Breaking News

Advokatlar: Kapitoliydagi zo'ravonlikka Trampning aloqasi yo'q


Sobiq prezident Donald Trampning advokatlari

AQSh Vakillar palatasi fevral oyi boshida sobiq prezident Donald Trampni impichment jarayonida gapirishga chaqirgan. Lekin Tramp kelmasligini bildirgan. Senat ayni damda 6-yanvarda Kapitoliydagi zo'ravonliklarda uning roli bor yoki yo'qligini muhokama qilmoqda.

Vakillar palatasida ko'pchilikni tashkil qiluvchi demokratlar - qoralovchilar. Ular ikki kun davomida ayblovlarni tushuntirgach, bugun minbarga Trampning advokatlari chiqdi. Ular uch soat ichida himoyani yakunladi. Keyin savol-javob boshlandi. Senatorlarning savollariga javob berish uchun taraflarga teng vaqt berildi.

Demokratlarning pozitsiyasi shuki, besh kishi halok bo'lgan voqealar ortida o'sha paytdagi prezident turgan. Tramp o'z tarafdorlarini qonunchilik organiga bostirib kirib, tartibsizliklar qilishga, davlatga tahdid solishga va qonunchilarga hujum qilishga undagan. O'sha kuni Kongress prezident saylovi natijalarini tasdiqlashi kerak edi. Hujum sabab qonunchilar buni bir kun o'tib qildi. Jo Bayden g'olib deb e'lon qilindi va 20-yanvardan ishga tushdi.

Tramp advokatlarining asosiy argumenti shuki, prezident o'sha paytda hech kimni egri yo'lga boshlamagan. Saylov natijasidan norozi ekanini aytgan. Xalqni befarq bo'lmaslikka, uni quvvatlashga undagan.

"Bu uning konstitutsion huquqi va erkinligi", - deydi Maykl van der Vin, Trampning bosh advokati. - Prezident o'z tarafdorlarini uning yonini olishga chaqirgani zo'ravonlik qiling, degani emas".

Trampga nisbatan azaldan alami bor demokratlar Kongressga bostirib kirganlarni savolga tutish o'rniga sobiq prezidentni ayblab, xalqni noto'g'ri yo'lga boshlamoqda, bu sud qonunan asossiz, deydi Tramp himoyachilari.

“Vakillar palatasidagi demokratlar Trampdan nafratlanishadi, bu aniq", - deydi van der Vin. - Bu ish mana shu nafratga asoslangan".

Himoyachilarning qayd etishicha, prezident ham boshqa fuqarolar singari norozilik bildirishga haqli.

Qariyb 150 huquqshunos tahlilicha esa erkin so'z va fikrni ro'kach qilish impichment jarayonida qabul qilinmaydi. Chunki davlat rahbari Senatda sudlanganida bu kabi bahonalarga o'rin yo'q, deydi ular.

Prezident so'zdan odamlarni zo'ravonlikka undash uchun foydalangani isbotlansa, deya eslatmoqda yuristlar, u hech qanday erkinlikni da'vo qilolmaydi.

Maykl van der Vin, sobiq prezident Trampning bosh advokati
Maykl van der Vin, sobiq prezident Trampning bosh advokati

Tramp o'z chiqishlarida tarafdorlarini siyosiy tizimga qarshi qo'zg'olonga chaqirgani va Kongressga bostirib kirganlar, idoralarni vayron qilganlar, politsiya bilan to'qnashganlar buni qayta-qayta aytgani video tasvirlarda ko'rsatildi.

Tramp himoyachilariga ko'ra esa bu tasvirlar zo'ravonlikni g'azabga to'la fuqarolar qilganini ko'rsatadi, prezident emas.

Voqealar qanday tugaganidan qat'i nazar, deydi Tramp advokati Bryus Kastor, prezident bu yerda rol o'ynamagan.

Ularning ta'kidlashicha, Tramp odamlarni kurashishga chorlaganida siyosatchilardan adolat talab qiling, degan. "Qon to'king, buzg'unchilik qiling, demagan".

Demokratlar ham o'z bayonot va nutqlarida "kurash" va "kurashing" degan so'zlarni ko'p tilga oladi. Ularni ham zo'ravonlikka undashda ayblaymizmi, deya so'ramoqda Tramp advokatlari. Ular namoyish qilgan videoda demokratik liderlarning ham tinimsiz "kurashing" degan gaplari ko'rsatildi.

Trampni aybdor deb topish uchun 100 a'zolik Senatning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak. Aksariyat respublikachilar bunday qarordan yiroq ekanini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG