Breaking News

Xalqaro anjuman oldidan Komilov Markaziy Osiyo bo’ylab safarda


O'zbekiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Abdulaziz Komilov va Rashid Meredov
O'zbekiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Abdulaziz Komilov va Rashid Meredov

Markaziy Osiyo bo’ylab safarga chiqqan O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov dastlabki muzokaralarni Turkmanistonda o’tkazgan.

Rasmiy xabarga ko’ra, 17-fevral kuni Komilov Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedovga Shavkat Mirziyoyevning maktubini topshirgan. Uchrashuvda ikki davlat rahbarlari o’rtasidagi oliy tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilingan.

Komilov shu kuni turkman hamkasbi Rashid Meredov bilan ham muzokaralar o’tkazgan, Turkmaniston tomoni Toshkentda o‘tishi kutilayotgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga taklif qilingan.

Turkmanistondagi muzokara O’zbekiston tashqi ishlar vazirining Markaziy Osiyo davlatlariga amaliy tashrifi sifatida taqdim qilingan safar doirasidagi dastlabki uchrashuvlardir.

Abdulaziz Komilov mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari bo’yicha muhokamalar rejalashtirilgan bu amaliy tashrif davomida Tojikiston va Qozog’istonda ham uchrashuvlar o’tkazishi kutilmoqda.

Muzokaralardan asosiy maqsad Toshkentdagi konferensiya arafasida Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorlikka doir umumiy pozitsiyalarini o’rganish, unda ishtirokni tasdiqlashdek ko’rinadi.

Markaziy va Janubiy Osiyo o’rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, mintaqa uchun yangi bozorlarni ochish, istiqbolli loyihalar muhokamasi uchun tashkil etilayotgan mazkur xalqaro anjumanda mintaqa rasmiylaridan tashqari Janubiy Osiyodan ham yuqori toifadagi rasmiylar ishtirok etishi rejalangan.

Hozircha konferensiyaning aniq sanasi e’lon qilinmagan, ammo joriy yilda o’tishi belgilangan.

Bu anjuman rasmiy Toshkentning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, bu hamkorlikni Afg’oniston, Janubiy Osiyo hisobiga kengaytirishga qaratilgan navbatdagi tashabbuslaridan biri.

Qozog’iston uchun ham, mintaqaning boshqa davlatlari uchun ham o’zaro ichki tayanch, biror ittifoq doirasida birlashish juda zarur.

Birmuncha avval Toshkentda Afg’oniston va Markaziy Osiyo hamkorligi muhokama qilingan yirik xalqaro anjuman o’tkazilgan edi. Markaziy Osiyo yetakchilarining oliy darajadagi sammitini tiklash, bu uchrashuvlarni yilda bir marta o’tkazib turish ham O’zbekiston tomonidan surilgan taklif.

So’nggi yillardagi bu tashabbuslar O’zbekistonni mintaqaviy hamkorlikni olg’a surayotgan asosiy davlatga aylantirdi, zotan Markaziy Osiyo hamkorligi Toshkentning o’zi tomonidan ham tashqi siyosatdagi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Toshkent Markaziy Osiyodagi siyosiy-iqtisodiy jarayonlarning asosiy tashabbuschisiga aylanayotgani, asosiy lokomotiv sifatida ko’rib kelingan Qozog’istonning o’rnini egallayotganiga ham diqqat qaratilmoqda.

O’zbekiston iqtisodiy ko’rsatkichlar borasida Qozog’istondan ancha orqada ekanligi ta’kidlansa-da, geosiyosiy vaziyat Toshkent foydasiga ekanligi ta’kidlanmoqda.

Qozog’istonlik ekspert Ermek Narimboy nazarida Markaziy Osiyo integratsiyasini rivojlantirish, mintaqaviy ittifoq tashkilotchisi bo’lish uchun Qozog’istonga nisbatan O’zbekistonda geosiyosiy imkoniyatlar ko’proq.

“O’zbekiston mintaqaga tahdid solib turgan biror bir geosiyosiy kuch bilan bevosita chegaralarga ega emas, ayniqsa Rossiya yoki Xitoy bilan. Qozog’iston bir tomondan Rossiya, boshqa tomondan esa Xitoy bilan bevosita tutash, o’zaro yirik chegaralarga ega. Bu davlatlarning Qozog’istondagi ishtiroki ham shunga yarasha tobora oshib bormoqda. Shu ma’noda Qozog’iston biror tashabbus surishidan avval o’z chegarasidagi bu kuchlar bilan hisoblashishga majbur. O’zbekiston aksincha mintaqa markazida, chegaralari ham asosan mintaqa davlatlari bilan tutashgan. Ya’ni O’zbekistonga nisbatan bevosita bosim ko’rsatish imkoniyatlari nisbatan past. Bu esa Markaziy Osiyo doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun O’zbekistonga yaxshi imkoniyatlar beradi, qolaversa buni mintaqa davlatlari ham qo’llab turgan bir paytda”, - deydi Narimboy.

Ma’lumotlarga ko’ra, Abdulaziz Komilovning mintaqa bo’ylab safari 18-fevralgacha davom etadi va katta ehtimol bilan Qozog’istondagi uchrashuvlar bilan yakuniga yetadi.

Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati Qozog’iston va O’zbekiston uzoq vaqt yetakchilik uchun o’zaro raqobatdagi davlatlar sifatida ko’rib kelindi. Ayni paytda bu kabi munozaralar ancha bosilgan, ayniqsa O’zbekistonni mintaqa davlatlari bilan munosabatlari ancha iliqlashishi ortidan.

Ammo Markaziy Osiyo hamkorligi istiqboli aynan shu ikki davlat munosabatlariga bog’liq ekani bugun ham inkor qilinmaydi.

“Shuni aniq aytish mumkinki, bugun Qozog’iston O’zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga doir har qanday tashabbuslarini qo’llab-quvvatlashga tayyor. Bu hukumatda kim bolishidan qat’i nazar, Nazarboyev bo’ladimi yoki boshqa birimi. Chunki davlat, mamlakat manfaatlari aynan shuni taqozo etmoqda. Bir tomonda Qozog’iston hududlariga ko’z tikib turgan Rossiya, boshqa tomonda esa mintaqani zabt etishga tayyor Xitoy turibdi. Bunday vaziyatda Qozog’iston uchun ham, mintaqaning boshqa davlatlari uchun ham o’zaro ichki tayanch, biror ittifoq doirasida birlashish juda zarur”, - deydi Ermek Narimbay.

Markaziy Osiyoning o’z tashkilotini tuzishga doir tashabbuslar anchadan buyon mavjud, ammo aniq bir taklif kuzatilmagan, jumladan Markaziy Osiyoni tashqi siyosatdagi ustuvorlik sifatida belgilagan rasmiy Toshkent tomonidan ham.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG