Breaking News

Muhojirlardan AQSh iqtisodiga qanday naf?


Markaziy Amerikadan AQSh chegarasiga yetib kelgan muhojirlar. 29-aprel, 2018.
Markaziy Amerikadan AQSh chegarasiga yetib kelgan muhojirlar. 29-aprel, 2018.

AQShga yopirilib kelayotgan immigrant ishchilar kuchi Luiziana shtatida og’ir ahvolda qolayotgan baliqchilik sohasiga qadar tarqalgan.

“20 yildirki, Meksika, Gonduras va boshqa mamlakatlardan kelgan muhojirlarni ishga yollaganman”, - deya hikoya qiladi baliqchilik kompaniyasi sohibi Din Blanshar. Uning jamoasi AQSh bozorlaridagi jami dengiz mahsulotlarining 5-10 foizini yetkazib beradi.

Blansharning ta’kidlashicha, xorijlik ishchilar uning kompaniyasiga ko’proq samara va daromad keltirgan. U immigrantlarga ham, mahalliy ishchilarga ham bir xil maosh to’lagan. Biroq immigrantlar hamisha katta hajmdagi ishni bajargan, deydi Blanshar.

“Ayni damda besh nafar meksikalik qilgan ishni bajarish uchun 12 nafar amerikalikni yollashga majburman”, - deydi tadbirkor.

Federal agentlar reyd o’tkazib, Blansharning hujjatsiz immigrantlarni ish bilan ta’minlay olmasligini bildirgan.

Shundan so’ng u jamoa tarkibini to’liq amerikaliklardan tuzdi. Biroq qo’lga tushmagan raqib kompaniyalar hanuz noqonuniy immigrantlar mehnatidan mo’may daromad olmoqda.

“Bu ahvolda raqobat maydonida yana qancha bardosh bera olishimni bilmayman. Immigrantlar bizning bisnesimiz uchun muhim edi”, - deydi u.

Biroq AQShdagi ichki vaziyat Blansharning biznesi bilan chegaralanib qolmagan.

Xorijdan kelganlarning Amerikada ish o’rinlari va maoshga ta’siri bahsli mavzu. Global pandemiyaning inqirozli davrini ortda qoldirib, mehnat bozori asta-sekin tiklanar ekan, Prezident Jo Bayden immigratsiya tizimini qayta ko’rib chiqishga chaqirmoqda.

Biroq AQSh-Meksika chegarasiga yetib kelayotgan kasb-hunarsiz muhojirlar sonining keskin ortib borishi ortidan bahslar o’z ahamiyatini yo’qotmoqda. AQSh chegara patrul xizmati mart oyida mamlakat chegarasidan noqonuniy o’tmoqchi bo’lgan 170 mingdan ziyod migrantlar qo’lga olinganini ma’lum qilgan. Bunday oylik ko’rsatkich 2001-yildan buyon qayd etilmagan.

Ekspert Aleks Novrastening ta’kidlashicha, ko’pchilik amerikaliklar immigratsiya siyosatini yangilashdan mamlakat iqtisodi yutishini anglab yetmagan. Iqtisodda odamlar qancha ko’p bo’lsa, rivojlanish ham shu qadar sezilarli bo’ladi. Immigrantlarga cheklov o’rnatish aks natija beradi, deydi u.

“Aktiv immigratsiyasiz Amerikada o’zimiz istagan XXI asr iqtisodini amalga tatbiq qilishga yetarli darajada ishchi kuchi, tadbirkorlar va iste’molchilar bo’lmaydi”, - deydi ekspert.

AQShda mehnat bozoriga yangi kuchlarning qo’shilishi bilan ayrim sektorlar raqobati kuchaygan. Mahalliy tadbirkorlar immigrantlarni yollagan kompaniyalar buyurtmalarni ilib ketayotganidan nolib keladi. Ayrim amerikaliklar immigratsiyaning cheklanishi maoshlarning o’sishiga sabab bo’ladi deb hisoblaydi.

“Immigrantlar AQSh fuqarolarining ish o’rinlarini egallab olayotganini isbotlaydigan biror iqtisodiy dalil yo’q. Albatta, ular ish o’rinlariga ega chiqmoqda, biroq ish o’rinlarini yaratishda ham faol”, - deydi Novraste.

Milliy immigratsiya forumining ma’lum qilishicha, Amerika kichik bizneslarining 30 foizi immigrantlarga tegishli. Muhojirlarning xarid kuchi ham salmoqli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG