Breaking News

Iqlim isishiga qarshi kurashda AQSh va Xitoy hamkorlik qiladimi?


Oq uy shu hafta iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga bag’ishlangan xalqaro virtual sammitga mezbonlik qiladi. Ushbu anjuman boshlanishi arafasida Vashington global iqlim isishiga qarshi kurash ahdida qat’iy ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Uchrashuvga dunyoning yirik 40 davlati yetakchilari taklif etilgan. Xitoy Prezidenti Si Zinpin ham sammitda chiqish qilishi kutilyapti.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 19-aprel kuni o’zini qayta tiklovchi energiya texnologiyalarini yaratish bo’yicha AQSh Xitoydan ortda qolayotgani haqida ogohlantirdi.

“Hozir biz ortda qolyapmiz. Xitoy quyosh panellari, shamol turbinalari, batareya va elektromobillarning eng katta ishlab chiqaruvchisi va ekportchisidir. Dunyodagi qayta tiklanuvchi energiyaga oid patentlarning qariyb uchdan bir qismi Xitoyga tegishli”, - dedi Blinken.

“Agar biz qayta tiklanuvchi energiya inqilobida yetakchilik qila olmasak, AQSh uzoq muddatli strategik raqobatda Xitoy ustidan g’alaba qozonishini tasavvur qilish qiyin”, - deya qo’shimcha qildi AQShning yetakchi diplomati.

Blinkenning aytishicha, u kelasi oy Islandiyada bo’ladigan Arktik kengash anjumanida hamda “Katta yettilik” yig’inida iqlim o’zgarishiga oid qo’yilgan maqsadlarga erishish yo’lida AQSh qat’iy ekanini yana bir bor ta’kidlaydi.

Vashington bu masalada Pekin bilan ishlashga tayyor ekanini aytmoqda.

Xitoy bilan ishlash

17-aprel kuni AQSh va Xitoy iqlim o’zgarishiga qarshi kurashni kuchaytirish bo’yicha qo’shma bayonot chiqardi. Ushbu bayonot iqlim bo’yicha AQSh maxsus vakili Jon Kerri Xitoy rasmiylari bilan uchrashishi ortidan e’lon qilindi.

Har ikki mamlakat qazilma boyliklarni yoqish orqali olinadigan energiyadan toza va o’zini qayta tiklovchi energiya manbalariga o’tish uchun xalqaro sarmoya va moliyaviy ko’makni ko’paytirish bo’yicha zarur choralarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlarining 30 foizi Xitoy hissasiga to’g’ri keladi. Pekin 2060-yilgacha bu miqdorni nolga tushirish niyatida.

Eng ko’p karbonat angidrid chiqarish bo’yicha 15 foizlik ko’rsatkich bilan AQSh dunyoda ikkinchi o’rinda turadi. U 2050-yilgacha issiqxona gazlari chiqishini butunlay to’xtatmoqchi.

Ba’zi ekspertlar Xitoyni o’z va’dalarini bajarishda sust harakat qilayotganlikda ayblamoqda.

“Xitoy bundan yaxshiroq qilishi mumkin, lekin ular buni xohlamayapti. Yaqinda o’tkazilgan tahlilga ko’ra, Xitoyda pandemiya paytida gazlar chiqishi ikki foizga oshgan”, - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi eksperti Frenk Fennon.

“O’tgan yili Xitoy 3,84 milliard tonna ko’mir ishlab chiqargan. Bu 2015-yildan beri eng katta ko’rsatkich va bu ko’mirlar yoqib ishlatilgan”, - deya qo’shimcha qiladi Fennon.

Boshqa tahlilchilar fikricha, dunyoning bu ikki yirik davlati boshqa masalalarda AQShning ta’sir o’tkaizish mavqeini zaiflashtirmagan holda iqlim isishi bo’yicha hamkorlikni davom ettirishi mumkin.

“Iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda bizga hamfikrlilik kerak, raqobat va ziddiyat emas”, - deydi ekspert Maykl Kleyr.

“Rivojlanayotgan dunyoda yashil texnologiyalarga tezroq o’tish uchun biz Xitoy yordamiga muhtojmiz”, - deya qo’shimcha qiladi u.

Axborot texnologiyalari va Innovatsiya jamg’armasi prezidenti Rob Atkinsonning aytishicha, Vashingtonning texnologiya bo’yicha Pekin bilan kuchayib borayotgan raqobati iqlim siyosatida ham aks etishi mumkin.

“Iqlim o’zgarishi muammosini hal qilishning yagona yo’li toza energiya ishlab chiqaruvchi texnologiyani innovatsiya orqali arzon qilish”, - deydi u.

2013-yil iyulda AQSh va Xitoy iqlim o’zgarishi va energiya bo’yicha hamkorlikni yo’lga qo’yish haqida maxsus uchrashuvlarni boshlagan edi. Shu maqsadda AQSh-Xitoy strategik va iqtisodiy muloqoti nomli dastur ham ishlab chiqilgan.

Donald Tramp Oq uyga kelishi bilan ikki davlat orasidagi iqlim o’zgarishiga oid muloqot to’xtab qoldi. Tramp, shuningdek, 2017-yil AQSh iqlimga oid Parij kelishuvidan bir tomonlama chiqqanini e’lon qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG