSh va Qirgʻiziston manfaatlari hisobiga hamkorlikni tiklay oladi, deb oʻylayman”, — deydi siyosatshunos.

Siyosatshunosga koʻra, Qirgʻiziston va AQSh koʻplab sohalarda hamkorlik qilishi mumkin; avvaldan yoʻlga qoʻyilgan, ammo vaqtincha toʻxtatib qoʻyilgan yoʻnalishlar mavjud.

Birinchi galda Qirgʻiziston fuqarolari uchun viza olish jarayonini yengillatish, xavfsizlik va terrorga qarshi kurash sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, taʼlim, savdo aloqalari, sarmoya va boshqa shu kabi yoʻnalishlarga eʼtibor qaratish lozim.

“Faqat shu kabi qadamlar bilangina AQSh Qirgʻizistondagi taʼsirini qaytara oladi va Qirgʻiziston uchun muhim hamkorga aylanadi”, — deydi Korganbayev.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG