Breaking News

O’zbekistonda nega zo’ravon amaldorlar qadrlanadi?  


O’zbekistonda amaldorlar zo‘ravonligi bilan bog’liq navbatdagi mojaro yuzaga chiqqan. Toshkent shahar hokimining birinchi o’rinbosari Baxtiyor Rahmonov mahalla raisi Alisher Ikromovni kaltaklagan. Andijonda esa shahar kengashi deputatlari sessiya paytida Milliy gvardiya tomonidan tintuv qilingan.

Har ikki holat hokimiyat vakillarining o’z vakolatini suiiste’mol qilishi bilan bog’liq. Andijonda daxlsizlik maqomiga ega deputatlar prokuratura ko’rsatmasiga muvofiq tintuv qilingan bo’lsa, Toshkent shahar hokimi o’rinbosari Rahmonov tomonidan fuqaroning kaltaklanishi, haqorat qilinishi bevosita jinoiy javobgarlikka asos.

Jamoatchilik har ikki holat yuzasidan tekshiruv o’tkazilishini talab qilmoqda. Ammo hozircha vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanayotgan Andijon shahar prokuraturasi ham, Toshkent shahar hokimligi ham mojaro yuzasidan biror izoh bermagan.

Ammo bu ziddiyatda jabr ko’rgan tomonlar, Andijondagi holat yuzasidan Oliy Majlis deputati Rasul Kusherboyev, mahalla raisi kaltaklanishi bo’yicha esa Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligi bayonot bilan chiqdi.

Deputat Kusherboyev Andijondagi tintuvlarni izohlar ekan, prokuraturani o’z vakolatini suiiste’mol qilishda ayblaydi. Tintuv ortidan noqonuniy yer savdosiga qarshi kurashib kelgan deputat daxlsizlik maqomidan mahrum qilinganiga diqqat qaratadi.

“Katta ehtimol bilan, deputatlarni daxlsizlik huquqigayam tupurib tintuv o’tkazishga topshiriq berganlar yer sotish ishlariga daxldor va deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilib qamashga ishtiyoqmand “o’sha” shaxslar bo’lishi kerak”, - deb yozadi Kusherboyev.

Andijonda korrupsiyaga qarshi kurashayotgan deputatning daxlsizlik maqomidan mahrum qilinishi mamlakatdagi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi nazaridan ham chetda qolmagan.

Agentlik korrupsiyaga qarshi kurashuvchi prokuratura idorasi tomonidan korrupsiya holatlarini fosh etishda ishtirok etib kelgan shaxsga nisbatan chora qo’llanilishini “oqlab bo’lmas” holat sifatida qayd etadi.

Agentlik tomonidan ta’kidlangan ta’sir chorasi korrupsiyaning fosh etilishida faollik qilgan mahalliy deputat Sh. Karimovning shahar kengashi sessiyasida ko’pchilik ovoz bilan daxlsizlik huquqidan mahrum qilinganini nazarda tutadi.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, sessiyada Karimovni daxlsizlik maqomidan mahrum qilish masalasini ma’qullagan deputatlar bevosita Andijon shahar hokimi bosimi ostida ovoz berishga majbur bo’lgan.

Bu holat mahalliy hokimiyat va prokuratura ham o’zlari uchun “noqulay” bo’lgan faollarni chetlatish, bosimga olish uchun vakolatlarini hadiksiz suiiste’mol qilishi mumkinligini oshkor etmoqda.

Deputatni daxlsizlik maqomidan mahrum qilish tashabbusi ortida mahalliy hokimiyat turgani inobatga olinsa, prokuratura hokimlar xizmatidagi idora bo’lib qolayotganidan darak beradi.

Hokimlar vakolati esa shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning o’zi tomonidan kengaytirilgan. Hokimlarni prezidentning hududlardagi bevosita vakili sifatida qabul qilish tavsiya qilingan.

Hozirgacha amaldorlar tomonidan kuzatilgan zo’ravonlik, haqorat va mushtumzo’rliklar aksariyat hollarda mahalliy hokimlar tomonidan sodir etilgani, zo’rlik ko’rsatgan bu hokimlarning birortasi javobgarlikka tortilmagani inobatga olinsa, prezident vakiliga doir vakolat bejizga berilmagandek.

Katta ehtimol bilan, Oqqo‘rg’ondagi mahalla raisi Alisher Ikromovni kaltaklagan Toshkent shahar hokimi o’rinbosari Baxtiyor Rahmonov bilan bog’liq holat ham bundan mustasno bo’lmaydi.

Rahmonov bundan avval, hali Toshkent shahar Olmazor tuman hokimi lavozimida ishlab yurgan paytlarda o’tkazgan yig’ilishida bank xodimlarini ayovsiz haqorat qilgani bilan jamoatchilikka tanilgan, jiddiy tanqidlar nishoniga aylangan edi.

Jamoatchilik bu mojaro ortidan Baxtiyor Rahmonovning ishdan olinishini kutgan edi. Ammo uning ishtirokidagi navbatdagi zo’ravonlik haqorat va tazyiqlari bilan tanilgan hokimlarning ishdan haydalayotganini emas, aksincha, hukumat tomonidan qadrlanayotganini ko’rsatmoqda.

Xususan, ayni paytda Toshkent shahar hokimining birinchi o’rinbosari lavozimida ishlayotgan Rahmonovning faoliyati bunga aniq ishora beradi.

Qolaversa, Rahmonov bunga yagona misol emas. Shu kungacha ham zo’ravonligi, haqoratlari bilan tanilgan bir nechta hokimlar shaxsan Prezident Mirziyoyev tomonidan turli darajadagi mukofotlar bilan taqdirlangan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG