Breaking News

HRW: Qirg'izistonda imkoniyati cheklangan bolalar e'tibordan chetda


"Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti Qirg'izistondagi bir necha maxsus muassasa faoliyatini o'rgangan
"Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti Qirg'izistondagi bir necha maxsus muassasa faoliyatini o'rgangan

Imkoniyati cheklangan bolalarning ham huquqlari bor, deya eslatmoqda "Human Rights Watch" (HRW) xalqaro tashkiloti. Yangi hisobotga ko'ra, Qirg'izistonda ularning ahvoli xarob.

Yordam va e'tiborga muhtoj yosh avlodga hozir na hukumat va na nohukumat sektor qaray olmoqda, deyiladi 10-dekabr kuni e'lon qilingan hisobotda.

HRWga ko'ra, "invalid bolalar" deya bu qatlamni eski imoratlarda malakasiz xodimlar qo'liga topshirib, yaroqsiz dori-darmon va sifatsiz oziq-ovqat bilan ta'minlash orqali g'amxo'rlik qilayapmiz deya da'vo qilish vijdonsizlik va irodasizlikdir.

Bu bolalar hozir qamoqda saqlanayotgandek, deya tasvirlanadi ingliz, rus va qirg'iz tillarida chiqqan tahlilnomada.

Qirg'iziston hukumati bu masalaga darhol diqqat qaratib, imkoniyati cheklangan go'daklarning salomatligi, ta'limi hamda reabilitatsiya va boshqa talablari bilan shug'ullanishi lozim, deya undamoqda tashkilot. Ularga to'g'ri g'amxo'rlik qilmay, respublika nafaqat o'z qonunlari, balki xalqaro me'yor va qonunlarga ham zid harakat qilmoqda.

Xavotir shuki, bu bolalar muntazam ravishda azoblanmoqda, ham ruhiy, ham jismoniy, deya ta'kidlaydi ekspertlar. Ular o'ta cheklangan muhitda katta bo'ladi va voyaga yetgach ham o'z hayoti ustidan biror kuchga ega emas. Ularning hayoti bilan bog'liq qarorlar esa mas'uliyatsiz mutasaddilar qo'lida.

Imkoniyati cheklangan avlodning sihati bilan jiddiy shug'ullanilmaydi. Ularning o'sish jarayoni, ruhiy qobiliyatlari qunt bilan o'rganilmaydi. Hammasi mavhum bir toifa iznida. Hukumatning o'zi ularni sistematik kamsitadi, deyiladi tahlilnomada.

Unda qayd etilishicha, tizim bu bolalarning sifatli bilim olishi uchun sharoit yaritishi lozim. Imkoniyati cheklangan inson, yoshmi qari, ilmga haqli.

Har bir tumanda aynan bu guruh talablari va manfaatlari uchun mas'ul idoralar faoliyati qayta ko'rib chiqilishi, isloh qilinishi va javobgarlik ta'minlanishi kerak.

Imkoniyati cheklangan bolalar ham boshqa bolalar singari ota-onasini ko'rishga, hayotida ular uchun ham joy bo'lishiga, muhim sanalarda ular bilan vaqt o'tkazishga, maxsus muassasada yashasa-da, yaqinlaridan uzilib qolmaslikka haqli.

Qirg'iziston hukumatiga ko'ra, imkoniyati cheklangan yosh avlodga qarash davlat oldidagi buyuk vazifalardan biri va uni azaldan bajarib keladi. Ta'lim va ilm-fan vazirligi qoshida bu masala bilan shug'ullanuvchi katta bo'lim mavjudligi eslatiladi. "Invalid bola" maktab yoshiga yetganida u ko'rikdan o'tkaziladi. Mutaxassis tavsiyasi bilan yo ilm ola boshlashi mumkin.

Lekin HRW aniqlashicha, aksariyat hollarda bunday bo'lmaydi. Sistema yuzaki tekshiruvlar va nomiga xulosalar chiqarish bilan band.

Tashkilotga ko'ra, chuqur ildiz otgan korrupsiya, tizimda javobgarlik hissi pastligi va imkoniyati cheklanganlarga nisbatan sistematik diskriminatsiya va ularning yaqinlaridan tushgan shikoyatlarga loqaydlik bugungi Qirg'izistonni mazkur qatlam uchun o'ta og'ir muhitga aylantirgan.

Hisobot bilan tanishayotgan hukumatga ko'ra esa u milliy qonunlarni amalga oshirishga va o'zi kirgan xalqaro konvensiyalarga binoan ish tutib, bolalar huquqini ta'minlashga bel bog'lagan.

2019-yilda aynan imkoniyati cheklanganlarni himoya qilish borasida hujjatlar qabul qilingan, bu yo'nalishda islohotlar boshlanayotgani e'lon qilingan. Hozirda jamida 3000 bola qiyin ahvolda kun kechirayotgani ma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG