Breaking News

“Armanlar genotsidi” siyosiy masalami yoki tarixiy?


Genotsid qurbonlari yodgorligi. Yerevan, Armaniston, 30-oktabr, 2019.

Har yilning 24-aprelini Armaniston xalqi va dunyo armanlari “Genotsid qurbonlarini xotirlash kuni sifatida” o‘tkazadi. Ular Birinchi jahon urushi yillarida Usmoniylar davlati hududida armanlar ommaviy ravishda qirib yuborilganini aytadi.

Qurbonlar soni bo‘yicha fikrlar yakdil emas: ba’zi manbalarda 600 mingdan ziyod arman o‘ldirilgani, boshqalarida esa qurbonlar soni 1 milliondan oshishi, hatto 1,5 millionga yetishi qayd etilgan.

Turkiya XX asr boshida armanlar chindan ham ommaviy ravishda halok bo‘lganini tan oladi, biroq genotsid haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etib, masala haddan ziyod siyosiylashtirilganini aytib keladi.

22-aprel kuni Turkiya prezidenti huzuridagi Oliy maslahat kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlagan mamlakat rahbari Rajab Toyib Erdog‘an genotsid haqidagi ayblovni tuhmat deb atadi.

“Turkiya “armanlar genotsidi” haqidagi yolg‘on ayblovlarga qarshi kurashishni va haqiqatni, xususan, bu tuhmatni o‘z siyosiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda qo‘llab-quvvatlayotganlardan himoya qilishni davom ettiradi”, – dedi u.

Istanbul Madaniyat universiteti professori, tarixchi Rajab Karajakaya ancha yillardan beri aynan “armanlar genotsidi” mavzusi bilan shug‘ullanib keladi. Olim ham bu masala siyosiylashtirilgan degan fikrda.

“Dunyoda shunday tasavvur bor: go‘yo tarixchilar barcha tadqiqotlarni tugatgan, genotsid bo‘lgani isbotlangan. Bu aslida Armaniston targ‘ibotining mahsuli. Dunyoda 30 ga yaqin mamlakat parlamenti armanlarning ommaviy o‘limini genotsid deb tan olgan. (AQSh prezidenti) Jo Bayden ham tan olsa kerak deb o‘ylayapmiz. Ularning maqsadi – shu masala orqali Turkiyaga siyosiy bosim o‘tkazish. Axir genotsid bu xalqaro jinoyat, parlamentlardagi tarixdan bexabar deputatlar tomonidan emas, balki sudda isbotlanishi kerak, – deydi Rajab Karajakaya “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. – Biz Armanistonga necha marta aytdik, kelinglar, birga arxivlarni ochaylik, birga o‘rganaylik, dedik. Rozi bo‘lishmaydi, arxivlarini bizga ko‘rsatishmaydi”.

Genotsid bilan bog‘liq ishlarni Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi ko‘rib chiqadi. Professor Karajakayaning aytishicha, Armaniston haligacha bu sudga murojaat qilmagan. Genotsid masalasi sud tartibida hal etilishi kerakligini BMT bosh kotibining so’zlovchisi Stefan Dyujarrik 22-aprel brifingida ham aytib o‘tdi.

“Agar BMT pozitisiyasidan gapiradigan bo‘lsak, genotsid faktini tegishli sud instansiyasi belgilashi zarur”, - dedi u “armanlar genotsidi” masalasiga to‘xtalar ekan.

Professor Karajakaya XX asr boshida armanlarning ommaviy o‘limi genotsid bilan emas, balki ularni boshqa hududga ko‘chirish bilan bog‘liqligini ta’kidlaydi.

“Birinchi jahon urushi davrida, 1915-yilda Usmoniylar davlati o‘z xavfsizligi nuqtai nazaridan arman aholini boshqa joyga ko‘chirishga qaror qiladi. O‘sha paytda usmoniylar 4-5 ta frontda jang olib borayotgan, jumladan, Kavkazda va sharqiy Sariqamish frontida Rossiyaga qarshi urushda edi. Ba’zi armanlar, ayniqsa, jangovarlari, ginchaklar va dashnoqlar rus armiyasi safiga borib qo‘shildi. Rossiya armiyasi safida armanlardan iborat ko‘ngillilar bo‘linmalari tashkil etildi. Ular ruslar bilan birga Usmoniylarga qarshi jangga kirishdi. Hatto o‘z vaqtida Usmoniylar davlati parlamentining deputati bo‘lgan Karekin Pastermajiyan ham ruslarga borib qo‘shilgandi, – deydi olim. – Usmoniylar davlati sharqiy chegaralarda xavfizlikni ta’minlashi zarur edi, shuning uchun Erzurum, Van, Bitlis, Mush singari frontga yaqin hududlarda yashaydigan armanlar Suriyaga, Livan chegaralarigacha ko‘chirildi, o‘sha paytda u joylar Usmoniylar davlati hududiga kirgan. Usmoniylar davlati bir necha frontda jang qilish bilan bir qatorda Sharqiy Anadoludagi armanlar isyonlarini ham bostirishiga to‘g‘ri keldi”.

Karajakayaning so‘zlariga ko‘ra, armanlarni ko‘chirish asnosida ocharchilik, suvsizlik, qaroqchilar va buyruqqa quloq solmagan ayrim qo‘mondonlarning hujumlari singari sabablar bilan minglab kishi halok bo‘lgan.

“Usmoniylar davlatining hech qachon armanlarni genotsid qilish fikri bo‘lmagan, – deya tushuntiradi professor. – Faqat Sharqiy Anadoludagi hududlaridagi dushman bilan hamkorlik qilishi ehtimoli bo‘lgan armanlar yashaydigan joylardagilar ko‘chirilgan. Boshqa hududlardagi, masalan, Istanbul yoki Izmirdagi armanlarga tegilmagan. Armanlarni genotsid qilish niyati bo‘lganida, ularni ko‘chirib nima qilar edi? Yashab turgan joyida o‘ldirib yuborardi-da. Davlat genotsid haqida hech qanday qaror qabul qilmagan, bu borada hech qanday ma’lumot yo‘q”.

Rajab Karajakaya 1914-yildagi statistika ma’lumotiga ko‘ra, Anadoluda jami 1 million 350 ming arman yashaganini aytadi. Bu armanlarning 300-350 mingi umuman ko‘chirilmagan.

“Halabdagi Amerika konsuli Jeksonning 1916-yilgi hisoboti bor. Unda 460 ming arman Suriyaga kelgani aytilgan. Qolaversa, Rossiya arxivlarida 300-350 ming arman Rossiyaga borib joylashgani qayd etilgan. Bu raqamlarni nega keltiryapman? Ko‘chish paytida 1,5-2 million armanning o‘lgan bo‘lishi mumkin emas. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 40-50 ming arman o‘lgan, rus arxivlariga ko‘ra taxminan 150 ming. Bundan tashqari, isyonlarda, Rossiya armiyasi safida Usmoniylarga qarshi kurashda o‘lgan armanlar ham bor”.

Erzurumlik filologiya fanlari doktori, professor Huseyin Baydemirga ko‘ra, Sharqiy Anadoluga ruslar bostirib kirgandan keyin armanlar turklarga hujum qila boshlagan.

“Biz Erzurumning Ispir tumanidanmiz, armanlarning hujumidan jabr ko‘rgan oilalardan birimiz. Otamning ikki amakisi bor edi, Usmon ismli to‘ng‘ich amakisi minglab yoshlar qatorida Rossiyaga mardikorchilikka olib ketilgan. 18 yil deganda ortga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Ikkinchi amakisining ismi Haydar, u pochtachi bo‘lib ishlagan. Haydar amakimiz Bayburtga borganida armanlar qo‘ygan tuzoqqa tushib, tiriklayin yoqib yuborilgan. Bilasizmi, Usmoniylar davlati kuchli bo‘lgan davrlarda armanlar “sodiq fuqarolar” deb atalgan. Davlat kuchsizlanib, Rossiya hujum qila boshlagach, ular ruslar safiga o‘tishga kirishgan. Ruslarning qutqusiga uchishdi. Ruslar Anadoludan chiqib ketayotganda qurollarini armanlarga tashlab ketgan. Armanlar esa qurollarni turklarga qarshi hujumlarda ishlatdi, bu tarixiy fakt”, – deydi olim.

Huseyin Baydemirning fikricha, armanlar tarix davomida Rossiyaning fitnalariga uchib keldi va har doim bundan zarar ko‘rdi. Armaniston esa Rossiyani o‘ziga yaqin do‘st deb biladi.

Armaniston Prezidenti Serj Sarkisyan 22-aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga maktub yo‘llab, “armanlar genotsidi”ning tan olinishiga va qoralanishiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden esa hali hokimiyatga kelmasidan oldinoq “armanlar genotsidi”ni rasman tan olishga va’da bergan edi.

“Men (prezident etib) saylanadigan bo‘lsam, armanlar genotsidi haqidagi rezolyutsiyaning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlashga va’da beraman”, – deya yozgan edi u bir yil muqaddam Tvitterdagi sahifasida.

Xuddi shunday va’dani o‘z vaqtida Barak Obama ham bergan, biroq sakkiz yillik prezidentlik davrida bu va’dani bajarmagan edi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan tahlilchilarga ko‘ra, Jo Baydenning genotsidning tan olinishi ortidan AQSh-Turkiya munosabatlari keskin sovib ketmasligi mumkin. Chunki Anqara shundoq ham nozik bo‘lib turgan aloqalar yanada taranglashishini istamaydi, Bayden buni juda yaxshi tushunadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG