Breaking News

Uyg’urlar ishini ko’rib chiqayotgan tribunal olqishlanmoqda


Qalbinur Siddiq (ekranda chap tarafda) Xitoyning uyg'urlarga qarshi zulmi yuzasidan guvohlik bermoqda. London, 4-iyun, 2021.

Londonda mustaqil tribunal Xitoyning Shinjon musulmonlariga qarshi jinoyatini genotsidga teng yoki tengmasligiga aniqlik kiritishga urinmoqda. Ilk tinglovlar seriyasi 4-7-iyun kunlari oralig’ida o’tgan. Huquq faollari va uyg’ur ekspertlari “xalq tribunali” matonatini olqishlamoqda.

Asosan yuristlar va akademiklardan iborat to’qqiz kishilik sud hay’ati nufuzli hakam Jeffri Nays boshchiligida “Uyg’urlar ishi”ni ko’rib chiqmoqda. Tribunal Pekinning uyg’urlar va boshqa musulmon xalqlar vakillariga qo’llayotgan zulmiga adolatli yuridik baho berishni maqsad qilgan.

Pekin tribunal harakatlarini qoralab, hakamlarni izza qilmoqda.

Londonda Genotsidga qarshi koalitsiya tuzgan faol Lyuk de Pulfordning ma’lum qilishicha, tribunal Britaniya hukumati tomonidan tasdiqlanmagan. Biroq hukumatni bevosita keskinroq choralar ko’rishga boshlashi mumkin.

‘Biz bir tomonni tanlashimiz lozim. O’z qadriyatlarimizni himoya qilamizmi yoki Xitoyga sotilamizmi? Har ikkisini tanlay olmaymiz”, - deydi Pulford “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Joriy yilning aprel oyida Britaniya qonunchilari Xitoy repressiyasini bir ovozdan uyg’urlarga qarshi genotsid deb e’lon qilgan. Shu tariqa, Xitoy zulmini qoralab kelayotgan AQSh, Kanada, Niderlandiya va Litva safiga Britaniya ham qo’shilgan edi.

Biroq, ma’lum qilinishicha, Britaniya hukumati qonunchilarning uyg’urlarni majburiy mehnatga tortish evaziga yetishtirilgan Xitoy mahsulotlarini xarid qilishni taqiqlashga doir taklifini inobatga olmagan.

Dunyo uyg’urlari kongressi prezidenti va sudda qatnashayotgan guvohlardan biri To’lqin Isoning ta’kidlashicha, tribunal tingloviga erishish uchun jiddiy kurashilgan. Ayni damda uyg’urlar o’z arzini bildirish uchun qulay fursat qarshisida turibdi.

“Tribunal uyg’urlar fojiasini hujjatlashtiradigan muhim organ. Umid qilamanki, hay’at hukmi dunyo hukumatlarining Xitoyni javobgarlikka tortish borasida munosib qadam tashlash uchun siyosiy irodaga ega bo’lishiga turtki beradi”, - deydi Iso.

Tribunal bu jinoyat ishini ko’rib chiqayotgan xalqaro yuridik organ yo’qligida muqobil variant sifatida ko’rilmoqda. Tribunalning navbatdagi tinglovlari sentabr oyiga belgilangan. Yakuniy hukm dekabr oyida e’lon qilinadi.

O’tgan yilning dekabrida Xalqaro Jinoiy sud uyg’urlar ishini ko’rib chiqishni rad etgan. Bu ishga baho berish vakolatiga ega emasligi, Xitoy esa a’zo mamlakatlar safiga kirmasligini sabab qilib ko’rsatgan edi. Xalqaro Adliya sudi esa davlatlar o’rtasida yuzaga kelgan yuridik nizolarni tomonlar murojaati asosida ko’rib chiqadi. Shuningdek, BMT va boshqa tashkilotlar so’roviga binoan yuridik masalalar yuzasidan maslahat beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG