Breaking News

Olimpiadani boykot qilish bilan Xitoyda nima o’zgaradi?


Xalqaro Olimpiya qo'mitasi qarorgohi oldida namoyish
Xalqaro Olimpiya qo'mitasi qarorgohi oldida namoyish

Biatlon bo’yicha AQSh Olimpiya terma jamoasiga kirgan amerikalik sportchi va Xalqaro biatlon ittifoqining sportchilar qo’mitasi raisi Kler Igan 2022-yilda Xitoyda o’tadigan Olimpiya o’yinlarini boykot qilish chaqiriqlariga qo’shilmaydi.

AQSh komandasi musobaqada ishtirok etishi kerak, deydi u, toki o’yinlar davomida Xitoydagi inson huquqlari bilan bog’liq ahvol, xususan, uyg’ur aholiga nisbatan genotsid da’volari diqqat markazida bo’lsin.

“Olimpiada tantanasi inson huquqlaridan e’tiborni chalg’itmasligi muhim. Lekin mamlakatingiz muayyan bir siyosatni ilgari sura olishi uchun sportchini o’yinlarda qatnashmaslikka majburlash to’g’ri emas. Mezbon davlatlar Olimpiya xartiyasiga amal qilishini, inson huquqlari diqqat markazida bo’lishini ta’minlash - Xalqaro Olimpiya qo’mitasining (XOQ) vazifasi”, - deydi Igan.

Tinchlik targ’iboti

Sport bilan shug’ullanish “inson huquqi” deya ta’riflangan xartiyada “sport insoniyatning uyg’un taraqqiyotiga xizmat qilishi, insonning qadr-qimmatini e’zozlaydigan tinch-osoyishta jamiyatlarni targ’ib qilishi” aytilgan.

Xartiyaga ko’ra, XOQ bu siyosiy jihatdan betaraf tashkilotdir.

Kler Iganning boykotga qarshiligi fonida bir qancha huquq tashkilotlari va siyosatchilar aynan boykot orqali Xitoyga bosim o’tkazish mumkin, deb hisoblashadi. Ular orasida AQSh sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo ham bor.

“Genotsid o’yinlarida” biror amerikalik qatnashmasligi kerak”, - deydi u.

Amerikaliklarning 49 foizi bu fikrga qo’shiladi, 46 foizi esa boykot taklifiga qarshi. Hozirgacha hech bir davlat rasman boykot e’lon qilmagan. AQSh Davlat departamenti ham boykot g’oyasi ko’rib chiqilayotgani haqidagi xabarlarni inkor etdi.

Xitoyning “Global Times” gazetasiga ko’ra, boykot haqidagi muhokamalar “o’yinlarga tayyorgarlik ko’rayotgan sportchilarni keraksiz chalg’itish demakdir”.

“Radikal chaqiriqlar”

“Radikal chaqiriqlar global bizneslarga ham og’ir tushyapti, ular jiddiy iqtisodiy zarar ko’rishi mumkin”, deyiladi Xitoy hukumati nazorat qiluvchi bu nashrning tahririy maqolasida. “Olimpiya homiylari, jumladan, “Coca-Cola”, “Visa”, “General Electric” va boshqa korporatsiyalar Xitoyning ulkan bozorida kattaroq ulushga ega bo’lish uchun qishki o’yinlarga tayanadi. Endi bular ham bahs-munozara tortilyapti”.

XOQ prezidenti Tomas Bax yaqinda matbuot anjumanida “bu masalalarga jiddiy yondashamiz, lekin tashkilot dunyodagi barcha muammolarni hal qilishga qodir emas”, dedi.

Kler Igan fikricha esa:

“Ular siyosatga aralashmaymiz deyishi kulgili. XOQ milliardlab dollar daromad keltiradigan bu tadbirlarga mezbonni tanlaydi, shu tariqa mezbon davlatga xalqaro jamoatchilik e’tiborini qaratadi”.

To’rt yilda bir marta o’tkaziladigan xalqaro musobaqa kattagina auditoriyaga ega. 2018-yilda 1,92 milliard odam, ya’ni dunyo aholisining 28 foizi, Janubiy Koreyada o’tgan Qishki Olimpiya o’yinlarini tomosha qilgan.

“Hech kim XOQdan muammoni hal qilishni so’ramayapti. Shunchaki e’tibor qarating va imkoniyat doirasida chora ko’ring. Sukunat buzg’unchiga qo’l keladi, jim turmang. Dunyo XOQdan har bir masala bilan shug’ullanishni kutmaydi, ammo genotsidga ko’z yumish mumkin emas”, - deydi AQSh Havo kuchlarida Xitoy bo’yicha maslahatchi Ben Losen.

Siyosiy qurol emasmiz

Biatlonchi Kler Igan fikricha, sportchilardan siyosiy qurol sifatida foydalanmasdan, AQSh va boshqa har qanday davlat o’z qadriyatlarini targ’ib qilish, siyosatini olg’a surish mexanizmlariga ega.

Senator Mitt Romni
Senator Mitt Romni

2002-yilda Amerikaning Yuta shtatida Qishki Olimpiadani tashkillashtirishda ko’maklashgan respublikachi senator Mitt Romni iqtisodiy va diplomatik boykot uyushtirishga chaqirayotganlardan biridir.

“Sportchilarimizning oilalari va murabbiylaridan tashqari barcha amerikaliklar uyda qolgani ma’qul. Shu tariqa ular menmonxonalar, taomlar va chiptalardan Xitoy Kommunistik partiyasi oladigan daromadga hissa qo’shmagan bo’ladi”, - deydi Romni.

“An’anaviy ravishda diplomatlar va Oq uy rasmiylaridan iborat delegatsiyani Pekinga jo’natishdan ko’ra prezident xitoylik dissidentlar, diniy yetakchilar va etnik ozchilik guruhlar vakillarini taklif qilsin”, - deya qo’shadi senator.

“NBC” kabi telekompaniyalar, deydi Romni, o’yinlarning Xitoyni ulug’laydigan ochilish va yopilish marosimlarini ko’rsatmaslik yo’lini tanlashi mumkin.

Olimpiya o’yinlaridan inson huquqlari targ’iboti uchun foydalanish uzoq tarixga ega. AQSh so’nggi bor 1980-yilda o’z sportchilariga o’yinlarda ishtirok etishni taqiqlagan. O’shanda Sovet Ittifoqining Afg’onistonga bostirib kirishiga norozilik sifatida yana 66 davlat Moksvada o’tgan olimpiadani boykot qilgan.

“1980-yilgi boykot tufayli Olimpiya o’yinlarida qatnasha olmagan kishini shaxsan taniyman. O’shanda saboq chiqarganmiz, deb o’ylagan edim. Bu samarasiz yondashuv. Yosh sportchilardan siyosiy qurol sifatida foydalanish adolatdan emas”, - deydi Igan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG