Breaking News

NATO: Afg'onistonga yordam davom etadi


NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Parijda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashib, 14-iyun kuni bo’lib o’tadigan NATO yig’iniga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvda Afg’onistonning kelajagi haqida ham fikr almashilgan.

Stoltenbergning aytishicha, NATOning kelajakda Afg’onistonga ko’rsatadigan yordami uchta asosga ega bo’ladi: davlat idoralariga yordam ko’rsatish, harbiy ta’lim va treninglar o’tkazish hamda zarur xizmatlarni ko’rsatish, jumladan, Kobuldagi aeroportni ishlatish uchun moliyaviy yordam ajratish.

“Bularning barchasi NATO ittifoqchilari va xalqaro hamjamiyatga afg’on xalqiga yordam ko’rsatish hamda tinchlik ishlariga hissa qo’yish imkoniyatini beradi”, - dedi NATO yetakchisi.

AQSh va xalqaro kuchlar shu oy o’z qo’shinlarini Afg’onistondan olib chiqishni boshladi. Tolibon haqida so’ralganda, Stoltenberg afg’on xalqi ularning hokimiyatga qaytishini istamasligini aytdi.

“Maqsadimiz tinchlikka erishish. Agar Tolibon zo’ravonlik bilan hokimiyatni qo’lga olishga urinsa, ular nafaqat afg’on xavfsizlik va mudofaa kuchlari, balki afg’on xalqi qarshiligiga ham duch keladi. Odamlar Tolibonni xohlamaydi. Ularning hukmronligini ko’rgan odamlardan so’rab ko’ring”, - dedi Stoltenberg.

Bu orada Tolibon Afg’oniston bo’ylab zo’ravon hujumlarini davom ettirmoqda. So’nggi xabarlarga ko’ra, isyonchi guruh Afg’oniston xavfsizlik kuchlari bilan kechgan og’ir janglar ortidan Maydan Vardak viloyatining Jalrez tumanini egallab olgan.

Viloyat kengashi a’zosi Sharifulloh Hotakning aytishicha, tuman besh kunlik janglar ortidan taslim bo’lgan.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulloh Mujohidga ko’ra, tumandagi hukumat askarlari qurollarini topshirib, guruhga qo’shilishga qaror qilgan.

Shu bilan o’tgan ikki hafta ichida Tolibon viloyatda ikkinchi tumanni qo’lga kiritdi. Ikki haftacha oldin Maydan Vardakning Narx tumani ham isyonchi guruh ixtiyoriga o’tgan edi.

Jalrez tumani viloyat markazi Maydan Shar g’arbida joylashgan bo’lib, poytaxt Kobuldan 62,9 km. janubi-g’arbda joylashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG