Breaking News

Osiyo yuragi: Dushanbe konferensiyasi qanday o’tdi?


"Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni" muloqotining Dushanbe shahrida o'tgan konferensiyasi
"Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni" muloqotining Dushanbe shahrida o'tgan konferensiyasi

"Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni" muloqotining Dushanbe shahrida 29-30-mart kunlari tashkil etilgan navbatdagi, 9-vazirlar konferensiyasida pandemiya sharoitiga qaramay barcha ishtirokchilar faol qatnashdi. «Tinchlik va taraqqiyot uchun kelishuvni mustahkamlash» deb nomlangan Dushanbe yigʻilishining ahamiyati nimada? Bu yigʻilishning asosiy maqsadi – Afgʻoniston muammosini hal etish yoʻlidagi samarasi haqida kuzatuvchilar fikri qanday?

Konferensiyaning 15 ishtirokchi davlatlari, yetakchi va donor davlatlar, shuningdek, onlayn ishtirok etgan davlatlar hamda mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar vakillari Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish masalasida fikr almashishdi. Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga yordam berish maqsadida xavfsizlikni taʼminlash hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonchni mustahkamlash choralarini kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan muhokamalar tashkil etildi. Afgʻoniston muammosini tinch yoʻl bilan hal qilish, terrorizm va giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurash masalalari muhokama etildi. Shuningdek, 2020-yilning 12-sentabrida Doxa shahrida boshlangan Afgʻonistonning ichki tinchlik muzokaralariga alohida eʼtibor qaratildi.

Maʼlumki, Doxada toliblar bilan tuzilgan bitim shartlariga koʻra, AQSh 2021-yilning 1-mayiga qadar Afgʻonistondan oʻz qurolli qoʻshinlarini olib chiqishi shart edi. Oʻtgan hafta AQSh Prezidenti Jo Bayden texnik sabablar tufayli bitimda kelishilgan muddatlarga rioya qilish mushkul ekanligini aytdi.

Kuzatuvchilar fikricha, AQSh qoʻshinlari Afgʻonistonni tark etish-etmasligi yagona masala emas. Afgʻoniston tuprogʻida taʼsir kuchiga ega boʻlgan yoki uchinchi davlat “qoʻlini tortishini” talab qilayotgan boshqa davlatlar ham bor. Bu davlatlarning aksariyati mintaqada Afgʻoniston bilan qoʻshni va ular oʻzaro muloqot qilishlari uchun ham “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” konferensiyasi qulay imkoniyat yaratib beradi.

Siyosatshunos Joʻrabek Mahmudovning aytishicha, pandemiya sharoitiga qaramay Dushanbedagi yigʻilish baʼzi davlatlarning oʻzaro muloqoti uchun ham yaxshi imkoniyat boʻldi.

“Masalan, Eron tomoni Afgʻonistondan AQSh chiqib ketishi tarafdori. Hindiston ham “afgʻon xalqi oʻz taqdirini oʻzi belgilashi” lozimligini taʼkidlaydi va Pokiston Afgʻoniston ichki ishlariga aralashmasligini istaydi. Ammo Pokiston Afgʻonistondan voz kechib ketishni istamaydi. Shuning uchun Hindiston ham Afgʻonistonda qolmoqda va turli loyihalarni amalga oshirmoqda. Dushanbedagi muloqotlar ana shunday tomonlarning fikr almashishi, balki oʻzaro kelishib olishi uchun qulay imkoniyat boʻldi. Ammo davlatlar orasidagi oʻzaro kelishuvlar tafsilotlari yoki ularning qanchalik samara berishi haqida gapirishga hali erta”, - deydi tahlilchi.

Taʼkidlash lozimki, Afgʻoniston tinchligiga yoʻnaltirilgan bu xalqaro platformaning navbatdagi yigʻilishi Tojikistonda oʻtkazilishi ham bejiz emas. Tojikiston uzoq yillardan beri turli xalqaro yigʻilishlarda Afgʻoniston tinchligi muammosini muhokamaga tortib keladi. Joriy konferensiya jarayonida ham Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻani bilan muloqoti paytida Tojikistonda tinchlik oʻrnatilishida Burhoniddin Rabboniy va marhum afgʻon qoʻmondoni Ahmadshoh Masʼudning xizmati beqiyos ekanligiga ishora qilib, 1997-yil “Tojikistonda tinchlik bitimi imzolanishida Afgʻonistonning oʻsha paytdagi davlat rahbarlarining yordami katta” ekanligini taʼkidladi.

“Mustaqillik neʼmatlari biz uchun juda qimmatga tushdi. Mamlakatimizda milliy yarashish jarayoni besh yilga choʻzildi. Men bu yerda sevimli millatimning hayoti, maʼnaviy va moddiy yoʻqotilishlari haqida gapirib oʻtirmayman. Men, shunchaki, oʻsha ogʻir kunlarda oʻsha paytdagi afgʻon rahbarlari boshqa doʻst mamlakatlar qatori tojikistonliklarning tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatladilar va bizga samimiy va qardoshlik yordam koʻrsatdilar”, - dedi Tojikiston prezidenti.

Ayni paytda Tojikiston tomoni Afgʻoniston mintaqadagi muhim hamkor boʻlib qolishini taʼkidlash barobarida, qoʻshni mamlakatdagi harbiy taranglik, ayniqsa, Tojikiston bilan chegara hududlarda terrorchilarning faollashuvi va giyohvand moddalar noqonuniy aylanishi tashvishlanarli ekanligini taʼkidladi.

Konferensiyada Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham nutq soʻzlab, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishidan Oʻzbekiston ham manfaatdor ekanligini taʼkidladi.

“Oʻzbekiston Afgʻonistonning tinch, mustaqil va oʻzini oʻzi taʼminlaydigan davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afgʻoniston zaminida tinchlik mustahkam boʻlsa, bu butun Markaziy Osiyo uchun barqarorlik va farovonlik garovi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan Oʻzbekiston Afgʻonistonga nisbatan yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan doʻstona siyosat yuritmoqda”,–dedi Abdulaziz Komilov.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligidan berilgan maʼlumotga koʻra, Komilov Afgʻoniston mojarosini siyosiy yoʻl bilan hal etishning muhimligini taʼkidlab, Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan Afgʻonistondagi infratuzilma va iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi va “Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻlini qurishning muhim jihatlarini qayd etib oʻtgan.

“Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” Afgʻoniston va Turkiyaning qoʻshma tashabbusi boʻlib, uning birinchi konferensiyasi 2011-yil 2-noyabrda Istanbulda tashkil etilgandi. “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” vazirlar konferensiyalari 2012-yil Kobulda, 2013-yil Olmaotada, 2014-yil Pekinda, 2015-yil Islomobodda, 2016-yil Amritsarda, 2017-yil Bokuda oʻtkazilgan. 2019-yil 9-dekabrda Istanbulda “Tinchlik, sheriklik, farovonlik” mavzusida tashkil etilgan boʻlib, oʻtgan “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” konferensiyasida navbatdagi yigʻilish 2021-yil Tojikistonda oʻtkazilishiga kelishib olingan edi.

Ijtimoiy-siyosiy masalalar boʻyicha tahlilchi Abdullo Rasulov fikricha, Dushanbe anjumanidan koʻp narsa kutmaslik kerak.

“Albatta, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi yoʻlida Tojikiston tajribasini qoʻllash haqida koʻp gapiramiz. Ammo oʻtgan asrning 90-yillari Tojikistonda kuzatilgan fuqarolar urushi bilan Afgʻonistondagi vaziyatni qiyoslab boʻlmaydi. Afgʻonistonda holat juda murakkab va u yerda tinchlik oʻrnatilishi nomaʼlumligicha qolmoqda. Ayni paytda Dushanbeda oʻtkazilgan muloqotlar, albatta, yaxshi, ammo bunday muloqotlardan katta natijalar, samaralar kutish ham toʻgʻri emas. Bu muloqotni shu yoʻldagi navbatdagi bir qadam, deb baholash mumkin, xolos, undan ortiq emas. Tinchlikka erishish uchun yana qancha yoʻl bor, bu ham nomaʼlum”, - deydi tahlilchi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligidan berilgan maʼlumotga koʻra, “Osiyo yuragi - Istanbul jarayoni” vazirlarining toʻqqizinchi konferensiyasi davomida kuzatilgan yana bir tarixiy voqea Jahon bankini ushbu jarayon uchun xalqaro donor tashkilot sifatida qabul qilishga qaror qilingani boʻldi.

Tojikiston va Afgʻoniston tashqi ishlar vazirlari Sirojiddin Muhriddin va Muhammad Hanifa Atmar raisligida oʻtkazilgan konferensiya soʻngida “Tinchlik, siyosat va xavfsizlik masalalarida hamkorlik”, “Giyohvand moddalarga qarshi kurash”, “Qochqinlar va vatanga qaytganlar”, “Iqtisodiy hamkorlik”, “Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarning ahamiyati”, ”Ishonchni mustahkamlash choralari” masalalari boʻyicha Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilindi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG