Breaking News

Katta shaharlarning katta muammosi - uysizlik


O’tgan yilgi so’rovlarga qaraganda, Amerikada 550 ming odam ko’chada yashaydi. Bu raqam so’nggi sakkiz yilda ilk bor o’smoqda. Uysizlik Kaliforniya shtati, Los-Anjeles kabi shaharlarda hamisha katta muammo bo’lib kelgan, ayrim joylarda esa krizis darajasiga yetgan. Yechimlar doimiy muhokamada.

Anjela bir vaqtlar mana shunday palatkalarda yashagani uchun ham uysizlik nima ekanini yaxshi biladi. U hozir ko’chada yashamasada, haftada bir-ikki kun Los-Anjeles ko’chalarida uxlaydi. Sababi - har bir odam mehr va himoyaga loyiqligini, ayniqsa ayollarga yakdil ekanini ko’rsatmoqchi.

“Shu ayol ham uyli bo’lishga, mehr ko’rishga, himoyaga loyiq. Chunki u inson”, - deydi u.

Palatkalar Los-Anjeles shahar hokimiyati ro’parasi bo’ylab tizilgan. Agar hokimiyat muammoga ko’z yumsa, uysizlik qanday oqibatlarga olib kelishiga sha’ma bu.

“Uysizlik krizis darajasida. Chora ko’rilmasa, bunaqa palatkalar, shaharning har burchagida paydo bo’lishi hech gap emas”, - deydi Mel Tillekeratni.

Los-Anjelesning qoq markazida palatkalar soni kundan-kun ortmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, shaharda 60 mingdan ortiq aholi uysiz.

2017-yil dekabrda uysizlar yoqqan gulxan qo’shni binolarga tarqalib, o’nlab uylar yong’inda vayron bo’lgan edi.

Uysizlik muammosiga ortiq ko’z yuma olmaymiz, deydi shahar meri Erik Garsetti.

“Zudlik bilan boshpanalar yaratishimiz kerak. Doimiy uy-joyga ega bo’lgunga qadar yashab turish uchun”, - deydi u.

Vaqtinchalik yotoqlar qurish loyihasi uchun allaqachon 20 million dollar ajratilgan. Ayrimlar bunday yechim tanlanganidan norozi.

“Nega hokimiyat ishli odamlarga, masalan, talabalarga yordam bermaydi? Men ham o’z uyim bo’lishini xohlayman, lekin qurbim yetmaydi. Mehnat qilishni xohlamaydigan, jamiyatga foydasi tegmaydigan odamlarga uy berilsa-ya?” - deydi Tatyana.

Bir guruh faollar ko’chada yashashni man qiling, deya mahalliy hokimiyatga murojaat qilgan. Hozircha bundan natija yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG