Breaking News

O'zbekiston-Turkiya: Hamkorlik imkoniyatlari keng, ayniqsa harbiy sohada


Tog’li Qorabog’ urushida Turkiyaning Ozarbayjonga ko’rsatgan harbiy ko’magi Markaziy Osiyo davlatlariga, jumladan, O’zbekistonga ham favqulodda vaziyatlarda Anqara yordamiga umid qilish mumkinligiga ishora berdi.

Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akarning O’zbekiston va Qozog’istonga safari, har ikki davlat rahbarlari bilan uchrashib harbiy hamkorlik masalasini muhokama qilgani inobatga olinsa, bu umid ancha asosli ko’rinadi.

O’tgan oy Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentdagi uchrashuvda Hulusi Akar Turkiya O’zbekiston bilan keng qamrovli harbiy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirgan.

Harbiy hamkorlikka doir qo’shma tadbirlar sarhisob qilingan bu uchrashuvda mutaxassis kadrlar tayyorlash, harbiy o’quv yurtlari o’rtasida tajriba almashishda yangi dasturlarni ishga tushirish muhokama qilingan edi.

Sharhlovchilarga ko’ra, Turkiya-O’zbekiston o’rtasidagi ayni paytdagi aloqalarni harbiy jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham keng ko’lamli deyish qiyin, ammo imkoniyatlar kuchli, ayniqsa harbiy hamkorlik sohasida.

Ancha yillardan buyon Turkiyada yashayotgan o’zbek faollaridan biri Namoz Normo’minning ta’kidlashicha, Turkiyaning harbiy iqtidori tobora rivojlanmoqda. Buni Tog’li Qorabog’ urushida Ozarbayjonga ko’rsatilgan harbiy ko’mak miqyosi, Yaqin Sharqda Turkiya tomonidan yuritilayotgan harbiy amaliyotlar ham isbotlamoqda.

“Zamonaviy qurollar ishlab chiqishda ham Turkiya ildam rivojlanayotgan davlatlar qatorida. Turkiyaning harbiy qudrati e’tirof qilinmoqda. Shunday ekan, Markaziy Osiyo, O’zbekiston uchun ham Turkiya jiddiy harbiy hamkorga aylanishi mumkin. Turkiya-O’zbekiston aloqasi mavjud imkoniyat darajasida rivojlanmayotgandir, ammo Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan munosabatlar yangi bosqichga ko’tarilgani bor gap. Har ikki davlat liderlari muntazam aloqada, maslahatlashib, muloqotni ushlab turishgani kuzatiladi. Turkiya mudofaa vazirining yaqindagi safari, Mirziyoyev bilan harbiy hamkorlikni muhokama qilishi, bu uchrashuv Tog’li Qorabog’ urushi soyasida kechgani tomonlar harbiy hamkorlikka muhim ahamiyat qaratishayotganidan dalolat”, - deydi Normo’min.

Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy harbiy hamkori Rossiya hisoblanadi. Mintaqaning bir necha davlatlarida Rossiya harbiy bazalari joylashgan, aksariyat davlatlar Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi (KXSh) a’zolaridir.

O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqqa a’zo emas, aniqrog’i bu ittifoqni tark etgan. Shuningdek, mintaqada Rossiya harbiy bazasi joylashmagan asosiy davlat ham - O’zbekiston. Ammo mamlakat mudofaa salohiyati asosan Rossiya harbiy texnik mahsulotlari, qurol-yarog’laridan iborat.

Hozircha o’rtadagi harbiy hamkorlikning asosiy ko’rsatkichi Mirziyoyevning Turkiyaga safari paytida imzolangan qo’shma loyiha - Turkiyaga tegishli “Eyder Yalchin” rusumli zirhli harbiy mashinalarining 1000 tasini O’zbekistonda ishlab chiqarish, uchinchi davlatga eksport qilishga doir shartnoma bo’lib turibdi.

Mirziyoyevning Turkiyaga, Rajab Toyib Erdog’anning O’zbekistonga qilgan safari davomida har ikki lider munosabatlardagi yangi bosqich haqida bayonot qilishgan, savdo-iqtisodiy aloqalarning shiddatli o’sishi, turk ishbilarmonlari tomonidan O’zbekistonga yirik sarmoyalar yotqizilishi kutilgan edi.

Ammo bu bayonotlar ortidan Turkiya-O’zbekiston o’rtasida kuzatilayotgan hamkorlik rivoji ancha bosiq, ayniqsa iqtisodiy munosabatlar ko’lamida.

Sharhlovchilar buning sababini avvalo O’zbekistondagi mavjud iqtisodiy muhitga, shuningdek, Turkiyaning o’zi so’nggi yillarda jiddiy iqtisodiy muammolarga duch kelayotgani bilan izohlashadi.

“Iqtisodiy hamkorlikni rivojlanishi ko’proq O’zbekiston tomoniga bog’liq masala. O’zbekiston hukumati ishbilarmonlarni mamlakatdagi vaziyat yaxshilanganiga, sarmoya muhiti haqiqatda o’zgarganiga ishontirishi kerak. Turkiyadagi ishbilarmonlarda O’zbekistonga sarmoya yotqizish masalasidagi ikkilanish, shubha-gumonlar hamon tarqamagan. Bu shubhalar esa asosli, chunki mamlakatdagi sarmoya muhiti hamon talabga javob bermaydi, iqtisod erkin emas. Bunday vaziyatda xorij sarmoyasini, shu jumladan, Turkiya sarmoyasini ham O’zbekistonga jalb qilish qiyin. Qolaversa, oxirgi paytda Turkiyani o’zida ham iqtisodiy vaziyat unchalik yaxshi emas”, - deydi Namoz Normo’min.

Turkiya iqtisodiyotidagi muammolar ayniqsa milliy valyuta - liraning keskin qadrsizlanishi bilan kuzatildi. Bu mamlakatda jiddiy munozaralar qo’zg’adi, hukumatga nisbatan tanqidlar, norozilikni kuchaytirdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG