Breaking News

O’zbekiston-Tojikiston: Orada yechilmagan qanday muammolar bor?


10-12-iyun kunlari Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi delegatsiya Tojikistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Prezident sifatida ilk bor 2018-yilning 8-9-mart kunlari Dushanbega tashrif buyurgan Mirziyoyev ikki davlat orasida hal etilmagan biror muammo qolmaganligini taʼkidlagan edi.

Bu safar qanday masalalar muhokama etiladi? Umuman, ikki prezident uchrashib, kelishib olishi lozim boʻlgan qanday muammolar mavjud?

Oʻzbekistonda hokimiyat tepasiga Shavkat Mirziyoyev kelishi ortidan Toshkent va Dushanbe orasidagi oʻn yilliklarga choʻzilgan sovuq munosabatlarga barham berilib, turli sohalarda hamkorlik qayta tiklandi. Uzoq yillik ijtimoiy, siyosiy muammolar oradan koʻtarilib, savdo-iqtisodiy hamkorlik koʻlami kengaya boshladi.

Savdo-sotiq

Oʻsha 2018-yilda ikki davlat orasidagi tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib olingan edi. Hozircha bu koʻrsatkichga erishilgani yoʻq, ammo yildan-yilga savdo hajmi oʻsayotganini kuzatish mumkin.

Oxirgi yillarda Oʻzbekiston Tojikistonning ilgʻor iqtisodiy sheriklaridan biriga aylanib ulgurdi. Ikki davlat oʻrtasidagi mahsulot aylanish hajmi 2020-yilda, pandemiya sharoitiga qaramay, 502 million dollarga yetdi. Shundan 404,5 million dollari Oʻzbekistondan Tojikistonga qilingan import va 97,3 million dollari Tojikistondan Oʻzbekistonga qilingan eksportga toʻgʻri keladi. Bu oxirgi 20 yil ichidagi eng yuqori koʻrsatkichdir.

2020-yil koʻrsatkichlariga koʻra, Tojikiston bilan mol-mahsulot almashtiruvchi mamlakatlar orasida Oʻzbekiston uchinchi oʻrinni egallaydi. Ikki davlat orasidagi mahsulot aylanish hajmi ham siyosiy munosabatlar iliqlashgandan keyin orta boshladi.

Kuzatuvchi Abdullo Saidovning aytishicha, oʻzbek-tojik munosabatlari iliqlashuvi Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelgan kundan boshlangan edi.

Afgʻonistondan AQSh qoʻshinlari olib chiqilsa, mintaqada xavfsizlik masalasi qanday boʻladi? Yoki AQSh qoʻshinlari Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga joylashtirilishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

“Agar 2016-yilning toʻrtinchi kvartali va 2017-yil xronologiyasiga nazar tashlasak, mintaqada eng yaqin qoʻshni sanalgan tojik-oʻzbek munosabatlarida keskin iliqlashuv va tub burilishlar yuz berganining guvohi boʻlamiz. 2016-yil oxiri, 2017-yilning avvalidayoq ikki respublika bosh vazirlari uchrashuvlari ommaviy axborot vositalarida tilga tushgani chindan ham xushxabar edi. Bu orada tadbirkorlar, sanʼatkorlar guruhi oʻzaro bordi-keldini boshlab yuborgan edi ham. 2017-yilga kelib ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorliklarning yangi ufqlari namoyon boʻla boshladi. Aniqroq sana bilan aytar boʻlsak, 17-20-aprel kunlari Dushanbe shahrida Oʻzbekiston sanoat mahsulotlarining birinchi koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Bizga yondoshu qondosh qoʻshni respublika mamlakatimizda 25 yil davomida ilk bor bu kabi koʻrgazmani oʻtkazayotgan edi. Ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasidagi samarali munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga barchada umid uygʻotgan mazkur koʻrgazmada qoʻshnilarimizning 160 shirkati oʻz mamlakatlarida ishlab chiqarilgan 1500 turdagi mahsulotlarni namoyish etdi”, - deydi Saidov.

Haqiqatan ham 2017-yil Oʻzbekiston va Tojikiston orasidagi savdo aloqalari olti karra oʻsib, tovar ayirboshlash 69 million 200 ming dollarga yetganligini kuzatish mumkin. 2018-yil Mirziyoyev Dushanbega tashrif buyurishi va ikki davlat orasida koʻplab shartnomalar qatori bir oygacha vizasiz kirib-chiqishga doir kelishuv munosabatlarni yanada yaqinlashtirdi.

Tojikiston Bojxona xizmati maʼlumotlariga koʻra, 2018-yilning birinchi olti oyida ikki davlat orasidagi tovar aylanishi 117 million dollarni tashkil etgan.

Tashrifga tayyorgarlik

Ikki davlat orasidagi iqtisodiy hamkorlik 14-15-may kunlari Toshkentda Bosh vazir Qohir Rasulzodaning Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 8-yigʻilishiga tashrifi chogʻida ham muhokama etildi. Bu masalalar oldinroq, 24-aprel kuni Oʻzbekiston Bosh vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning Xoʻjand shahriga tashrifi chogʻida ham muhokama qilingan edi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Tojikiston shimoliga tashrif buyurishining sababi 10-12 iyun kunlari Shavkat Mirziyoyevning tashrifi ham shu mintaqaga boʻlishi kutilmoqda.

Sugʻd viloyati maʼmuriyatidan olingan maʼlumotlarga koʻra, ikki davlat rahbarlari uchrashuvi paytida 29 ta yangi kelishuvlar imzolanishi rejalanmoqda.

Bu kelishuvlar iqtisodiyot, sarmoya, sanoat, maorif va ilm, madaniyat, mahsulot eksport va importi, sogʻliqni saqlash, temir yoʻl va bojxona, energetika kabi sohalarda boʻlib, hamkorlikni takomillashtirishga qaratilgan.

Oʻzbekistonning Dushanbe shahridagi elchixonasi masʼullari bu maʼlumotlarni tasdiqlab, 30 ga yaqin shartnoma imzolanishi kutilayotganini taʼkidladi.

Prezident Mirziyoyev faqat Tojikiston bilan emas, barcha qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni tubdan yaxshiladi. Qisqa fursatda Qirgʻiziston, Turkmaniston, Qozogʻistonga safar qildi. Ammo Islom Karimov paytida Dushanbe va Toshkent orasida munosabatlar juda yomon boʻlganligi sababli Tojikiston bilan aloqalar qayta tiklanishi juda katta voqea sifatida qabul qilingan edi.

Mirziyoyev 2018-yilda Tojikistonga ilk safaridan soʻng yana ikki marta Dushanbega tashrif buyurdi. Biri 2018-yilning sentabr oyi oxirida MDH davlat rahbarlari kengashining Dushanbedagi yigʻilishida va ikkinchisi 2019-yil 14-iyunida Osiyoda oʻzaro hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha konferensiyaning beshinchi sammitida ishtirok etish uchun.

Ko'rib ko'rmaslik, bilib bilmaslik

Mirziyoyevning joriy yil 10-12 iyun kunlari uyushtirilishi kutilayotgan safariga tayyorgarlik katta. Nima sababdan?

Tahlilchi Joʻrabek Mahmudov fikricha, bu uchrashuv Oʻzbekiston va Tojikiston orasidagi hamkorlikning ikkinchi, yana ham muhimroq bosqichiga koʻtarilishiga tamal toshi qoʻyib berishi mumkin.

“Uch yil oldin, 2018-yilgi uchrashuvda ikki davlat orasida oʻn yilliklar davomida yigʻilib qolgan muammolarni hal etish boʻyicha kelishib olingan edi. Oʻtgan uch yil davomida har ikki tomon ham u yoki bu sohada hamkorlik qilib, bir-birini oʻrgandi, bir-biriga moslashdi. Endi ikki davlat birgalikda katta-katta loyihalarga qoʻl urishi mumkin. Gap yirik inshootlar qurilishi haqida boradi. Bundan qoʻshma korxonalar, ikki davlat uchun ham ahamiyatli boʻlgan inshootlarning qurilishi, ikki davlat orasidagi doʻstona munosabatlarni yana ham mustahkamlanishiga sabab boʻladi”, - deydi u.

Suhbatdoshga ko’ra, ikki davlat rahbarlari daxl qilishi kerak boʻlgan yana bir qator ijtimoiy muammolar mavjud, ammo ular haqida har ikki taraf ham mum tishlamoqda.

“Masalan, Tojikistondagi mahalliy oʻzbeklarga yoki Oʻzbekistondagi mahalliy tojiklarga xos boʻlgan muammolar ham mavjud. Bu oʻrta maktablarda milliy sinflarning qisqarib borishi, oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek, tojik guruhlarining yopilib ketishi, milliy tildagi darslik kitoblarining tanqisligi kabilar. Ammo oʻylashimcha, prezidentlar bu haqda soʻz ochmaydi. Har ikki taraf ham bu masalalarda koʻrib koʻrmaslikka, bilib bilmaslikka oladi. Chunki bunday masalalarni koʻtarishni istagan tomon avvalo oʻzi namuna koʻrsatib qoʻyishi kerak. Na Toshkent va na Dushanbe bu masalalarda namuna boʻla olmaydi”, - deydi tahlilchi.

Iqtisodchi Ravshan Norjigitovning aytishicha, ijobiy munosabatdan har ikki davlat manfaatdor.

“Tojikiston uchun Oʻzbekiston bilan yaxshi munosabatda boʻlish juda muhim. Ayniqsa hozirgi qoʻshni Qirgʻiziston bilan chegara bahslari borgan sari mujmallashib, siyosiy munosabatlarga ham salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bir paytda. Oʻzbekiston uchun ham Tojikiston bilan yaxshi munosabatda boʻlish foydali. Bu narsani turli sohalarda kuzatish mumkin. Aytaylik, qishloq xoʻjaligi uchun Tojikiston suv oqimi boʻyicha yuqorida joylashgan boʻlganligi uchun ham bu sohadagi hamkorlik Oʻzbekistonga foydali. Iqtisod yoki sanoat sohasini olsak, Tojikistonda ishlab chiqarish Oʻzbekistondagidek rivojlanmagan. Shuning uchun ham Tojikiston Oʻzbekiston mahsulotlari uchun qoʻshimcha bozor. Birgina 2020-yildagi tovar aylanmasiga eʼtibor bersak, Oʻzbekiston Tojikistonga qaraganda toʻrt barobar koʻproq mahsulot eksport qilgan. Yoki maorif, oliy taʼlim sohasini olsak, bugungi kunda oʻn minglab oʻzbekistonliklar Tojikiston oliygohlarida tahsil olmoqda. Demak, bu sohalarda ham hamkorlik bitimlari bogʻlash, ularni mukammallashtirish yoki moslashtirish kerak boʻladi”, - deydi Norjigitov.

Tahlilchi Ilhom Yusupov fikricha, prezidentlar muhokama qilishi ehtimoldan yiroq boʻlmagan yana bir qancha masalalar bor, ammo ular katta ehtimol bilan yopiq eshiklar ortida muhokama etiladi.

“Masalan, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan farqli oʻlaroq Oʻzbekiston va Tojikiston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga aʼzo emas. Agar bu ikki davlatdan biri aʼzo boʻlsa, ikkinchisining ham qoʻshilish ehtimoli ortadi yoki qoʻshilmaslik imkoniyati kamayadi. Bu masalani prezidentlar albatta muhokama qilishadi, deb oʻylayman. Yoki yana bir muhim masala - Afgʻonistondan AQSh qoʻshinlari olib chiqilsa, mintaqada xavfsizlik masalasi qanday boʻladi? Yoki AQSh qoʻshinlari Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga joylashtirilishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Bu ham muhim masalalardan biri. Shuningdek, Tojikiston va Qirgʻiziston orasidagi chegara toʻqnashuvlari ortidan har ikki prezident ham rasmiy Bishkek bilan qanday pozitsiyada turib muzokaralarni olib borish masalasida fikr almashishi ham ehtimoldan xoli emas”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG