Breaking News

Hisobot: O'ta o'ng guruhlar terrorizmi o'smoqda


Italiyaning o'ng qanot "Forza Nuova" partiyasi tarafdori qo'liga chizilgan tatuirovkada "Nafrat" so'zi aks etgan, Rim, Italiya, 2017-yil, 4-noyabr.
Italiyaning o'ng qanot "Forza Nuova" partiyasi tarafdori qo'liga chizilgan tatuirovkada "Nafrat" so'zi aks etgan, Rim, Italiya, 2017-yil, 4-noyabr.

Yarim avtomatik miltiq bilan qurollangan 21 yoshli oq tanli yigit Texas shtatidagi El-Paso shahrida “Walmart” do'koniga kirib, qariyb yigirma odamni, asosan, lotin amerikaliklarni otib o’ldirganda, rasmiylar bu hujumni o'ta o'ng qanot ichki terrorizm holati deb e’lon qilgan edi.

Yangi hisobotga ko'ra, 2019-yil avgust oyida uyushtirilgan bu xuruj favqulodda holat emas, aksincha, Yevropadan Yangi Zelandiya va Shimoliy Amerikagacha bo’lgan hududlarda muhojirlarga qarshi o'ng qanot ekstremistlarning hujumlari ko’paygani natijasi.

Avstraliyada joylashgan Iqtisodiyot va Tinchlik Instituti (IEP) tomonidan chorshanba kuni e'lon qilingan yillik Global Terrorizm indeksi (GTI) so'nggi besh yil ichida "o'ta o'ng qarashdagi terrorizm" oqibatida yuz bergan o'lim holatlari 709 foiz o'sganini qayd etgan. Terrorizmning boshqa barcha turlari, shu jumladan, radikal islomchilar qo’lida halok bo'lganlar sonida, aksincha, 15 foizga kamayish kuzatilgan.

"So'nggi besh yil ichida eng xavotirli tendensiyalardan biri bu o'ta o'ng siyosiy terrorizmning kuchayishi", deyiladi 109 betlik hisobotda.

GTI hisobotida ta'kidlanishicha, "o'ta o'ng terrorizm o'ta so'l terrorizmga qaraganda ko'proq o'limga sabab bo’lmoqda”.

2002-yildan beri sodir bo'lgan 332 o'ta o'ng siyosiy qarashlarga asoslangan hujumlarning deyarli 50 foizi AQShda yuz bergan. Germaniyada 48 ta, Buyuk Britaniya esa 35 ta shunday jinoyat qayd etilgan.

"Odatda, o'ta o'ng terrorizm shaxslar tomonidan amalga oshiriladi", - deydi Vashingtondagi Amerika universiteti eksperti Karolin Gallaher.

“Ular yolg'iz harakat qilishadi, shu bois yuz beradigan o'lim holatlari har doim ham kam emas. "Islomiy davlat" singari guruhlar esa o'zini ko'proq armiya kabi tutadi", - deya qo’shimcha qiladi u.

IShID hujumlarining kamayishi

GTI hisobotida, shuningdek, IShID tomonidan 2019-yilda sodir etilgan hujumlarning o'lim darajasi o'tgan yilga nisbatan 40 foizga pasayganligi aniqlangan. Bu davrda terror guruhi 1500 dan ortiq odamni o'ldirgan.

Katta miqdordagi pasayish,shuningdek, bu guruhning Iroq va Suriyadagi katta hududlarni qamrab olgan xalifalikni boy berishi bilan bog'liq.

IShID Iroq va Suriyada kuchsizlangan bo'lsa-da, guruhning yangi faoliyat markazi Afrikaga ko’chayotgani aniqlangan. Bu yerda guruh 2019-yilda o'tgan yilga nisbatan 67% ko'proq odam o'ldirgan.

GTI Afg'onistonni dunyodagi eng xavfli mamlakat sifatida qayd etdi. U taqdim etgan ma’lumotlarga ko'ra, toliblar 2019-yilda dunyoning "eng zo’ravon terrorchi guruhi" bo'lib qolmoqda.

Yangi tahdidlar

"Yangi o'n yillikka qadam qo'yar ekanmiz, biz yangi terrorizm tahdidlari paydo bo'lishini ko'ryapmiz", - deydi IEP ijrochi direktori Stiv Killeli.

"G'arbda o'ta o'ng tomonlarning ko'tarilishi va Afrikadagi yomonlashuvlar bunga yorqin misoldir, - dedi u. - Qo'shimcha ravishda, yaqinda Fransiya va Avstriyadagi hujumlardan ko'rinib turibdiki, IShID falsafasiga xayrixoh bo'lgan ko'plab kichik guruhlar hanuz faol".

Terrorizm mafkuralariga qarshi turish, deydi Killela, harbiy strategiyadan ko’ra ko'proq narsani talab qiladi.

"Ushbu ta'sirlarni sindirish uchun uchta asosiy tashabbus kerak: ularning ommaviy axborot vositalarini va onlayn ijtimoiy tarmoqlarini yo’q qilish, mablag'larini to’xtatish va xayrixohlar sonini kamaytirish", - deydi u.

Gallaherning aytishicha, GTI ma’lumotlari AQShning kelayotgan ma'muriyati o'ta o'ng guruhlar solayotgan tahdidni jiddiy qabul qilishi uchun eslatma bo'lib xizmat qiladi.

"Ular, shuningdek, armiya va politsiya idoralariga oq irqchilar kirib borishini to’xtatish masalasini ko'rib chiqishlari hamda o'ta o'ng qanot guruhlarni qanday nazorat qilish strategiyasini ishlab chiqishlari kerak", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG