Breaking News

Suriya urushining 10 yilligi: yuz minglab qurbon, millonlab qochoqlar


Suriya urushiga 10 yil to'ldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:16 0:00

Suriyada fuqarolar urushi boshlanganiga 10 yil to’ldi. Prezident Bashar Assad kuchlari mamlakatni deyarli to’liq qayta nazoratiga olgan, ammo Idlib viloyatida to’qnashuvlar hanuz davom etmoqda.

O’n yillik urush yuz minglab odamlarni halok qildi, millionlab aholi qochoqqa aylandi.

Hali nihoyasiga yetmagan urushda Prezident Bashar Assad g’alaba qozonganini da’vo qilmoqda.

Ba’zilarga ko’ra esa, urush, shunchaki, muzlatilgan. Idlib va shimoli-g’arbiy Suriyadagi ba’zi hududlar hanuz muxolif kuchlar qo’lida. 17,5 millionlik Suriya aholisining to’rt millioni urush zonasida qolmoqda.

Idlib shahrida har hafta Assad hukumatiga qarshi namoyishlar o’tkazilmoqda. Ularga ko’ra, inqilob davom etadi.

“2011-yilda xohlagan narsalarimizni hanuz talab qilyapmiz. Rejim va xavfsizlik kuchlari yo’q bo’lmaguncha biz uyimizga bormaymiz. Bizni haydashsa ham, ishimiz yo’q”, - deydi namoyishchilardan biri.

Idlibdagilarning aytishicha, ular hech qachon Assad hukumati ostida xavfsiz yashay olmaydi.

Hududning katta qismi “Hay’at Tahrir ash-Shom” guruhi nazoratida. Bu guruh o’zini Suriyadagi millatchi muxolif kuchlar birlashmasi deb ataydi.

“Hay’at Tahrir ash-Shom” guruhi “Al-Qoida” bilan aloqada bo’lgani bois AQSh va boshqa davlatlar tomonidan terrorchi sifatida tamg’alangan.

Guruhning maqsadi Suriyadan Assad va uning xalqaro ittifoqchilarini surib chiqarish.

“Biz inqilobchilarmiz va jinoiy to’dalarni surib chiqarishni xohlaymiz. Assad, Eron harbiylari hamda Rossiya bosqinchilari Suriyadan ketishini istaymiz”, - deydi guruh so’zlovchisi Abu Xolid Ash-Shomiy.

Suriyadagi muxolif guruhlarni qo’llab-quvvatlash orqali Turkiya ham mintaqada faol rol o’ynamoqda. Kuzatuvchilarning aytishicha, har qanday siyosiy yoki harbiy yechim muxolifat tomondan Turkiyaga va Assad tomondan Rossiya va Eronga bog’liq.

Hozircha harbiy to’qnashuvlarning keskin tus olishi kutilmayapti. Chunki bu Turkiya chegarasida yana millionlab qochoqlarning paydo bo’lishiga olib keladi. Bu mamlakatda allaqachon 3,5 million suriyalik qochqin bor.

Ammo, deydi Idlib fuqarolari, hozirgi vaziyatni ham qabul qilib bo’lmaydi, chunki millionlab odam och-nahor va uysiz.

“Hamma narsamizdan ayrildik. Iqtisodimiz, ta’lim va adliya tizimimiz barbod bo’ldi”, - deydi Shadi Shuayb ismli idliblik.

Shuaybning aytishicha, o’n yil avval aholi ozodlik va adolat umidida isyon ko’targan edi.

Bugun bu odamlar shunchalik qiynaldiki, umidlarini, ruhlarini boy berdi, deya qo’shimcha qiladi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG