Breaking News

AQSh: Zo'ravonlik Afg'oniston tinchlik jarayoniga tahdid solmoqda


Afg'onistonning Nangarhor viloyatida yuz bergan xuruj, 2020-yil, 3-oktabr
Afg'onistonning Nangarhor viloyatida yuz bergan xuruj, 2020-yil, 3-oktabr

Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda zo'ravonlik kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi. Bu esa tomonlar o’rtasida olib borilayotgan tinchlik jarayoni istiqboliga xavf solmoqda.

AQSh maxsus vakili Zalmay Xalilzodning aytishicha, toliblar afg'on xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumlarni ko’paytirgan. Shu jumladan, o'tgan hafta janubdagi Hilmand viloyatida keng ko'lamli amaliyotlar boshlangan.

"Zo'ravonlik kamayadi va to'xtaydi degan umidimiz bor va shunday bo’lib qoladi", - dedi Xalilzod “Twitter” orqali.

Zo'ravonlikning to’xtamayotgani AQShning fevral oyida Tolibon bilan imzolagan kelishuvi ijrosini xavf ostiga qo’yishi mumkin.

Yakshanba kuni isyonchilar AQSh harbiylarini kelishuv shartlarini buzayotganlikda aybladi. AQSh harbiylari vakili bu ayblovlarni rad etib, aksincha, Tolibonning o’zi tinchlik jarayoniga zarar yetkazayotganini aytdi.

"Zo'ravonlikning yuqori darajada davom etishi tinchlik jarayoni va kelishuvga tahdid solishi mumkin", - dedi Xalilzod.

"Muzokaralar stolida imtiyozlarni qo'lga kiritish uchun zo'ravonlikni kuchayishtirish kerak degan fikr juda xavfli. Bunday yondashuv tinchlik jarayoniga putur yetkazadi”, - deya ogohlantirdi AQSh vakili.

Xalilzodning qayd etishicha, toliblar bilan so'nggi uchrashuvlarda, kelishuvga muvofiq, Afg'onistonda zo'ravonlik va qurbonlar sonini kamaytirish bo’yicha kelishib olingan. Bu kelishuv Hilmanddagi harbiy harakatlarning kamayishiga olib keldi, ammo mamlakat miqyosida zo'ravonlik yuqoriligicha qolmoqda, dedi asli afg'onistonlik AQSh diplomati.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'zining so'nggi hisobotida Hilmanddagi bir necha kunlik janglar xavfsizlik holatini yomonlashtirganiga va viloyat markazi Lashkargohga kirish yo’llari to’silib qolganiga e'tibor qaratdi.

BMTning gumanitar yordam agentligi hisobiga ko’ra, 35 ming kishi jang bo’layotgan hududlardan qochib, Lashkargohga ko’chib kelgan.

Yakshanba kuni Afg'oniston markazidagi G’or viloyatida yuz bergan xudkush hujumda kamida 15 kishi halok bo'lgan va 150 ga yaqin odam yaralangan. Hech bir guruh javobgarlikni o'z zimmasiga olmagan bo'lsa-da, afg'on rasmiylari bu xurujda toliblarni ayblamoqda.

“Zo'ravonlik afg'onlarni uzoq vaqt davomida ta'qib qilib kelmoqda. Mojaro juda ko'p afg'onlardan yaqinlarini tortib oldi”, - dedi Xalilzod G’orda yuz bergan hujumga javoban.

Tolibon Xalilzodning izohlariga hali munosabat bildirgani yo’q.

Isyonchilar guruhi AQShni kelishuvni buzganlikda ayblab, "bunday harakatlarni davom ettirishdan kelib chiqadigan barcha mas'uliyat va oqibat Amerika tomonining yelkasiga tushadi", deb ogohlantirdi.

AQSh-Tolibon kelishuviga binoan, Amerika va xalqaro koalitsiya kuchlari 2021-yil maygacha Afg'onistonni tark etishi, Tolibon esa terrorchi guruhlar bilan aloqalarni uzib, Kobul bilan siyosiy kelishuvga erishishi kerak.

Bir oy avval Qatarda boshlangan afg’onlararo tinchlik muloqoti muzokaralar bilan bog'liq protsessual masalalar bo'yicha tortishuvlar tufayli hali oldinga siljigani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG