Breaking News

Qirgʻiziston muftiysi nimada ayblanmoqda?


Qirg'iziston sobiq muftiysi Maqsat Toktomushov

Qirgʻizistonning sobiq muftiysi Maqsat Toktomushov yashab turgan hududini tark etmaslik sharti bilan ozodlikka chiqarildi. Sobiq muftiyga nisbatan ehtiyot chorasini qo’llash masalasini koʻrib chiqqan sud yigʻini 11-fevraldan 12-fevralga oʻtar kechasi boʻlib oʻtdi.

Qirgʻiziston musulmonlari din boshqarmasining (QMDB) bosh hisobchisi Jengishbek Bakiyevga nisbatan esa 12-fevralga oʻtar kechasi qamoqqa olish qarori chiqarilgan.

Sud maʼlumotiga koʻra, Bakiyev tergov tugagunga qadar qamoqda boʻladi. U 2021-yilning 10-apreligacha Milliy xavfsizlik boʻyicha davlat qoʻmitasining (MXDQ) tergov qamogʻiga kirgizildi.

Nima boʻldi?

Sobiq muftiy Maqsat Toktomushev 10-fevralda ixtiyoriy ravishda isteʼfoga chiqish toʻgʻrisida ariza berib, uning isteʼfosi Qirgʻiziston musulmonlarining Olimlar kengashi yigʻinida qabul qilingan. Oʻsha kunning tunida MXDQ Toktomushevni muftiyatdagi moliyaviy jinoyatga aloqador degan asos bilan hibsga olgan edi.

Maxsus xizmat tomonidan tarqatilgan maʼlumotga koʻra, muftiyat yetakchiligi 2020-yildagi haj safaridan ortib qolgan pullarni oʻz manfaatlari uchun foydalanib, xususiy moliya tashkilotlariga 100 million somdan (1,1 million AQSh dollari) ortiq miqdorda kreditlar berib, oylik foiz toʻlovlarini olayotgani aniqlangan.

Koronavirus pandemiyasi sabab oʻtgan yili haj safari qoldirilgan edi.

Shuningdek, MXDQ noqonuniy ishlar aniqlangandan keyin din boshqarmasining rahbariyati hisobchi vositasida maxsus xizmatning xodimlariga “pora” taklif qilgani aytiladi.

“Din boshqarmasining rahbariyati faktlarni yashirish hamda qoʻshimcha tergov amallarini toʻxtatish uchun 100 ming AQSh dollari miqdorida pora taklif qildi”, — deb yoziladi MXDQ bayonotida.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boʻyicha davlat xizmatining matbuot xizmati 12-fevralda Musulmonlar din boshqarmasi boʻyicha ish idora tomonidan 2020-yilning dekabr oyidan beri tergov qilinayotganini va muftiyatni tekshirish Olimlar kengashining istak arizasiga koʻra boshlanganini bildirdi.

Prezident nima deydi?

Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq muftiy atrofidagi vaziyat toʻgʻrisida oʻz fikrlarini bildirdi. Xususan, davlat rahbari yaqinda QMDBda yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun bir necha bor harakat qilganini aytdi. Bu tergovlarning sababi, uning soʻzlariga koʻra, hajni tashkil qilish uchun ziyoratchilardan yigʻilgan pul masalasidir.

Shuningdek, 11-fevralda davlat telekanaliga bergan intervyusida Sadir Japarov sobiq muftiy Maqsat Toktomushevning va Olimlar kengashining ishtiroki bilan uchrashuv oʻtkazganini, yigʻinda diniy boshqarmada moliyaviy qonunbuzarliklar bor ekani aytilganini, natijada oʻzi yuborgan hisobchining yordami bilan tekshiruv olib borish qarori qabul qilinganini aytib oʻtgan.

“Oʻtgan yili 16 milliondan 8 millionga yaqin dollarni olib, milliy valyutaga aylantirib, foyda olish maqsadida banklarga foizga qoʻyishgan ekan. Foyda koʻrgunga qadar dollar 15 somga oʻsib ketibdi. Foyda koʻrish oʻrniga, zararga uchrashibdi. Zararning oʻziyoq 685 ming dollar atrofida. Bundan tashqari 155 million somini oʻtgan yilning avgust oyida “bir firmaga berdik” deb, u firma saylovga bir partiya uchun ishlatib yuborgan. Bugungi kunda ham bu pul toʻliq qaytarilmagan. Hajga boruvchilar pulini soʻrasa, yarim-yortisi berilmagan ekan”, — deb aytgan prezident.

Oʻz soʻzining davomida prezident oʻziga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda uni ataylab, muftiyning oʻrni kerak boʻlgani uchun qamatmoqchi deb aytilayotgan gaplarda asos yoʻqligini ta’kidladi:

“Goʻyoki men – Sadir Japarov yoki Tashiyev (Qamchibek Tashiyev – MXDQ yetakchisi - tahr.) ataylab, muftiyni qamatdi, uning oʻrni kerak boʻlyapti degan gaplar yuribdi ijtimoiy tarmoqlarda. Tepamizda Xudo qarab turibdi, menga muftiyning oʻrnini keragi yoʻq. Kimni istashsa, shuni saylab olishsin. Mamlakat aralashmaydi. Agar notoʻgʻri yoʻldan borayotgan boʻlsa, toʻgʻri yoʻlga solib qoʻyishga bizning kuchimiz yetadi. Ammo sayloviga aralashmasligimiz kerak”.

QMDB markaziy taftish komissiyasi aʼzosi Baqit Nurdinov esa davlat rahbari notoʻgʻri maʼlumotlarga ega deb daʼvo qilmoqda. Unga koʻra, Haj uchun yigʻilgan 18 million dollardan taxminan 7,5 million dollari ziyoratchilarga qaytarilgan, 10-11 million dollar esa RSK bankidagi muftiyat hisob raqamida qolmoqda.

“U yerdan 155 million som olingan, ammo 6 oydan keyin ular qaytarib berildi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu mablagʻlar goʻyoki saylov uchun ishlatilgan, ammo men bu haqda hech narsa bilmayman. Ushbu maʼlumotga aniqlik kiritolmaymiz. Biz bilgan yagona narsa — bu pullar avgust oyida kelishuv asosida olingan, ammo dekabrda yana muftiyat hisob raqamiga tushgan. Shu munosabat bilan Olim QMDB kengashiga ham maʼlumotlar berildi. Aftidan prezidentda toʻliq boʻlmagan maʼlumot bor, biz bu masala boʻyicha sud ishlarini hali toʻliq yakunlamadik”, - deydi Nurdinov.

Qirgʻiziston musulmonlar muftiyatining sobiq muftiysi Sodiq qori Kamoliddinning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, mazkur voqeaga bir tomonlama qarab, xulosa qilmaslik kerak. U, shuningdek, Qirgʻiziston muftiyatida boʻlayotgan voqealar, xususan muftiy Maqsatbek Toktomushev atrofida boʻlayotgan ishlar musulmonlarni ajablantirib, ham xijolat qilganini aytadi.

“Endi boʻlayotgan ishlar, eshitayotgan gaplarimiz, OAVlarda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqayotgan xabarlar bir tomonlama berilyapti. Buni muftiyning oʻzidan hech kim eshitgani yoʻq. Nima uchun pul oʻsha bank hisobiga qoʻyildi? Nima uchun uning foydasini muftiyatga olishga harakat qilindi? [...] 2000 dan ortiq masjidlar, qancha-qancha madrasalar bor... Muftiyat ularga qanday moliyaviy yordam beryapti yoki berolmayapti... Oʻtgan yilgi haj mavsumi boʻlmadi. Shu haj toʻlovlari hisobidan muftiyatga tushuvchi toʻlovlar bor edi. Ochiq-oydin ravishda muftiyat oʻsha toʻlovlardan ehtiyojiga, maoshlarga ishlatar edi. Hammasi oshkora koʻrsatilar edi. Oʻtgan yili haj mavsumi boʻlmaganidan shu ishlar amalga oshmasligi ortidan muftiyat qiyin ahvolda qoldi. Din davlatdan ajragan. Davlatdan muftiyatga hech qanday moddiy yordam yoʻq. Bu ishlar muftiyatning ichki ishlari edi. U davlat korxonasi emas. Davlat xazinasidan olingan pul emas bu. Bu hojilarning haj safariga borish uchun qilgan toʻlovlari, buning ichida muftiyatga toʻlanuvchi toʻlovlar ham bor. Shuning uchun bu yerda bir narsa deb hukm chiqarishdan avval, shu narsalarning baridan xabardor boʻlish kerak”, — deydi u.

Shu bilan birga Sodiq qori Kamoliddin davlatga qarashli boʻlmagan, jamoaviy tashkilotni tashqaridan borib tekshirilishi qanchalik darajada toʻgʻri degan savolni oʻrtaga qoʻyib, oʻz navbatida Maqsadbek Toktomushov ham ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻygan degan fikrini aytib oʻtdi:

“Muftiyda ham kamchilik bor. Shu narsalarning hammasini ulamolar kengashiga, butun oʻsha jamoaga bildirib, oʻzining reviziya komissiyalarini qoʻyib, tekshirtirib, tezlikda javobini aytishi kerak edi. Chunki bu umum musulmonlar uchun, masjid-madrasalar uchun qilingan narsa edi. Buni shaffof shaklda hammaga aytib, mana shunday qildik, birodarlar deb tushuntirishi kerak edi. Shu tomoni bir oz qorongʻi boʻlgani uchun, menimcha, davlat tomonidan aralashuvlar boʻlganga oʻxshaydi”.

Media-ekspert Abdumoʻmin Mamaraimov esa muftiyat atrofidagi voqealar nafaqat Qirgʻiziston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqalaridagi davlatlar uchun, umuman dunyo musulmonlari uchun ham xunuk va kutilmagan ish boʻldi degan fikrda.

“Shaxsan men muftiyning bu ishga aralashganiga ishonmayman. Men bu odamni yaxshi bilaman. Maʼruzalarini eshitamiz har jumada. U odam bunday ishga qadam qoʻyishi mumkin emas deb oʻylayman. Xodimlar oʻrtasida boʻlayotgan ishlar esa menga qorongʻi. Endi albatta sud, tergov natijalarini kutamiz. Oʻshanda maʼlum boʻladi. Har bir odam adashishi mumkin. Boshqa tomondan esa, haj masalasidagi gaplarda ham jon bor. Haqiqatda haj mavsumida u yerda juda katta pul aylanadi. Shu sababdan muftiyning oʻrni talash boʻlib kelgani ham toʻgʻri boʻlsa kerak. Lekin albatta shu ishga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, har bir odam jazosini olishi kerak. Aybdorligi isbotlansa, muftiy ham. Hozir juda afsusdaman... Oʻzi bizda uch nafar dunyo tanigan diniy olimlarimiz Chubaq hoji (rahmatli boʻlib ketdi), Abdushukur Normatov va shu Maqsat Toktomushev. Esingizda boʻlsa, 2014-yili muftiylikka mana shu uch kishining nomzodi koʻrsatilganda, ikki olim koʻproq ilmga berilgani uchun ixtiyoriy tarzda nomzodlikdan voz kechib, Toktomushev muftiy boʻlib saylangandi. Shundan beri mamlakatda diniy sohada barqarorlik yuzaga kelgan edi. Afsuski, mana shu narsaga yana putur yetdi. Kimlardir shu narsadan manfaatdor boʻlgan. Shaxsiy fikrimcha, bu ishda tashqi kuchlar ham yoʻq emas. Sababi musulmon dunyosining barqaror boʻlib, tez rivojlanib ketishini istamagan kuchlar hamma joyda topiladi”, — deydi media-ekspert.

Din boshqarmasining maʼlum qilishicha, Qirgʻiziston muftiyi vazifasini bajaruvchi boʻlib 2016-yildan beri muftiyning oʻrinbosari boʻlib ishlab kelgan Jorobay Shergʻaziyev tayinlandi. U muftiylik vazifasini 5-aprelgacha bajaradi.

5-aprelda Qirgʻiziston musulmonlarining qurultoyi oʻtib, Olimlar kengashi va Markaziy tekshiruv komissiyasining yetakchisi va delegatlar tarafidan ochiq ovoz bilan saylanadi.

Avvalgi muftiy Maqsat Toktomushev 47 yoshda boʻlib, Qirgʻiziston musulmonlari din boshqarmasini olti yildan beri boshqarib kelayotgan edi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG