Breaking News

Suriyadagi o'zbekistonliklar vataniga qaytariladimi? 


Suriyaning “Al-Xol” lageridagi bolalar, 2019-yil, 31-mart

Suriyadagi lagerdan yana 100 dan oshiq o’zbekistonlik ayollar va bolalar ozod etilishi mumkin. Ular “Mehr” amaliyoti doirasida O’zbekistonga qaytishi kutilmoqda.

Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Suriya demokratik kuchlarini tamsil etuvchi kurdlar guruhi va O’zbekiston hukumati vakillari o’rtasidagi kelishuvga muvofiq o’zbek jangarilarning ayollari va farzandlaridan iborat yuzga yaqin kishi Suriyadagi “Al-Xol” lageridan chiqariladi. O’zbekiston tomoni ularni vatanga qaytarishga hozirlanmoqda.

Dekabr oyi boshida hukumatning “Mehr-3” deb nomlangan amaliyoti doirasida ayollar va bolalardan iborat 98 nafar o'zbekistonlik Suriyadan olib chiqilgan edi.

Xalqaro jamoatchilik Suriyadagi urushda qatnashgan jangarilarning ayollari va bolalari saqlanayotgan “Al-Xol” lagerida gumanitar ahvol og’irlashayotgani, pandemiya bu vaziyatni yanada murakkablashtirgani, lagerda saqlanayotgan bolalar hayoti xavf ostida ekanligidan ogohlantirib keladi.

Ma’lumotlarga ko’ra, bu lagerda saqlanayotgan 65 mingdan oshiq kishining 40 mingga yaqinini bolalar tashkil qiladi. Ular orasida o’zbekistonliklar soni qancha ekani haqida aniq ma’lumot yo’q.

Kurdlardan iborat Suriya demokratik kuchlariga qarashli lagerlarda gumanitar vaziyat og’irlashishi, pandemiya inqirozi, tibbiy xizmat ko’rsatish bilan bog'liq muammolar yuzaga chaqishi ortidan bu yerda saqlanayotgan ayollar va bolalarni bosqichma-bosqich ozod etish qaroriga borayotgani xabar qilinadi.

Lagerdagi o’zbekistonliklarning navbatdagi guruhini ozod qilishga doir kelishuv arafasida tibbiy xizmat bilan bog’liq muammolar bois o’zbekistonlik bir yosh bola vafot etgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining UNICEF tashkiloti avvalroq “Al-Xol” lagerida gumanitar inqiroz yuzaga kelgani, sakkiz nafar yosh bola oziq-ovqat yetishmovchiligidan halok bo’lgani, lagerda saqlanayotgan bolalarning hayoti xavf ostida ekanligi yuzasidan ogohlantirish bilan chiqqan edi.

Suriya va Iroq hududidagi lagerlarda gumanitar vaziyat og’irlashishi, urushga jalb qilingan jangarilarning tutqunlikda saqlanayotgan oilasi, farzandlari bilan bog’liq ahvol keskinlashar ekan, Suriyaga kelib qolgan fuqarolarini bu lagerlardan olib chiqib ketish yuzasidan murojaatlar jiddiy kuchaydi.

Hozirgacha bir qator davlatlar, jumladan, mintaqadan Qozog’iston, Tojikiston va O’zbekiston bir necha bor Suriyadagi lagerlarda saqlanayotgan fuqarolarini olib chiqdi.

O’zbekistonda “Mehr” nomini olgan bu amaliyot so’nggi bor o’tgan yil 8- dekabrda kuzatilgan edi. Hozirgacha uch marta o‘tkazilgan “Mehr” amaliyoti doirasida 300 nafar atrofidagi o’zbekistonliklar, asosan, ayollar va bolalar O’zbekistonga qaytarildi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dekabr oyida Oliy Majlisga qilgan murojaatida “Mehr” amaliyotiga to’xtalib o’tdi; odamlarni qaytarish ishlari davom etishini, davlat o’z fuqarolarini tashlab qo’ymasligini ta’kidladi.

Suriya va Iroqda qolayotgan O’zbekiston fuqarolarining aniq soni bo’yicha ma’lumot topish imkonsiz, ammo hududning katta qismi “Islomiy davlat” guruhi nazoratida bo’lgan paytda yuzlab o’zbekistonliklar terrorchi guruh tarkibiga qo’shilgani haqida ma’lumotlar mavjud edi.

Suriyadan O’zbekistonga qaytarilayotganlar orasida jangarilar yo’q. Erkaklarning katta qismi janglarda halok bo’lgan, qolgani tutqunlikda yoki hamon turli guruhlar tarkibida ekani taxmin qilinadi.

Hozirgacha ortga qaytarilgan 300 atrofidagi o’zbekistonlikning aksariyati bolalardan, shuningdek, ayollardan iborat.

O’zbekistonga qaytarilishi ortidan ular, reabilitatsiya markazlariga joylashtiriladi. Bu markazlarda bir muddat bo’lishi, ruhiy, jismoniy salomatligini tiklashi ortidan o’zlarining doimiy yashash joylariga jo’natiladi.

Suriyadan fuqarolarning olib kelinishi, ular aksariyati bolalar va ayollardan iboratligiga qaramasdan, jamoatchilikda birdek umid bilan kutib olindi, deyish qiyin.

“Mehr” amaliyotining dastlabki bosqichida 170 nafarga yaqin ayollar va bolalar O’zbekistonga qaytarilar ekan, jamoatchilikda bu amaliyotning zararli ekanligiga doir bahs-munozaralar ham ko’tarilgan edi.

Vaholanki, O’zbekistonning qo’shnisi Qozog’iston Suriya va Iroq hududida qolgan fuqarolarining katta qismini qaytarishga allaqachon muvaffaq bo’lgan.

Qozoq rasmiylari hozirgacha 700 atrofidagi fuqarosi lagerlardan qaytarilganini, ular orasida urushda qatnashgan jangarilar ham borligini, hukumat o’z fuqarolariga nisbatan insonparvarlik amaliyotini qo’llayotganini ta’kidlashadi.

AQSh Davlat departamenti nazarida, Qozog’iston Suriyada qolgan fuqarolarini qaytarish, ularni jamiyatga qayta moslashtirish bo’yicha mintaqa, shuningdek, bu amaliyot bilan shug’ullanayotgan boshqa davlatlarga o’rnak bo’lishi mumkin.

Suriya va Iroq hududidagi o’zbekistonliklar soni haqida turli ma’lumotlar mavjud. Bir muncha avval O’zbekiston muftiysi Usmonxon Alimov beqaror hududda qolayotgan uch mingga yaqin o’zbekistonlik borligi haqida gapirgan edi.

“Mehr” amaliyoti doirasida hozirgacha 300 dan oshiq odam vataniga qaytarilgani inobatga olinsa, beqaror hududlarga tortilgan o’zbekistonliklarning katta qismi hamon turli lagerlarda qolayotganini taxmin qilish mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG