Breaking News

AQSh Tolibonni qonli xurujlarni amalga oshirayotganlikda aybladi


Afg'oniston poytaxti Kobulda yuz bergan navbatdagi xuruj, 2020-yil, 26-dekabr
Afg'oniston poytaxti Kobulda yuz bergan navbatdagi xuruj, 2020-yil, 26-dekabr

Amerika Qo'shma Shtatlari Tolibonni Afg'onistondagi so’nggi ommaviy xurujlar to'lqini ortida turganlikda ayblab, isyonchilarni zo'ravonlikni to'xtatishga chaqirdi.

Dushanba kungi AQSh bayonoti Tolibon Vashingtonni tinchlik o’rnatishga qaratilgan 2020-yilgi bitim shartlarini buzib, isyonchilarni havodan o’qqa tutganiga doir aybov yangrashi ortidan e’lon qilindi.

So’nggi ziddiyat Afg'oniston hukumati vakillari seshanba kuni Qatarda tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosqichi uchun Tolibon vakillari bilan uchrashishi arafasida yuz berdi.

Afg'onistondagi Amerika kuchlari vakili Tolibon bilan kelishuv shartlari buzilgani haqidagi iddaolarni yolg’on deb atadi.

Polkovnik Sonni Legget dushanba kuni qilgan bayonotida ta'kidlashicha, AQSh harbiylari Afg'oniston xavfsizlik kuchlarini Tolibon hujumlaridan himoya qilishda "aniq va izchil" ish olib boradi.

"Biz har bir tomonni zo'ravonlikni kamaytirishga chaqirishda davom etamiz, - dedi Legget “Twitter”da. - Tolibonning tan olinmagan hujumlari va hukumat amaldorlari, fuqarolik jamiyati rahbarlari va jurnalistlarni qasddan o'ldirish kampaniyasi tinchlik amalga oshishi uchun to'xtashi kerak".

So'nggi ikki oy ichida zo'ravonliklar oqibatida kamida beshta jurnalist, viloyat gubernatorining o'rinbosari, fuqarolik jamiyati faollari va taniqli saylov kuzatuvchisi halok bo’ldi.

Afg'oniston hukumati bu hujumlarning barchasida Tolibonni ayblagan bo'lsa-da, ba'zi hujumlar uchun javobgarlikni "Islomiy davlat" jangarilari o'z zimmalariga oldi.

O'z navbatida isyonchilar o'zlarining bu hujumlarga aloqador ekanini rad etib, aksincha, zo'ravonliklar AQSh tomonidan boshlangan tinchlik jarayonini buzish uchun Afg'oniston xavfsizlik institutlari tarkibidagi "buzg'unchilar"ning ishi ekanini iddao qildi.

Dushanba kuni ertalab Tolibon AQSh qo'shinlarini Afg'oniston xavfsizlik kuchlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida "so'nggi bir necha kun ichida" Qandahor, Nangarhar va Hilmand viloyatlarida isyonchilar nazorati ostidagi hududlarga bir necha bor havo hujumlari uyushtirganlikda ayblab bayonot chiqardi.

Tolibon vakili Zabihulloh Mujohidning ta'kidlashicha, havo hujumlari AQSh bilan 2020-yil 29-fevralda tuzilgan tinchlik shartnomasini buzgan holda "noharbiy zonalar"dagi obyektlarni nishonga olgan.

Mujohid AQSh harbiylaridan havo reydlarini zudlik bilan to'xtatishni talab qilib, aks holda Tolibon "jiddiy javob berishga majbur bo'lishi va buning uchun barcha mas'uliyat Amerika yelkasiga tushishi" haqida ogohlantirdi.

AQSh-Tolibon kelishuvi Afg'onistonda Amerika va NATO boshchiligidagi ittifoqchi qo'shinlarga qarshi isyonchilar hujumlarini to'xtatdi. Shuningdek, sentabr oyida Tolibon va Afg'oniston hukumati to'g'ridan-to'g'ri tinchlik muzokaralarini o'tkazishni boshladi.

Afg'onlararo tinchlik muzokaralari seshanba kuni Qatar poytaxti Doxada yana boshlanishi kutilyapti. Bu yerda Tolibon siyosiy idorasi mavjud.

AQSh, toliblar bilan tuzilgan kelishuvga binoan, o’z qo'shinlarini Afg'onistondan ba’zi shartlar bajarilgan taqdirda bosqichma-bosqich olib chiqishga va’da bergan. AQSh va NATO boshchiligidagi ittifoqchi kuchlar 2021-yil maygacha to’liq chiqib ketishi kerak.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo o'tgan hafta kelishuv imzolanganidan beri Afg'onistonda amerikalik askarlar o’limi yuz bermaganini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, Prezident Donald Trampning tinchlik tashabbusi afg'onistonliklarning ko'p yillik urushlarini to'xtatish yo'lida "aql bovar qilmaydigan yutuqlarga" erishgan.

“Afg'onistonda deyarli bir yil ichida biron bir AQSh harbiy xizmatchisi o'ldirilmagan va afg'onlar nihoyat o'zaro tinchlik va yarashishni muhokama qilmoqda. Bu juda ajoyib o’zgarish”, - dedi Pompeo “Twitter” orqali qilgan bayonotida.

2020-yil boshida Qo'shma Shtatlarning Afg'onistondagi askarlari soni 13 mingga yaqin edi. Tolibon bilan kelishuvga erishilgandan beri bu raqam ancha kamaygan. Shu oyning o'rtalarigacha mamlakatda taxminan 2500 AQSh kuchlari qolishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG