Breaking News

Xitoy dinlar ustidan nazoratni kuchaytirmoqda


Xitoy zulmiga qarshi namoyish. Istanbul, Turkiya, 25-aprel, 2021.

Xitoy Xalq Respublikasida 1-maydan kuchga kirayotgan qaror diniy liderlarga Kommunistik partiya ko’rsatmalari asosida faoliyat yuritish majburiyatini yuklaydi.

“Diniy ulamolarni boshqarish to’g’risida”gi qarorga ko’ra, ibodatlar, ma’ruzalar va diniy ta’lim Xitoy milliy xavfsizligiga tahdid uyg’otmasligi, ekstremizm va separatizmni targ’ib qilmasligi lozim.

Qaror ruhoniylardan xorijiy ta’sirlarga qarshi din vositasi bilan kurashishni talab qiladi. Talablarni bajarmagan diniy liderlar ma’muriy sanksiyalar yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.

“Qaror bizning e’tiqodimizga hamda siyosatning dindan ajratilganligi tamoyillariga zid. Kelgusida diniy erkinlikning yanada torayishi va taqvodorlarga qarshi yanada keskin choralar ko’rilishi mumkin”, - deydi Pekin ibodatxonasi ruhoniysi Syu Yongay.

“Ilohiy muhabbat birodarligi” nomini olgan bu cherkov 1996-yilda aksariyat dissidentlar va huquq faollarining birlashuvi bilan tuzilgan. Uning yetakchisi Yongayga ko’ra, cherkov nafaqat siyosiy guruhga, balki ijtimoiy guruhga ham aylantirilmasligi kerak. Afsuski, qaror dinning siyosiylashuviga yetaklashi muqarrar.

Xitoy Konstitutsiyasining 36-moddasiga ko’ra, fuqarolarning e’tiqod erkinligi daxlsizdir. Diniy qarashlari tufayli fuqarolarni tahqirlash taqiqlanadi. Davlat organlari, jamoatchilik tashkilotlari yoki alohida shaxslar fuqarolarni muayyan bir dinga e’tiqod qilish yoki qilmaslikka majburlashi mumkin emas.

Biroq konstitutsiyada dinlarni “xitoylashtirish”, siyosiy tuzumga muvofiqlashtirish taqiqlangan emas. Xitoy Kommunistik partiyasi dinlardan o’z maqsadi yo’lida foydalanishga allaqachon kirishgan.

Xitoy rahbari Si Zinpin hukumati 2016-yilning aprelidan buyon dinlarni nazorat qilishni ustuvor vazifaga aylantirgan. “Milliy diniy faoliyat” nomli anjumanda so’zlar ekan, davlat rahbari Kommunistik partiyani dinlarni sotsialistik jamiyatga moslashtirish yo’lida faol kurashishga chaqirgan edi.

Ushbu qaror hukumat nazoratidagi Protestant, katolik, buddizm, daosizm va islom dinlari milliy assotsiatsiyasi talablariga hamohang. Xususan, joriy yilning iyul oyida Kommunistik partiyaning 100 yilligi nishonlanishi munosabati bilan assotsiatsiya taqvodorlardan davlat, partiya va sotsializm tarxini o’rganishni talab qilmoqda.

AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiyasi o’tgan hafta taqdim etgan hisobotida e’tiqod erkinligi tizimli ravishda toptalayotgan Xitoyni “alohida xavotirga molik davlatlar” ro’yxatiga kiritgan. Xitoy dinlarga zulmni bas qilmasa, 2022-yilda o’tishi rejalangan Pekin qishki olimpiadasiga qatnashishdan bosh tortish tavsiya etiladi hisobotda.

Hujjatda, xususan, uyg’urlar va ozchilik qatlami bo’lgan boshqa musulmonlarga qarshi qo’llanayotgan diniy tazyiqqa alohida urg’u berilgan.

“Xitoy Kommunistik partiyasi har qanday dinni, ayniqsa, islom va xristian dinini partiyaga itoatkor bo’lmagan e’tiqod sifatida ko’radi. Bu dinlar va unga ergashganlarni beqarorlikning potensial manbasi deb hisoblaydi. Partiya uchun barqarorlik eng muhim masala”, - deydi 2020-yilning may oyida Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi tomonidan Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya a’zoligiga tayinlangan amerikalik uyg’ur advokat Nuri Turkel.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG