Breaking News

Bloger Otabek Sattoriy 6,5 yilga qamaldi


Otabek Sattoriy sud jarayonida so'zlamoqda (YouTube)

Bloger Otabek Sattoriy 6,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Surxondaryo viloyatidagi mahkama uni tovlamachilikda, tuhmat va haqorat qilishda aybdor topgan.

Blogerning uzoq yillik qamoqqa hukm qilinishi jamoatchilikda jiddiy xavotir uyg’otgan, jumladan parlament deputati Rasul Kusherboyev Sattoriyga chiqarilgan keskin hukm mamlakatdagi blogerlarni anonim mualliflarga aylantirishi xavfidan ogohlantirdi.

Otabek Sattoriyning ishi Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O’zbekistonda tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bloger uzoq yillik qamoqqa hukm qilinayotgan dastlabki holat.

Otabek Sattoriyning onasi sudda
Otabek Sattoriyning onasi sudda

Nyu-Yorkdan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi hukmni adolatsiz deya qoralab, blogerni darhol ozod etishga chaqirdi.

"Hukumat Sattoriyning ishi qayta ko'rib chiqilishiga to'sqinlik qilmasligi kerak va jurnalistlar qilgan ishlari uchun jazolamasligi lozim", - deydi tashkilot eksperti Gulnoza Said.

Janubiy Kaliforniya universitetida huquqdan dars beruvchi taniqli mutaxassis Stiv Sverdlov esa O'zbekiston yana jurnalist va blogerlarni qamaydigan davlatga aylanganini qayd etdi.


"O'zbekistonda o'zgarishlarni olqishlayotganlar tizim bunday qadamlar tashlamaydi degan umid qilib kelayotgan edi", - deydi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda blogerga belgilangan qamoq jazosining mamlakatdagi so’z erkinligi ustidan o’qilgan hukm sifatida talqin etilayotgani ham kuzatiladi.

Sattoriy hukmi nafaqat so’z erkinligi masalasini, balki O’zbekistonda sud huquq tizimi hamon eskicha qolayotganiga doir tanqidlarni ham yuzaga chiqargan.

Sudlanuvchining advokatlari hukmni mutlaqo adolatsiz va buyurtma deb atab, uning ustidan shikoyat qilishga bel bog'lagan. Sud noxolis, deydi ular.

Otabek Sattoriy ishi xalqaro tashkilotlar tomonidan ham kuzatib kelinayotgan edi. Bungacha, xususan prokuror blogerga nisbatan 11 yillik qamoq jazosi so’rashi O’zbekistonda so’z erkinligiga tahdidlar oshayotganiga doir jiddiy xavotirlarga ham sabab bo’lgan.

Otabek Sattoriyning otasi sudda
Otabek Sattoriyning otasi sudda

Otabek Sattoriy o’ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni inkor etgan. Mahkamada berilgan so’nggi so’zida o’zini sud zalidan ozod qilishlarini so’ragan.

Bloger aybdor topilgan aksariyat holatlar bevosita uning faoliyati bilan bog’liq, ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlari haqorat va tuhmat sifatida talqin qilingan.

Tovlamachilik bilan bog’liq holat ham bozordagi narx-navoni o’rganishga doir lavhasiga, xususan shu orqali mahalliy hokimiyat bilan ziddiyatga borishiga borib taqaladi.

Otabek Sattoriy sudga kelganlar bilan salomlashmoqda
Otabek Sattoriy sudga kelganlar bilan salomlashmoqda

Shu yil boshida huquq-tartibot xodimlari o’tkazgan maxsus amaliyot davomida o’z uyidan olib ketilgan Otabek Sattoriy hibs qilinishiga qadar ham o’zi va mahalliy hokimiyat o’rtasida ziddiyat keskinlashayotgani, katta ehtimol bilan uni qamoqqa olishlari mumkinligi xususida aytgan edi.

Bloger faoliyati bilan tanish jurnalistlar buning sababini Sattoriy va viloyat hokimligi o’rtasida keskin ziddiyat mavjudligida ham ko’rishadi.

Otabek Sattoriy biror ayblovni tan olmagan
Otabek Sattoriy biror ayblovni tan olmagan

Sattoriy hibs qilinishiga qadar ijtimoiy tarmoqda “Xalq fikri” deb atalgan videoblog yuritib kelgan.

Blogdagi aksariyat materiallarda viloyatdagi ijtimoiy vaziyat, xususan viloyat aholisi gaz va elektr toki yetishmovchiligidan qiynalayotgani, Surxondaryoda o’z yeridan ajrab, Toshkentda norozilik uyushtirgan fermerlar taqdiri, shuningdek, viloyatdagi ekologik muammolar yoritilgan.

Otabek Sattoriyga berilgan hukm haqidagi xabar jamoatchilikda munozara qo’zg’ashda davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bu borada bildirilayotgan munosabatlarda haqiqatni gapiruvchi blogerlar uchun o’z kasbini o’zgartirish vaqti kelgani ham ta’kidlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG