Breaking News

Yevropa Ittifoqi va Xitoy o'rtasida tuzilgan bitim tanqidlarga uchradi


Xitoy va Yevropa Ittifoqi bayroqlari
Xitoy va Yevropa Ittifoqi bayroqlari

Yevropa Ittifoqi va Xitoy o’rtasida tuzilgan yangi sarmoya kelishuvi tanqidlarga sabab bo’lmoqda. Ushbu bitim asosida xitoylik investorlar Yevropa ommaviy axborot vositalariga pul tikishi mumkin, ammo yevropaliklar Xitoyda bunday faoliyat bilan shug’ullanishni istasa, cheklovlar qo’yiladi.

Investitsiya bo’yicha Yevropa Ittifoqi – Xitoy keng qamrovli bitimi asosida Xitoy firmalarining Yevropa media sektoriga faol kirib kelishi xavotirli, deydi tanqidchilar.

Kelishuv Vashington noroziligiga ham sabab bo’lmoqda. Gonkongda demokratiya tarafdori bo’lgan namoyishchilar harakatini kuch bilan to’xtatib, Shinjonda yuz minglab musulmonlarni qayta tarbiyalash lagerlarida saqlayotgan Pekinga Yevropada bunday huquqlar berilishi qabul qilib bo’lmas holat, deydi huquq faollari.

Xavotirlar oshib bormoqda

Bitim ijroga kirishi uchun Yevropa parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. Qonunchilar orasida aynan media sektorida berilayotgan huquqlar bahslarga sabab bo’lmoqda. Ayniqsa, Yevropa parlamentida ko’pchilik o’rinlarga ega Yevropa Xalq partiyasi (YXP) vakillari tomonidan ushbu masala keng muhokamaga sabab bo’ldi.

YXP e’lon qilgan bayonotda yozilishicha, Yevropa media kompaniyalari hukumatlar tomonidan nazorat qilinishi yoki moliyalanishining oldini olish maqsadida ittifoq darajasida keng qamrovli tartib ishlab chiqilishi kerak.

Xitoy o’tgan 10 yil ichida Yevropa media kompaniyalariga 3,5 milliard dollar sarmoya kiritgan. Yevropa Ittifoqi rasmiylariga ko’ra, yangi kelishuv ittifoq va Xitoy a’zo Jahon Savdo Tashkiloti qoidalari asosida amalga oshirilmoqda.

Kelishuv xitoylik investorlarga media sektorida hech qanday yangi huquqlar bermaydi, dedi Yevropa Komissiyasi so’zlovchisi. Bitimga ko’ra, media kompaniyalariga sarmoya kiritishda xitoyliklar yevropaliklar bilan bir xil huquqlarga ega bo’ladi. Ammo Xitoyda yevropaliklarga shunday teng huquqlar berilmagan, deydi tandiqchilar.

O’tgan yili “MapInfluenceCE” tadqiqot guruhi e’lon qilgan hisobotda yozilishicha, Xitoy sarmoyadorlari ulushga ega Yevropa OAVlari Polsha, Chexiya va Slovakiyada Xitoy qiyofasini yaxshi ko’rsatuvchi propaganda materiallarini tarqatgan.

Yevropa Ittifoqining 11 a’zosi, xususan, Polsha, Slovakiya va Chexiya yangi kelishuvga e’tiroz bildirmoqda. Ularga ko’ra, xitoylik investorlarga alohida shartlar qo’yilishi kerak.

So’z erkinligiga qo’yilgan cheklovlar

Xitoy Yevropa Ittifoqining yirik savdo hamkori hisoblanadi. O’tgan 20 yil davomida Yevropa kompaniyalari Xitoyga 174 milliard dollar sarmoya kiritgan. Yevropa Komissiyasiga ko’ra, yangi kelishuv Yevropa kompaniyalari uchun Xitoyda yaxshiroq sarmoya muhitini yaratadi.

Tanqidchilarning asosiy e’tirozi shuki, aynan media sohasiga kelganda tomonlarga bir xil imkoniyat berilmagan. Xitoy davlat telekanallari Yevropada hech qanday sheklovsiz efirga uzatiladi, lekin Yevropa kanallariga Xitoyda cheklovlar qo’yilgan.

Yevropa Ittifoqidan tashqarida Britaniya ham Xitoy bilan media yo’nalishida kelishmovchiliklarga ega. Shinjonda uyg’urlar tizimli ravishda zo’rlangani haqida ko’rsatuv efirga ketishi ortidan o’tgan oy Xitoy hukumati “BBC World News” kanalining Xitoydagi faoliyatini taqiqlab qo’ydi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab bu chorani “matbuot erkinligining qabul qilib bo’lmas tarzda cheklanishi” deb atadi.

AQSh Davlat departamenti ham bu holatni keskin tanqid qilib, taqiqni Xitoyda so’z erkinligini bo’g’ish yo’lidagi kengroq kampaniyaning bir qismi deb baholadi.

Xitoy Milliy radio va televideniye ma’muriyatiga ko’ra, “BBC World News” Xitoy milliy manfaatlariga zarar yetkazuvchi hamda xolis va haqqoniy bo’lmagan materialarni efirga uzatish orqali qoidalarni muntazam buzib kelgani bois shunday cheklovga uchragan.

Yevropa Ittifoqi va Xitoy o’rtasida tuzilgan yangi investitsiya kelishuvi Britaniyani ham norozi qilishi kutilyapti. Ayni paytda AQSh Prezidenti Jo Bayden Xitoyga qarshi choralar ko’rishda “birlashgan front” tuzilishini istaydi. Bu esa Yevropa Ittifoqi va Britaniya ishtirokisiz amalga oshishi imkonsiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG