Breaking News

Tolibon siyosiy sahnaga qaytsa, ayollarning huquqlari ta’minlanadimi?


Qandahor viloyatidagi sport majmuasi

Afg’onistonda Bomiyon nisbatan tinch viloyat. Hudud ayollarida ham nisbatan erkinlik bor. Qiz va o’g’il bolalar aralash o’qiydi, kiyinish borasida ham to’siqlar bir oz kam. So'nggi saylovlarda ham ayol ovoz beruvchilar erkaklar sonidan ustun bo'lgan yagona viloyatdir.

Lekin afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida muzokaralar davom etar ekan, ayollarning xavotiri oshmoqda, kelajak mavhum. Sababi, o’tgan asrning 90-yillarida, Tolibon hukmronligi davrida ayollar tashqariga yolg’iz chiqolmasdi, ta’lim olishga haqqi yo’q edi. Boshdan oyoq paranji kiyish majburiy edi.

2001-yil 11-sentabr voqealari ketidan AQSh boshchiligidagi koalitsiya Tolibonni hokimiyatdan ag’dargandan so’ng, bu borada vaziyat bir oz yaxshilandi.

“Bomiyonda vaziyat bir oz yaxshi, bundan xursandman. Avvallari bunday emas edi”, - deydi velosport bilan shug’ullanuvchi Sohiba Oriyon.

Lekin joriy yilning sentabr oyida afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida muzokaralar boshlanishi bilan AQSh harbiy qo’shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini ma’lum qildi.

Afg’onlar fikricha, muzokaralar Tolibon foydasiga hal bo’ladi. Bu esa oddiy xalqni tashvishga solmoqda. Ayniqsa, ayollarni.

“Shaxsan men tashvishdaman. Yoshligimdan ta’lim olish, sport, oila borasida nisbatan erkin bo’lganman. Tolibon qaytsa, ayollar velosiped hayday olmaydi, hozirning o’zida bu borada to’siqlar bor. To’g’ri, ular ayollarning ta’lim olishiga ruxsat berdi, lekin ma’lum shartlar asosida”, - deydi yana bir velosipedchi Zaynab Haydariy.

Bu yerda yosh ayollarning aksariyati Tolibondan keyingi davrda ulg’aygan. Ular boshqa hududlarga nisbatan ancha tinch bo’lgan muhitga o’rgangan. Bomiyon zo’ravonliklardan toliqqan aholi uchun ham boshpana vazifasini o’taydi. Tolibonning yana siyosiy sahnaga qaytishi esa bu yutuqlarni yo’qqa chiqarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG