Breaking News

Saudiya-AQSh munosabatlarining buguni va ertasi


Saudiyaning valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon

Saudiyaning yirik qudratga ega shahzodasi Muhammad ibn Salmon qirollik va AQSh kichik siyosiy farqlarga qaramay, hamkor davlatlar ekanini ta’kidladi.

Shahzoda 27-aprel oqshomida nufuzli televideniye kanaliga intervyu berar ekan, Saudiyaning tashqi siyosatiga doir qarashlarini ma’lum qildi.

Uning tushuntirishicha, Saudiya hukumati AQShni boshqarayotgan yangi ma’muriyat siyosati bilan aksariyat masalalarda hamfikr. Tomonlar uyg’un bo’lmagan ayrim masalalar yuzasidan til topishish ustida ishlamoqda.

“Biz Prezident Bayden siyosatining 90 foizidan rozimiz va buni yanada mustahkamlashdan umidvormiz. Pozitsiyalarimiz uyg’un kelmayotgan 10 foiz masalalarda tahdidlarni neytrallashtirish va tolerantlikni shakllantirishga urinmoqdamiz. AQSh bizning 80 yillik hamkorimiz”, - dedi shahzoda tafovutlarga oydinlik kiritmagan holda.

Kelishmovchiliklarga sabab bo’lgan masalalardan biri Vashingtonning inson huquqlariga doir e’tirozlari bilan bog’liq. AQShda faoliyat yuritgan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining 2018-yilda Istanbulda qatl etilishi ortidan bu e’tirozlar yanada kuchaygan.

AQShning Tinchlik instituti ilmiy xodimi Robin Raytning izohlashicha, Saudiya bilan munosabatlarni qayta tiklashga urinayotgan Bayden ma’muriyati qirollikning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashdagi muhim rolini yaxshi tushunadi.

“AQSh dunyoning eng beqaror burchagida barqarorlik o’rnatish payida ekan, nizolarni nazorat qilishda Saudiyaning muhim rol o’ynashini inobatga oladi. Eron-AQSh munosabatlarida taranglik hukmron ekan, Saudiyaning ahamiyati ortaveradi. Eronning raketa arsenali har qachongidan qudratliroq va yanada uzoqroq masofalarni nishonga olishga qodir. Shahzoda Muhammad ibn Salmonning qanday niyatda ekani biz uchun muhim. U mintaqada yanada kuchliroq nufuzga ega bo’lish payidami?”, - deydi Rayt.

Yana bir muhim masala Saudiya va Fors ko’rfazidagi arab mamlakatlarining yadroviy bitim doirasida AQSh-Eron munosabatlarining qayta yo’lga qo’yilishi bilan bog’liq xavotirlardan kelib chiqadi. Saudiya shahzodasi Eronning yadroviy dasturi, mintaqada Tehron quvvatloviga ega kuchlarning mavjudligi, ballistik raketalar dasturini jiddiy tahdidlar sifatida sanab o’tgan.

Shahzoda Eron qo’shni Yamanda dastaklayotgan hutiylar Saudiya tinchlik rejasini inkor etganiga to’xtaldi. Saudiyadagi jamoatchilik obyektlari va energetika infrastrukturasini dronlar va ballistik raketalar vositasida nishonga olish davom etayotganiga urg’u berdi.

Ekspert Yasmin Farruhga ko’ra, Eron bilan yadroviy bitim bo’yicha kelishuv oqibatida yuzaga kelajak ehtimoliy tahdidlar borasida Vashington Saudiya xavotirlarini bostirishi kerak. Orada muvozanat saqlanishiga ishontirishi lozim.

AQShning Eron bo’yicha maxsus vakili Robert Mallining bildirishicha, Vashington ko’rfazdagi barcha ittifoqchilarini Eron bilan kelishuvlarning qanday borayotganidan xabardor qilib turadi. Ittifoqchilarning xavfsizlik borasidagi xavotirlarini hamisha inobatga olishni unutmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG