Breaking News

Bayden davrida AQSh-Yevropa aloqalari qanday bo'ladi?


AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Yevropa Ittifoqi kengashi yig'inida, Bryussel, 2015-yil, 6-fevral
AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Yevropa Ittifoqi kengashi yig'inida, Bryussel, 2015-yil, 6-fevral

Yevropa rahbarlari Jo Bayden Oq uyga kelgandan keyin ham transatlantik aloqalar Donald Tramp AQSh prezidenti etib saylangunga qadar bo'lgan holatga qaytishini kutmayapti. Ammo ular bundan buyon Amerika va Yevropa o'rtasida ziddiyatlar kamayishidan umidvor.

"Aloqalar unchalik yomon bo'lmaydi va biz prezidentning katta harflarda yozilgan tvitlarini endi kamroq ko’ramiz, - deydi Germaniyaning yuqori lavozimli rasmiysi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - Ammo bizni ajratib turadigan ko'p narsalar ham bor. Faqat Amerika emas, Yevropa ham o’zgargan".

Aloqalar qayta ko’rib chiqiladimi?

Tramp to’rt yillik faoliyati davomida xalqaro tashkilotlarga ishonch bildirmadi. Qudratli, mustaqil davlatlar bir-biri bilan xalqaro tashkilotlar orqali emas, balki to’g’ridan to’g’ri munosabat olib borishini yoqladi. Bayden Trampning "Amerika birinchi" tashqi siyosatidan voz kechib, AQShni bir qator xalqaro tashkilot va shartnomalarga qaytarishi kutilmoqda.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan o'ndan ortiq yevropalik amaldor va tahlilchilarning aytishicha, ular taxmin qilgan eng katta o'zgarish ohang va uslubda bo’ladi. Bayden, deydi ular, diplomatiyaning ahamiyatini muhim deb hisoblaydi. Ammo ular Xitoyga nisbatan siyosat bo’yicha tomonlar ikkiga bo'linishi mumkinligini va Vashington ehtimol NATOning yevropalik a'zolarini mudofaa xarajatlarini ko'paytirishga unashda davom etishini taxmin qilmoqda.

Jo Bayden Gretsiyada o'tgan Yevropa sammitida, 2017-yil, 7-iyun
Jo Bayden Gretsiyada o'tgan Yevropa sammitida, 2017-yil, 7-iyun

Ekspertlar fikricha, savdo-sotiq masasida, jumladan, “Airbus” va “Boeing” samolyot ishlab chiqaruvchilariga beriladigan subsidiyalar yuzasidan yana tortishuvlar bo'ladi. AQSh ham, Yevropa ham ko'proq protektsionizmga moyil bo’lib bormoqda.

Baydenga ko’ra, Tramp "Amerikani birinchi qilmadi, balki yolg'iz qildi". Ayni paytda Bayden AQShni oyoqqa turg’izmasdan turib yangi xalqaro savdo shartnomalari tuzmasligini aytgan.

Bu Yevropa Ittifoqini tark etishi ortidan AQSh bilan erkin savdo shartnomasini tuzishni umid qilayotgan Britaniya uchun yaxshi xabar emas.

Bayden Qo'shma Shtatlarda iqtisodiyotni rivojlantiruvchi tadqiqotlar uchun 300 milliard dollarlik davlat grantlari, "Amerikadan sotib oling" davlat xaridlari dasturi uchun esa qo'shimcha 400 milliard dollar ajratishni rejalamoqda.

Yevropaliklar ham koronavirus pandemiyasining iqtisodiy ta'siriga qarshi kurash jarayonida bizneslar uchun ko’proq davlat subsidiyalari ajratish yo’lidan bormoqda.

Yevropa Parlamentining Xalqaro aloqalar qo'mitasi raisi Deyvid Makallisterga ko’ra, Bayden ma'muriyatining istak-xohishi Tramp ma'muriyati qo’ygan talablardan ko’p farq qilmaydi. Faqat bu safar talablar do’stona tabassum bilan so’raladi, deydi u. Ayni paytda Oq uydan Yevropaga shubha bilan qarovchi maslahatchilar g’oyib bo’lishi kutilyapti.

Prezident Donald Tramp (o'ngda) "Katta yettilik"ka a'zo davlatlar yetakchilari bilan, Kvebek, Kanada, 2018-yil, 9-iyun
Prezident Donald Tramp (o'ngda) "Katta yettilik"ka a'zo davlatlar yetakchilari bilan, Kvebek, Kanada, 2018-yil, 9-iyun

Bayden Yevropa bilan 1945-yildan keyingi an'anaviy Amerika diplomatiyasi qadriyatlariga asoslangan aloqalarni tiklashga intilishini allaqachon aytib o'tgan. U saylovoldi kampaniyasida AQShning Jahon sog'liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirishini qayta tiklashini hamda iqlim o'zgarishiga qarshi Parij kelishuviga qaytishini ham ta’kidlagan.

Ammo AQSh va Yevropani bo'lishda davom etadigan ko'plab muammolar mavjud, deydi Britaniyaning Chatam uyi tadqiqotchisi Xans Kundnani.

Unga ko’ra, so'nggi to'rt yil ichida Amerika ham, Yevropa ham o'zgardi. Kundnani Xitoy masalasi transatlantik aloqalarda tikanli mavzu bo’lib qolishini aytadi.

NATO bilan aloqalar

“Qo'shma Shtatlar Tinch okeaniga ko'proq e’tibor qaratishga urinmoqda. Bu Yevropa uchun nimani anglatadi? Yevropa o’z xavfsizligi uchun ko’proq resurslar ajratishi kerak, degan bahs dolzarbligicha qoladi", - deydi Kundnani "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Tramp saylanishidan oldin ham Vashingtonda Yevropa o'z xavfsizligi uchun ko'proq mas'uliyatni o'z zimmasiga olishi kerakligi haqidagi qarash kuchli bo’lgan, deydi kuzatuvchilar. Tahlilchilarga ko’ra, Yevropaning NATOga hissa qo’shishni ko’paytirishdan bosh tortishi, ehtimol, taranglik manbai bo'lishda davom etadi.

Xitoy bilan munosabatlar bundan buyon qanday bo’lishi ham bahsli mavzu.

Prezident Donald Tramp NATOga a'zo mamlakatlar yetakchilari bilan, Vatford, Angliya, 2019-yil, 4-dekabr
Prezident Donald Tramp NATOga a'zo mamlakatlar yetakchilari bilan, Vatford, Angliya, 2019-yil, 4-dekabr

"Menimcha, Yevropa mamlakatlarining Xitoy bilan iqtisodiy aloqalari transatlantik munosabatlarda dolzarb masalaga aylanadi", - deydi Kundnani.

Bayden ma'muriyati "yevropaliklarga Xitoy iqtisodiyotiga bog’lanib qolmaslikni so’rab bosim o'tkazadi. Menimcha, Germaniya kabi mamlakatlarda bunga juda katta qarshilik ko'rsatiladi. Kontinental Yevropa va Yevropa Ittifoqi buni "Yevropa suverenitetini buzish" deb biladi", - deya qo'shimcha qiladi u.

Lekin "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan barcha rasmiylar va tahlilchilar ham shunday fikrda emas. Yevropaning Xitoyga bo'lgan munosabati o'zgarib bormoqda, deydi Nyu-Yorkda joylashgan Atlantika kengashi xodimi Kristofer Skaluba. Uning so'zlariga ko'ra, Yevropa tafakkuridagi bu o’zgarishni koronavirus pandemiyasi tezlashtirib yubordi.

G'arb diplomatlarida Bayden ma'muriyati Rossiya yoki Eron bilan munosabatlarda Yevvropa bilan hammaslak bo’lmasligi mumkin, degan xavotir ham bor.

Bundan tashqari, agar Tehron yana shartlarni bajarishga rozi bo’lsa, Bayden ma’muriyati Eron bilan tuzilgan yadro kelishuviga ham qaytishi mumkin. Ammo ba'zi G'arb diplomatlari Eron bitimi Vashingtonni yoki respublikachilar nazoratidagi Senatni qoniqtiradigan tarzda qayta tuzilishi mumkinligiga ishonmaydi.

Rossiya bilan munosabatlarda nima o'zgaradi?

Kremlning ekspansion tashqi siyosatini qanday jilovlash mumkinligi ham asosiy masalalardan biri. Bu muammoga yechim topish nafaqat Vashington va Yevropa o'rtasidagi ziddiyat tufayli, balki markaziy va g'arbiy yevropaliklar qarashidagi keskin farqlar tufayli ham qiyin bo'lishi mumkin.

"Yevropani birlashgan blok degan qarash mavjud, ammo aslida bunday emas", - deydi ekspert Kundnani.

Prezident Donald Tramp (o'ngda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Osaka sammitida, 2019-yil, 28-iyun
Prezident Donald Tramp (o'ngda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Osaka sammitida, 2019-yil, 28-iyun

Rossiya va Germaniyani bog'laydigan "Shimoliy oqim - 2" gaz quvurining qurilishi nafaqat transatlantik munosabatlarda, balki markaziy yevropaliklar va Germaniya o'rtasidagi aloqalarda ham ziddiyatli masala bo’lib turibdi.

“G'arb uchun Rossiya potentsial muammoga aylanishi mumkin. Amerika Yevropaning qo'llab-quvvatloviga ehtiyoj sezadi, ammo yevropaliklar ham Amerikaning, xususan, Rossiyadan jiddiy xavotirda bo'lgan markaziy yervropaliklarning yordamiga muhtoj”, - deydi Kundnani.

Yaqinda markaziy yevropaliklar Fransiya rasmiysi Tierri Bretonning "Belarus Yevropa emas" degan so'zlaridan hayratga tushdi. Bu bayonot Moskva himoyasidagi Belarusda davom etayotgan namoyishlar bo’yicha Yevropa Ittifoqida yakdillik yo’qligini ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG