Breaking News

Turkiyadagi uyg'urlar Sharqiy Turkistondagi yaqinlaridan xavotirda


Xitoyning Anqaradagi elchixonasi oldida namoyish qilayotgan uyg'urlar, 9-fevral, 2021
Xitoyning Anqaradagi elchixonasi oldida namoyish qilayotgan uyg'urlar, 9-fevral, 2021

Turkiyada yashaydigan uyg‘urlar Xitoyning Anqara va Istanbuldagi diplomatik missiyalari oldida aksiya o‘tkazib, Sharqiy Turkistondagi yaqinlarining taqdiridan xavotir bildiryapti. “Yaqinlarimiz, oilalarimiz qayerda? Ularga nima bo‘ldi?” deya so‘ramoqda ular.

“To‘rt yildan beri oilamdan xabar ololmayapman. Ota-onam konslagerda ekanligidan bilvosita xabar topdim. Akam masjid imomi bo‘lgani sababli 20 yilga ozodlikdan mahrum etilibdi, - deydi Abdurahmon Satuk. - Bizga qarindoshlarimizning taqdiri haqida ma’lumot berishga va’da qilishgandi. Hujjatlarimizni turkcha va xitoycha tayyorlab olib keldik, lekin arizalarimizni olishmadi”.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan boshqa uyg‘urlar ham Xitoy diplomatik missiyalari arizalarni qabul qilmaganini aytdi.

“Kamiga xitoylik diplomatlar bizni yolg‘onchiga chiqardi, - deydi ular. - Biz yolg‘on gapirayotgan bo‘lsak, yaqinlarimiz qayerdaligini ma’lum qilishsin”.

Xitoyning Anqaradagi elchixonasi tarqatgan bayonotda namoyishchilar chindan ham yolg‘onchilikda ayblangan.

“Bu kishilarning maqsadi o‘zlari o‘ylab topgan yolg‘onlar bilan Xitoy hukumatining Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanidagi siyosatiga hujum qilish, Xitoyning obro‘sini qoralash va Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani masalasini suiiste’mol qilgan holda turk xalqini chalg‘itish. Shu tariqa Xitoy-Turkiya munosabatlarini buzishdir”, - deyiladi bayonotda.

Ana shu bayonot berilgan kunning ertasiga, 9-fevral kuni Anqaradagi namoyishchilar to‘sqinlikka duch kelgan.

“Biz 3-fevral kuni Xitoyning Anqaradagi elchixonasi oldida “Oilam qayerda?” degan shior bilan aksiya boshlagan edik. Lekin 9-fevralga kelib bizga politsiyachilar qarshilik ko‘rsatdi, tinch namoyish o‘tkazishimizga ruxsat berilmadi. Go‘yoki uy qamog‘iga tushib qoldik, biz yashaydigan uyni 40 ga yaqin politsiyachi o‘rab oldi. Juma kuni juma namoziga borishimizga ruxsat tegdi, politsiyachilar soni ham kamayib qoldi. Bilasiz, shanba va yakshanba kunlari Turkiyada komendantlik soati bor, shuning uchun uydamiz”, - deydi Mirzoahmad Ilyos o‘g‘li.

Xitoyning siyosiy madaniyatida shunday tamoyil bor: “Bizga o‘xshamagan – biz kabi fikrlamaydi”. Ya’ni bizga o‘xshmaganlar bizga dushman degan ma’noni bildiradi bu. Shuning uchun Xitoy hukumati assimilyatsiyani kuchaytirishga harakat qilyapti.

U Turkiyada 2007-yildan beri yashaydi, shu yerda magistraturada tahsil olgan, keyinchalik turk fuqaroligiga qabul qilingan. Uyg‘ur faoliga ko‘ra, Xitoy elchoxonasi oldidagi aksiyaning taqiqlanishiga hech qanday sabab ko‘rsatilmagan.

“Buni biz ham tushunmay qoldik, - deydi u. - Istanbulda ham to‘sqinlik bor, Xitoy konsulligiga yaqinlashtirishmayapti, aksiya sal nariroqda o‘tkazilyapti”.

Turkiyadagi uyg‘ular turk hukumatining ularni qo‘llab-quvvatlashini, xususan, Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Turkiston masalasida qat’iy bayonotlar berishini istayapti.

“Turkiya ham BMTda, ham boshqa xalqro tashkilotlarda Xitoydagi lagerlarni yopish tashabbusi bilan chiqsin. Uyg‘urlarning Turkiya fuqaroligiga qabul qilinishi yanada osonlashtirilsin”, - deydi Nuriddin Izbosar.

U turk hukumatining Sharqiy Turkistondagi vaziyat bo‘yicha qat’iy bayonotlar bilan chiqmayotganini iqtisodiy sabablar bilan bog‘laydi.

“Iqtisodiy qiyinchilikar bor, ustiga-ustak koronavirus vaksinasi masalasi ham chiqdi. Qolaversa, oxirgi paytlarda Turkiya G‘arbdan asta-sekin yuz o‘girib, Sharq tomon yuzlanyapti. Biroq Turkiya tashqi siyosatini belgilaydiganlar orasida xitoyparastlar bor deb o‘ylayman”, - deya izohlaydi u.

Dilek Yilmaz
Dilek Yilmaz

Erzurumlik faol Dilek Yilmaz uyg‘urlar va Sharqiy Turkiston masalasida mahalliy matbuotda tez-tez chiqishlar qilib turadi. Uning aytishicha, balki hukumat minbarlarida uyg‘ular masalasi tilga olinmayotgandir, lekin turk jamoatchiligi bu haqida yaxshi xabardor.

“Albatta, ikki davlat o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy aloqalar mavjud, hech kim bu aloqalarning buzilishini istamaydi. Yirik iqtisodiy kelishuvlar bor, Ipak yo‘li loyihasi kun tartibida turibdi. Aslida bu loyihadan Sharqiy Turkiston masalasida foydalanishimiz mumkin: u yerda qanchalik mo‘tadil siyosat qo‘llasangiz, iqtisodiy aloqalarimiz shunchalik rivojlanadi desak bo‘ladi. To‘g‘ri, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda muvozanatli siyosat olib boriladi, lekin bu o‘rinda juda katta zulm haqida so‘z ketyapti. Insoniylik birinchi o‘rinda turishi zarur”.

Dilek Yilmaz turk hukumati zimdan bo‘lsa-da, uyg‘urlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotganini, vaqti kelib Sharqiy Turkiston masalasida qat’iyatini ko‘rsatishiga ishonadi.

“Buning uchun davlatimiz yanada kuchli bo‘lishi lozim, - deydi u. - Afsuski, ayni paytda Xitoyga qarshi sanksiya qo‘llaydigan darajada qudratga ega emasmiz”.

Mirzoahmad Ilyos o‘g‘lining bildirishicha, Sharqiy Turkistonda ukasi va pochchasi lagerga olib ketilgan, ularga nima bo‘lganini bilolmayapti.

“Ukam tadbirkorlik bilan shug‘ullanardi, o‘ziga to‘q edi, xitoychani o‘z ona tiliday bilardi, uning kasbiy ta’lim olishiga hojat yo‘q. Pochcham me’mor edi, uning ham kasbiy ta’limga ehtiyoji yo’q. Ulardan tashqari, to‘rt nafar ziyoli do‘stim ham lagerga olib ketilgan. Kasbiy ta’lim ikki yil davom etishi kerak, lekin ular to‘rt yildan beri yo‘q, - deya hikoya qiladi u. - Xitoyning siyosiy madaniyatida shunday tamoyil bor: “Bizga o‘xshamagan – biz kabi fikrlamaydi”. Ya’ni bizga o‘xshmaganlar bizga dushman degan ma’noni bildiradi bu. Shuning uchun Xitoy hukumati assimilyatsiyani kuchaytirishga harakat qilyapti, holbuki, Sharqiy Turkiston aholisi – uyg‘urlar, qozoqlar va boshqa turkiy xalqlar Xitoy madaniyatidan deyarli ta’sirlanmay kelayotgan edi. Konslagerlar 2014-yilda qurila boshlagan, 2017-yilda esa assimilyatsiya va genotsid siyosati tizimli tus oldi”.

Uyg‘ur faoli deydiki, aslida Turkiya hukumati uyg‘urlar uchun ko‘p narsa qila oladi.

“Lekin ayni paytda Anqaradagi aksiyamizga qarshilik qilinmasin, bizga shu yetadi”, - deydi Ilyos o’g’li.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG