Breaking News

Faollar: Saudiya hukumati ayol faollarga tazyiq o'tkazishda davom etmoqda


Nasima al-Sada uzoq yillar Saudiya Arabistonida ayollar huquqlari uchun kurash olib bordi. “Juhayna” yangiliklar sayti uchun maqolalar yozdi, “Al-Adala” inson huquqlari tashkilotiga asos soldi.

Al-Sada saylovda qatnasha olish, mashina haydash uchun ruxsat berish, erkaklar nazoratidan ozod bo’lish kabi ayollar huquqlarini talab qilib sudga murojaat qilgan.

O’tgan ikki yarim yildan beri al-Sada qamoqda. U ijtimoiy tarmoqlar orqali “davlatga dushman xorijiy elementlar bilan aloqa o’rnatganlik”da ayblanib, qariyb olti yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Saudiyalik huquq faoli Lujayn al-Hazlul
Saudiyalik huquq faoli Lujayn al-Hazlul


Al-Sada 2018-yil Saudiya Arabistonida hibsga olingan ko’plab ayol faollar va jurnalistlardan biri. Ayollarning avtomobil haydashiga qo’yilgan taqiq bekor qilindi, ammo bu huquqni talab qilib namoyish o’tkazgan ayollar hanuz qamoqda.

Shunday faollardan biri Lujayn al-Hazlul fevralda ozodlikka chiqarildi. Ammo qamoqdan chiqish ozodlikni kafolatlamaydi, deydi faollar.

Al-Hazlul ozodlikka chiqqani bilan qamoqdagi hayoti haqida gapirishi yoki xorijga safar qilishi taqiqlangan. Agar u yana huquq faoli sifatida faoliyat boshlasa, qamoqqa qaytadi.

Al-Sada va boshqa ayollarning Saudiya qamoqlariga tashlangani AQSh senatorlari tanqidiga sazovor bo’ldi.

“Bu ayollar o’z fundamental huquqidan foydalangani uchungina asossiz ravishda qamoqlarga tashlandi”, - deyiladi AQSh Senati Tashqi aloqalar qo’mitasi chiqargan bayonotda.

“Xalqaro amnistiya” tashkiloti ham bu faollarning ozod qilinishini talab qildi. 2018-yilda huquq tashkiloti chiqargan hisobotda Saudiyada hibsga olingan ayollar qamoqda jinsiy tajovuz va tahqirlarga duchor bo’lgani aytiladi.

“Zulmning turli qatlamlari”

Al-Sada yuqori darajada qo’riqlanadigan qamoqxonada bir yil yolg’iz saqlandi. Bu orada oila a’zolari kelib ko’rishlariga ham ruxsat berilmagan.

“Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon fuqarolik jamiyatiga, ayniqsa, faollar va jurnalistlarga qarshi kurash boshlagandan beri Saudiya siyosati oddiy tus oldi: qirollik boshqaruvchilarini yoki uning siyosatini tanqid qilsang, qamoqdan joy olasan”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti vakili Filip Nassif.

Terrorga qarshi kurash va kiberjinoyatga oid qonunlardan foydalanib, hukumat huquq faollariga qarshi repressiya siyosatini qo’llamoqda. Saudiya Arabistoni Jahon matbuoti erkinlik indeksida 180 mamlakat orasida170-o’rinda turadi.

Saudiya Arabistonida zulmning turli qatlamlari bor, deydi saudiyalik faol, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada demokratiyani targ’ib qiluvchi DAWN nodavlat tashkilotining tadqiqot bo’yicha rahbari Abdulloh Aloud.

“Ayollarga haq-huquq beryapmiz, deydigan hukumat ayni paytda ayollarga eng ko’p zulm o’tkazayotgan hukumatdir”, - deya qo’shimcha qiladi u.

Asli saudiyalik va hozir AQShda yashovchi Aloudning otasi Saudiya Arabistonida qamoqda va o’lim jazosi bilan yuzlashmoqda. Aloudning aytishicha, otasining hibsga olinishi uning faoliyati bilan bog’liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG