Breaking News

Afg'on ayollari: Tolibon endi bizni eza olmaydi


Qatarda kechayotgan tinchlik muzokaralarida Afg'onistondagi siyosiy kuchlarning vakillari orasida ayollar deyarli ko'rinmaydi. Ilk tadbirlarda qatnashgan xotin-qizlar bugun chetlashtirilgan.
Qatarda kechayotgan tinchlik muzokaralarida Afg'onistondagi siyosiy kuchlarning vakillari orasida ayollar deyarli ko'rinmaydi. Ilk tadbirlarda qatnashgan xotin-qizlar bugun chetlashtirilgan.

Afg'oniston hukumati va Tolibon orasida muzokaralar davom etarkan, mamlakatda xotin-qizlar kelajakni faqat erkaklar muhokama qilmoqda, deya norozi. Tolibon hukmronlik qilgan davrda, 1996-2001 yillar orasida, afg'on ayollar azob-uqubatda yashagan, har tomonlama ezilgan, na o'qiy olgan, na ishlagan. Toliblar xotin-qizlarni inson sifatida ko'rmaydi, deydi u zamonlarni yaxshi eslaydigan afg'onlar.

Tinchlik bitimiga erishish uchun muzokaralar 12-sentabrda Qatarda boshlangan va qachon tugashi mavhum.

Hukumatdan 21 vakil qatnashmoqda, to'rt nafari ayol. Tolibon tomondan ham 21 vakil bor, ayollar yo'q.

"Biz Afg'oniston xalqi manfaatlari uchun kurashdamiz, ayniqsa xotin-qizlar... Shu kungacha erishilgan yutuqlarni biror jihatdan boy berishni istamaymiz", - deydi Fovziya Kufiy, muzokarachilardan biri, "Amerika Ovozi" bilan muloqotda.

Kufiy o'tmishda bir necha hujumdan omon qolgan. Yaqinda ham uning hayotiga hamla qilishdi. Arbob deydiki, markaziy hukumat muzokarada ayollarning huquqlari va ravnaqini ta'minlashni eng yuqori o'ringa qo'ymoqda. Lekin Tolibon bilan bu masalada qanday kelisha oladi? Bu borada Kufiy aniq javob bermaydi.

Fovziya Kufiy, Tolibon bilan muzokaralarda ishtirok etayotgan afg'on ayoli
Fovziya Kufiy, Tolibon bilan muzokaralarda ishtirok etayotgan afg'on ayoli

Muzokara bitimga yetaklashi uchun tomonlar murosa qilishi kerak bo'ladi. Ayollar huquqlari yuzasidan qizil chiziq qayerda? Mana shu muhim masala, deydi vatandagi faollar.

Habiba Sorabiy, yana bir ayol muzokarachi, kelishuv ayollar manfaatini hisobga olishiga ishonadi. Uning xavotiri shundaki, Tolibon siyosiy maydonda bemalol harakatlana boshlashi bilan ayollarning erkinligiga qarshi targ'ibotni kuchaytirishi mumkin. Toliblar azaldan jamoatchilik miyasini zaharlab keladi, deydi arbob.

“Faqat men emas, barcha afg'onlar shundan xavotirlanadi", - deydi Sorabiy.

Erkak muzokarachilar ayol safdoshlari bilan bir yoqadan bosh chiqarishga so'z bergan. Biroq afg'onlarning, ayniqsa xotin-qizlarning biror siyosiy kafolat yoki va'daga ishonishi qiyin. Hamma narsa vaqtincha kuchda, uzoq muddatda nima bo'ladi, rejalash va taxmin qilish qiyin, deydi ular, Afg'oniston bosib o'tgan yo'lga qarab.

Tolibon davrida xotin-qizlar ruxsatsiz ko'chaga chiqqani, ilm olishga intilgani yoki begona erkak bilan gaplashgani uchun jamoatchilik ko'zi oldida vahshiyona jazolangan. Darra yegan, toshbo'ron qilib o'ldirilgan. Ayollar ko'chaga erkaklarsiz chiqa olmagan. Butkul o'rganib yurishga majbur bo'lgan.

Bugungi Afg'oniston boshqacha, deydi faol ayollar, Tolibon endi zo'ravonlik bilan odamlarni o'ziga bo'ysundira olmaydi
Bugungi Afg'oniston boshqacha, deydi faol ayollar, Tolibon endi zo'ravonlik bilan odamlarni o'ziga bo'ysundira olmaydi

2001-yilda AQSh qo'shinlari kirib, Tolibon hokimiyatdan ag'darilgach, yangicha jamiyat qurila boshladi, tartob-qoidalar va qonunlar o'zgardi. Bugun ham qiyinchiliklar va to'siqlar talay, lekin afg'on ayollari hozirda ancha yengil nafas olishini va imkoniyatlar kengayganini aytadi.

Afg'oniston ta'lim maskanlarida 9 million o'quvchi bo'lsa, ulardan kamida 3,5 millioni qizlar. Universitetlarda jami 100 ming talaba bor, ularning uchdan biri qizlar.

Davlat sektorida ish joylarining 30 foizini ayollar egallagan. Parlament a'zolarining 28 foizi ham shu jins vakillaridir.

Biroq hali qilinishi kerak bo'lgan ishlar, bartaraf etilishi kerak bo'lgan muammolar juda ko'p, deydi faollar. Shu bois ham Tolibon bilan erishilgan har qanday kelishuv xotin-qizlar erkinligiga aslo raxna solmasligi kerak.

Tolibon ayollarni odam deb hisoblamaydi, deydi afg'on xotin-qizlari, shu bois muzokaraga bu jins vakillaridan hech kimni olib kelmagan
Tolibon ayollarni odam deb hisoblamaydi, deydi afg'on xotin-qizlari, shu bois muzokaraga bu jins vakillaridan hech kimni olib kelmagan

Huquq tashkilotlariga ko'ra, muzokarada ayollarning sonini oshirish lozim.

AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod deydiki, hozirgi to'rt ayol muzokarachi bag'oyat iqtidorli va afg'on xalqi ularga ishonishi kerak.

2005-yildan beri Tolibon bilan kechgan rasmiy va norasmiy 67 muzokaradan atigi 15 tasida ayollar qatnashgan.

Ayollar erkinligi muhim talab ekanini bila turib, Tolibon balki muzokaraga o'z tomonidan bu jins vakillarini qo'shar degan umid bor edi. Ammo harakatda ular uchun hamon o'rin yo'q.

Oxirgi paytlarda Afg'oniston bo'ylab faol qizlarga va ayol mutaxassislarga hujumlar tez-tez kuzatiladi.

23 yoshli Valvala ismli jurnalist xavf oshgani sababi bu sohada ketmoqchi.

"Aks holda hayotim tahdid ostida", - deydi muxbir.

2020-yilning birinchi yarmida 533 kishi jangari hujumlarida o'lgan, 412 nafari jarohatlangan.

Sobiq deputat Shukriya Barakzay nazarida toliblarga ishonib, ularni jiddiy olib, muzokara qilishning o'zi aqlsizlikdir.

“Ular o'zgarmagan. Ularga qolsa, ayollarni uyga qamaydi va bizga aslo erkinlik bermaydi", - deydi Barakzay.

U va boshqa ayollar o'z manfaatlari uchun kurashga bel bog'lagan.

“Tolibon bu safar maqsadiga yeta olmaydi. O'z shartlarini bizga qo'ya olmaydi. Bugungi Afg'oniston 1990-yillardagi Afg'oniston emas. Zo'ravonlik bilan bizni o'ziga bo'ysundira olmaydi", - deydi arbob.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG