Breaking News

Hisobot: Xitoy AQSh uchun eng katta tahdid


Koronavirus pandemiyasi Xitoy kabi ba’zi davlatlarni AQSh manfaatlariga zid harakatlarni amalga oshirishdan to’xtata olmadi. AQShning bosh razvedka idorasi taqdim etgan hisobotda shunday xulosa qilinadi.

Milliy Razvedka direktori idorasi e’lon qilgan 27 betli hujjatga ko’ra, Pekin “Xitoy ta’sirini yoyish, AQSh nufuzini qisqartirish, Vashington va uning ittifoqdoshlari, hamkorlari orasiga sovuqlik solish hamda avtoritar Xitoy tizimiga xayrixoh xalqaro normalarni rag’batlantirish ishlarini davom ettirmoqda”.

AQShning 18 razvedka idorasi xulosalarini o’zida jamlagan hisobot Xitoy yetakchilari Vashington bilan raqobatga alohida e’tibor qaratayotgani haqida ogohlantiradi. Shu maqsadda Pekin dunyo bo’ylab harbiy bazalari sonini oshirmoqda va turli davlatlar bilan ta’sir kuchini oshiruvchi bitimlarga kirmoqda, deyiladi hujjatda.

Xitoyning harbiy saloyihati oshib borayotgani ham alohida xavotir bilan tilga olingan.

“Xitoy yanada chidamli, rang-barang va doim tayyor; katta va salohiyati keng yadro qurollari sonini oshirib bormoqda”, - deyiladi, jumladan, razvedka idorasi xulosasida.

Rasmiylar fikricha, kelasi uch yil ichida Xitoy quyi yer orbitasida harbiy maqsadlar yo’lida ishlatiladigan fazo stansiyasini ishga tushirishi kutilyapti. AQSh infratuzilmasini nishonga olish va ishdan chiqarishga qodir kiberxurujlar kuchayishi ham ehtimoldan soqit qilinmagan.

Shunga qaramay, deydi hisobot mualliflari, Vashington va Pekin birga hamkorlik qilishi uchun hanuz imkoniyat bor.

“Agar manfaatlariga mos kelsa, Xitoy yetakchilari Vashington bilan ziddiyatlarni kamaytirish uchun shunday taktik imkoniyatlardan foydalanadi”, - deydi rasmiylar.

Razvedka idoralari xulosasiga ko’ra, AQSh xavfsizligi uchun eng katta tahdid bugun, tartib bo’yicha, Xitoy, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya hisoblanadi.

Rossiya

Rossiya, ekspertar fikricha, global maydonda AQSh ta’sirini kamaytirish, G’arbdagi ittifoqchilar orasini buzish ishlarini davom ettiradi.

“Rossiya AQSh bilan bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik bo’yicha kelishuvga erishishni istaydi. Shuningdek, AQSh sobiq Sovet Ittifoqining aksariyatida Rossiyaning ta’sir doirasini tan olishi lozim, degan qarashni olg’a suradi”, - deyiladi hisobotda.

Moskvaning harbiy qudrati bo’yicha xavotirlar ham yuqori.

“Rossiya eng katta va eng qudratli ommaviy qirg’in qurollariga egalik qilish bo’yicha uzoq muddat AQShning asosiy raqibi bo’lib qoladi”, - deyiladi hujjatda.

Eron

Eron ham AQShga nisbatan dushmanlik siyosatini o’zgartirmasligi haqida xulosa qilingan. Tehron Vashington uchun, asosan, Yaqin Sharqda boshog’riq bo’lishi aytiladi. Ekspertlarga ko’ra, AQSh Prezidenti Jo Baydenning Eronni 2015-yilgi yadro bitimiga qaytarish harakati ham Tehronni hozirgi yo’lidan to’xtata olmaydi.

AQSh razvedka idoralari xulosasiga ko’ra, Eron Iroqda yangi muammolar yaratish, Suriyada doimiy harbiy bazaga ega bo’lish hamda Afg’onistondagi mojaroda o’z manfaatlarini olg’a surish yo’lida davom etadi.

Tehron, shuningdek, kiber maydondagi salohiyatini oshirish, jumladan, muhim infratuzilmalarga hujumlar uyushtirish imkoniyatini oshirib boradi, deyiladi hisobotda.

Shimoliy Koreya

AQSh rasmiylarining ogohlantirishicha, Shimoliy Koreya e’tiborni o’ziga qaratish uchun turli tahdid usullarini qo’llashda davom etadi.

“Kim Chen Un AQSh va ittifoqchilari orasiga nifoq solish, mintaqaviy xavfsizlik muhitini buzish uchun bir qator agressiv harakatlarga qo’l urishi mumkin. Pxenyan uzoq muddat ommaviy qirg’in quroli darajasidagi tahdid bo’lib qoladi”, - deya xulosa qiladi razvedka rasmiylari.

Terrorizm

Bir paytlar AQSh uchun eng katta tahdid manbai bo’lgan terrorizm muammosi so’nggi yillarda Xitoy va Rosiya kabi davlatlar solayotgan tahdidlar oldida keyingi o’rinlarga o’tib qolgan.

Rasmiylar fikricha, yetakchilarini boy berishi oqibatida ancha susayganiga qaramay, “Islomiy davlat” va “Al-Qoida” guruhlari hanuz jiddiy xavf hisoblanadi.

“Bu ikki terror guruhi AQSh uchun xorijdagi eng katta sunniy terror tahdididir. Ular AQSh ichida ham hujumlarni amalga oshirishni xohlaydi”, - deyiladi hisobotda.

Razvedka idoralari xulosasiga ko’ra, IShID hanuz Suriya va Iroqda uzoq muddatli harbiy amaliyotlarni amalga oshirishga qodir va global miqyosdagi orzu-umidlarini ham boy bergani yo’q.

So’nggi yillarda og’ir yo’qotishlarga uchragan “Al-Qoida” ham bir qator hududlarda, xususan, Afrikada o’z imkoniyatlarini saqlab qolgani aytiladi.

Razvedka bo’yicha rasmiylarning ogohlantirishicha, Yevropaning ba’zi hududlarida oq irqchilar solayotgan tahdid IShID va “Al-Qoida” kabi guruhlar solayotgan xavfdan yuqori.

“Avstraliya, Germaniya, Norvegiya va Britaniyada irqiy yoki etnik asosdagi zo’ravon ekstremistlar, xususan, neo-natsistlar eng tez o’sayotgan terror tahdidi hisoblanadi”, - deyiladi hisobotda.

Iqlim o’zgarishi

Razvedka tahlilchilariga ko’ra, yaqin kelajakda iqlim o’zgarishi jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

“Ekologik buzilishlar va iqlimning o’zgarishi yangi kasalliklarni paydo qiladi; oziq-ovqat va suv xavfsizligiga raxna soladi hamda siyosiy beqarorlik va gumanitar inqirozni kuchaytiradi”, - deyiladi hisobotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG