Breaking News

AQSh harbiy bazalarni Afg'oniston ixtiyoriga topshirmoqda


Qandahor aerodromida AQShning "A-10C" qiruvchi samolyoti va askarlari. 23-yanvar, 2018.

AQSh Qandahor viloyatining janubida joylashgan muhim harbiy baza nazoratini Afg’oniston kuchlariga topshirdi. Xabarni 14-may kuni Afg’oniston rasmiylari ham tasdiqlagan.

Ushbu baza xalqaro koalitsiyaning 30 ming askarini sig'dirgan yirik harbiy punkt bo'lgan.

Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Favad Amanning ma'lum qilishicha, joriy haftada Qandahor aerodromi nazorati ham Afg'onistonga topshirilgan.

Afg'onistonda xizmat qilayotgan AQShning 2500 nafar, NATO kuchlarining 7000 nafar askarlari bosqichma-bosqich vatanlariga qaytmoqda. Bu jarayon joriy yilning 11-sentabriga qadar to'liq yakunlanadi.

Xorijiy kuchlarning Afg’onistonni tark etishga kirishishi 2020-yilning fevralida Vashington Tolibon bilan imzolagan Tinchlik bitimi doirasida amalga oshmoqda. Shu tariqa, AQSh o’z tarixida eng uzoq davom etgan urushga yakun yasashga yaqin turibdi.

AQSh kuchlarini Afg’onistondan qaytarish jarayoniga 1-may sanasidan rasman start berilgan. AQSh Markaziy qo’mondonligi 11-may kuni bergan bayonotga ko’ra, mamlakatga qaytish jarayonining 6-12 foizi yakunlangan. Xususan, 100 dan ziyod yuk samolyotiga sig’adigan harbiy texnika olib chiqilgan. 1800 ga yaqin harbiy uskuna yo’q qilish uchun topshirilgan.

“Afg’onistondan chiqish sur’ati jadvalga muvofiq amalga oshirilmoqda”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Muxbirlarning AQShdan chiqish jarayonida Tolibon hujum qilmayaptimi degan savoliga Kirbi xuruj minimal darajada va natijasiz ekanini aytgan.

AQSh-Tolibon Tinchlik bitimiga ko’ra, xorijiy kuchlar Afg’onistondan 1-mayga qadar chiqib ketishi kerak edi.

Biroq Jo Bayden logistika bilan bog’liq muammolar tufayli belgilangan muddatni uzaytirishga qaror qildi. Bitim shartining bajarilmaganidan junbushga kelgan Tolibon hujumlarni yanada kuchaytirdi.

Bayden Afg’onistonni to’liq tark etish va “abadiy urush”ga yakun yasash rejasini o’tgan oy e’lon qildi.

Joriy yilning oktabrida 20 yil to’lishi kutilayotgan Afg’oniston urushida 240 mingdan ziyod odam halok bo’ldi. Qurbonlar orasida Afg’oniston xavfsizlik kuchlari askar va zobitlari, xorijiy kuchlar vakillari, Tolibon jangarilari va qariyb 2400 nafar AQSh harbiylari bor.

Shuningdek, 20 mingdan ziyod AQSh askarlari Afg’oniston zaminida yaralandi.

AQSh o'tgan 20 yil mobaynida bu yurtdagi missiya uchun, barcha yordamlarni qo'shib hisoblaganda, 2,4 trillion dollar sarflagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG