Breaking News

Turkiya va O'zbekiston turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqchi


Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li (chapdan ikkinchi) va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov (chapdan uchinchi) Turkiyaning Samarqand shahridagi konsulligi ochilish marosimida qatnashmoqda, Samarqand, O'zbekiston, 2021-yil, 7-mart
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li (chapdan ikkinchi) va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov (chapdan uchinchi) Turkiyaning Samarqand shahridagi konsulligi ochilish marosimida qatnashmoqda, Samarqand, O'zbekiston, 2021-yil, 7-mart

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li 6-mart kuni O‘zbekistonga boshlagan safari asnosida Xiva, Urganch va Buxoroni borib ko‘rdi, ertasi kuni Samarqandda Turkiya bosh konsulligining ochilish marosimida ishtirok etdi. 9-mart kuni esa Toshkentda O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashib, ikki tomonlama aloqlarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokoma qildi. Shu kuni turkiyalik vazirni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi.

O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov davrida turg‘unlikka uchragan O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari Shavkat Mirziyoyev davriga kelib yaxshilana boshladi. O’zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi majlisi 2020-yil Mirziyoyevning Turkiyaga safari davomida o’tkazilgan edi.

Bu kengashning ikkinchi majlisiga hozirlik ko’rilayotgani haqida xabarlar bor. U Prezident Rajab Toyyib Erdo’g’aning O’zbekistonga safari davomida bo’lib o’tishi kutilmoqda.O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, bu borada Prezident Erdo’g’anga taklif bildirilgan.

Tashrif munosabati bilan o’zbek matbuotida Chovusho’g’lining yirik maqolasi ham e’lon qilindi.

“Oʻzbekiston — Turkiya: Mushtarak tamaddun ummonida azaliy qardoshlik va abadiy hamkorlik” deb nomlangan bu maqolada Turkiya tashqi ishlar vaziri ikki mamlakat o’rtasidagi tarixiy va bugungi aloqalarni, shuningdek, har ikki davlat rahbarlari iqtidorini yuksak baholaydi:

“Prezident Erdo’gʻan va Prezident Mirziyoyevdek zamonasining uzoqni koʻruvchi yoʻlboshchilari boshqarayotgan mamlakatlarimiz XXI asrning global tahdid va sinovlari qarshisida inson omili ustuvor boʻlgan islohotchi yondashuvlari bilan har bir sohada oʻziga xos yechimlarni ishlab chiqishga qodir”, deyiladi “Xalq so’zi” gazetasida bosilgan bu maqolada.

Istanbul Tijorat universiteti xalqaro tadqiqotchisi Zebiniso Kamalovaga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy yaqinlashuv boshqa yo‘nalishlar, xususan, ta’lim sohasida va ilmiy-madaniy hamkorlikning rivojlanishiga imkoniyat yaratdi.

“Turkiya va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalar o‘rnatilyapti, hozir turkologiya, ilohiyot va turizm sohasida hamkorlik kuchayib boryapti. Lekin Turkiyada axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik sohasi ham ancha ilgrilayapti. Bu borada ham, boshqa zamonaviy ilm-fanlar bo‘yicha ham hamkorlik qilsa bo‘ladi. Turkiya O‘zbekiston uchun andaza olsa bo‘ladigan davlat. Turkiyaning rivojlanish tajribasini o‘rganishimiz maqsadga muvofiq”, – deydi olima.

Uning aytishicha, koronavirus pandemiyasi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy hamkrolikka ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Ikki tomonlama memorandumlarda talabalar va o‘qutuvchilar almashinuvi ham ko‘zda tutilgan edi, biroq pandemiya tufayli kechiktirishga to‘g‘ri keldi, deya tushuntiradi u.

Ta’lim sohasidagi aloqalar O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirlarining Toshkentdagi uchrashuvida ham muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekistonda Baxcheshehir universiteti filialini ochish va Xo‘ja Bayram Vali nomidagi universitet bilan birgalikda Farg‘ona oliy turizm maktabini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Zebiniso Kamalova oddiy turkiyaliklar O‘zbekiston haqida ko‘p ma’lumotga ega emasligini aytadi.

“O‘zbekistonni sovet davridan qolib ketgan tasavvurlar bilan bilishadi. O‘zbekistonliklarni rusparast, milliy qadriyatlaridan uzoqlashgan, deb o‘ylaydiganlar oz emas. Chunki O‘zbekiston haqida axborot tanqisligi bor. Mana, bordi-keldilar ko‘payyapti, turkiyaliklar Samarqand va Buxoro haqida haqida eshitishgan, borib kelgandan keyin esa hayrat bilan gapirishyapti, bir-birlariga tavsiya qilishyapti. Yaqinda Jaloliddin Manguberdi haqida serialning suratga olingani ham ijobiy qadam bo‘ldi, shundan so‘ng O‘zbekiston bilan hamkorlikda film ishlamoqchi bo‘lganlar chiqyapti. Ya’ni O‘zbekistonga qiziqish ortyapti, – deydi tadqiqtochi. – Shunday ekan, internetda O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni ko‘paytirish zarur. Masalan, Vikipediyada”.

Davut Gazi Benli ham O‘zbekiston Turkiyada ko‘proq tanitilishi zarur degan fikrda. U 2018-2020-yillarda Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasida matbuot maslahatchisi bo‘lgan, ayni paytda Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasida faoliyat olib boradi.

“Turkiyaga tarix, madaniyat, til, mazhab nuqtai nazaridan O‘zbekistonchalik yaqin davlat yo‘q. To‘g‘ri, Ozarbayjon bilan til jihatdan yaqinmiz, lekin mazhablarimiz farqli. Shunday ekan, o‘zbeklar Onado‘li turklarining eng yaqin qarindoshlari hisoblanadi”, – deya izohlaydi u.

Davut Gazi Benliga ko‘ra, O‘zbekiston hokimiyatiga Shavkat Mirziyoyev kelganidan beri ikki davlat munosabatlari tobora yaxshilanib boryapti. O‘zbekiston nafaqat Turkiyaga, balki butun dunyoga ochildi, deydi u.

“Men O‘zbekistonni 1984-yildan keyingi Turkiyaga o‘xshataman. O‘shanda Turkiya shitob bilan dunyoga ochilgan edi. Bugungi farovonlik, bugungi kuchimizning poydevori o‘shanda qo‘yilgan. Ya’ni, O‘zbekiston bugun boshidan o‘tkazayotgan narsalarni biz 1984-yildan keyin o‘tkazganmiz. O‘zbekiston ham tez orada mintaqada siyosiy va iqtisodiy jihatdan yetakchi kuchga aylanishiga ishonaman”, - deydi turkiyalik mutaxassis.

U, ayniqsa, diniy turizm yo‘nalishida O‘zbekiston katta salohiyatga egaligini, Turkiyadan ko‘proq sayyoh jalb etish uchun esa O‘zbekistonni ko‘proq tanishtirish, ikki davlat o‘rtasida aviareyslarni ko‘paytirish, chiptalar narxini tushirish kerakligini aytadi. Qatnovlarning qulay bo‘lishi zarurligiga Toshkentdalik paytida Mehmet Chovusho‘g‘li ham e’tibor qaratdi.

Ayni paytga kelib Istanbulga nafaqat Toshkent va Samarqanddan, balki Farg‘ona va Urganchdan ham aviareyslar yo‘lga qo‘yildi. Yo‘lovchilarning asosiy shikoyati aviachipta narxining qimmatligi bilan bog‘liq. Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida loukoster aviakompaniyalar parvozlari mavjud emas. Istanbuldan Toshkentga aviachipta (bir tomonga) o‘rtacha 300 dollardan sotilyapti, Qirg‘iziston poytaxti Bishkekka esa ikki baravar arzonga ham aviachipta topish mumkin.

“Yo‘l xarajatining o‘zi 600 dollarga borib qolyapti, shuncha pulga samolyotga chipta olish turkiyaliklarga zarurmi? Undan ko‘ra, sayohat qilaman desa, ana, Yevropaga borib qo‘ya qolishadi. Ham yaqin, ham arzon”, – deydi o‘zbekistonlik iqtisodchi Ali Ahmedov.

Shuningdek, u O‘zbekiston va Turkiyaning iqtisodiy hamkorligi bo‘yicha keltirilayotgan chiroyli raqamlarga mahliyo bo‘lish emas, balki ularni tahlil qilish zarurligini aytadi.

Rasmiy statistika bu yo‘nalishda hamkorlik rivojlanib borayotganini ko‘rsatmoqda. 2019-yilda ikki davlat o‘rtasida tovar aylanmasi hajmi 2,54 milliard dollarga teng bo‘ldi, 2020-yilda esa bu ko‘rsatkich koronavirus pandemiyasi tufayli pasaydi va 2,1 milliard dollarni tashkil etdi. O‘tgan yili O‘zbekistonda eng ko‘p – 305 ta kompaniya ochgan tadbirkorlar aynan turkiyaliklar bo‘ldi, joriy yilning 1-fevraliga kelib, turk kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 1611 ta yetdi.

“Bu firmalar, kompaniyalar nimalar bilan shug‘ullanyapti? O‘zbekistonda ish o‘rni yaratishga, ishlab chiqarishni rivojlantirishga hissa qo‘shyaptimi? Yoki Turkiyadan tayyor mahsulot olib kelib sotish bilan shug‘ullanyaptimi?.. Ana shu savollarga javob izlash kerak, – deydi Ahmedov. – Mana, qurilish sohasida ishlayapti turkiyaliklar, o‘zlaridan ishchi-xodimlar olib kelyapti. O‘zimiznikilar esa ishlash uchun yana Rossiya, Qozog‘iston, Koreya, Turkiyaga borish payida”.

Iqtisodchining aytishicha, turkiyalik yirik tadbirkorlarning O‘zbekistonga qiziqishi ko‘p ham sezilayotgani yo‘q. Chunki ular O‘zbekistonda ishlash bo‘yicha achchiq tajribaga ega, shuning uchun ularni tushunish zarur, deya izohlaydi u.

“Umuman, bizga nafaqat Turkiyadan, balki boshqa davlatlardan ham yirik investorlarning kelishi uchun keng ko‘lamli ishlohotlar o‘tkazilishi, qonun ustuvorligi ta’minlanishi zarur. O‘zbekistondagi investitsiya iqlimiga ishonch hosil qilmaguncha, katta investorlar bizga kelishiga umid qilolmaymiz”, - deydi Ali Ahmedov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG